Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Eksport faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida
Respublika eksport salohiyatini oshirish, eksportchi korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, tashqi savdo muvozanatini taʼminlash va valyuta tushumlarini koʻpaytirish maqsadida:
1. Eksport bilan bogʻliq savdo va eksportoldi operatsiyalarini moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi talabnomasiga asosan Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga 5 yil muddatga 1 foiz stavkasida 100 million AQSH dollari miqdorida mablagʻlarni ajratsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mazkur bandga asosan ajratilgan mablagʻlarni 2026-yil 1-yanvardan boshlab 2026-yil 1-iyulga qadar qaytarish sharti bilan “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatiga qayta rasmiylashtirsin.
(1-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-martdagi PQ-126-son qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2024-y., 07/24/126/0214-son)
2. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (S. Umurzakov):
Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan ajratilayotgan moliyaviy resurslarning oʻz vaqtida va toʻliq qaytarilishini;
2021-yil yakuniga qadar xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va moliya kompaniyalaridan Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va mahalliy tijorat banklariga eksportoldi moliyalashtirish uchun 200 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar jalb etilishini taʼminlasin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 13-iyul,
PQ-5184-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2021-y., 07/21/5184/0669-son; 15.03.2024-y., 07/24/126/0214-son)