O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAKILLARINI O‘QITISHNI TASHKIL ETISH UCHUN YAPONIYA HUKUMATINING BEG‘ARAZ YORDAMIDAN SAMARALI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi vakillarini Yaponiyada o‘qitishni tashkil etish uchun berilayotgan Yaponiya Hukumatining 348 mln Yaponiya yeni miqdoridagi beg‘araz yordamidan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiya Hukumatining O‘zbekiston Respublikasi vakillarini Yaponiyaning yetakchi universitetlari magistraturasida o‘qitishni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S.Azimov Ayirboshlash notasi sifatidagi bitimni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
3. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga Yaponiya tomoni bilan kelishgan holda loyihani amalga oshirish uchun beg‘araz yordam mablag‘larini olish va ularga xizmat ko‘rsatishga doir barcha tartibotlarni rasmiylashtirish, shu jumladan stipendiatlarni tanlash va Yaponiyaga yuborish;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga yuqorida ko‘rsatilgan beg‘araz yordamga hisob-kitob yuzasidan xizmat ko‘rsatish yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi Ayirboshlash notalarida belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qabul qilingan majburiyatlari bajarilishini ta’minlasinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yig‘imlari undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi yaponiyalik mutaxassislarni davlat boji undirmasdan yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazsin va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazishni uzaytirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S.Azimov va H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 24-iyul,
264-son