Ruhiy holati buzilgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, qonunlarida nazarda tutilgan fuqarolarning barcha huquqlari va erkinliklariga egadir.
Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan ma’lumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy rozilikni ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan ma’lumotlar shunday rozilikni beradigan shaxsga ma’lum qilinganidan keyin ota-onasidan biri yoki boshqa qonuniy vakili beradi, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsga nisbatan esa uning qonuniy vakili rozilik beradi.
Ushbu moddaning beshinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan ruhiy holat buzilishlarini davolash uchun asl holiga qaytarib bo‘lmaydigan oqibatlarni keltirib chiqaradigan jarrohlik usullarini hamda boshqa usullarni qo‘llashga, shuningdek ularda profilaktika, tashxis qo‘yish, davolash va tibbiy reabilitatsiya qilish usullari, tibbiyot uchun mo‘ljallangan dori vositalari va buyumlari, maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari sinovlarini o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar tekshirilayotgan shaxs ushbu Qonun 28-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha dispanser kuzatuvida turgan bo‘lsa, uni psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazish uning ma’lumotlarni bilgan holdagi ixtiyoriy roziligisiz yoki qonuniy vakilining ma’lumotlarni bilgan holdagi ixtiyoriy roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu Qonun 24-moddasining yettinchi qismi ikkinchi xatboshisida va
sakkizinchi qismida nazarda tutilgan hollarda shaxsni psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror shifokor-psixiatr tomonidan ushbu shaxsning roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz mustaqil ravishda, ushbu Qonunning
26-moddasida nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
Ushbu Qonun 24-moddasi yettinchi qismining uchinchi va
to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda shaxsni o‘zining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan chiqariladi.
Ushbu Qonun 24-moddasi yettinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda ariza og‘zaki shaklda ham berilishi mumkin. Shaxsni psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror shifokor-psixiatr tomonidan darhol qabul qilinadi va tibbiy hujjatlarga yozib qo‘yish orqali rasmiylashtiriladi.
Ruhiy holati buzilgan shaxsning ruhiy holati o‘zgargan taqdirda, u ushbu Qonunning 24 va
25-moddalarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha hamda tartibda o‘zining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin. Bunday hollarda dispanser kuzatuvi shifokor-psixiatrlar komissiyasining qaroriga binoan qaytadan o‘rnatilishi mumkin.
O‘z qonuniy vakillarining iltimosiga binoan yoki roziligi bilan psixiatriya statsionariga yotqizilgan voyaga yetmagan shaxs va sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs ushbu Qonun 34-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda shifokor-psixiatrlar komissiyasi tomonidan majburiy tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim. Dastlabki olti oy ichida bu shaxslar statsionarda yotishni uzaytirish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun shifokor-psixiatrlar komissiyasi tomonidan har oyda kamida bir marta tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim.
Ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha psixiatriya statsionariga yotqizilgan ruhiy holati buzilgan shaxs shifokor-psixiatrlar komissiyasi tomonidan qirq sakkiz soatdan oshmagan muddatda majburiy tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim, komissiya statsionarga yotqizilganlikning asoslanganligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Statsionarga yotqizish asossiz deb topilgan va statsionarga yotqizilgan shaxs psixiatriya statsionarida qolish istagini bildirmagan hollarda, u darhol statsionardan chiqarilishi lozim.
Psixiatriya statsionariga ixtiyoriy ravishda yotqizilgan ruhiy holati buzilgan shaxsni chiqarish, agar g‘ayriixtiyoriy tartibda yotqizish uchun ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan asoslar shifokor-psixiatrlar komissiyasi tomonidan aniqlanadigan bo‘lsa, rad etilishi mumkin. Bunday holda psixiatriya statsionarida bo‘lish, yotishni uzaytirish va statsionardan chiqarish masalalari ushbu Qonunning
34 — 36-moddalarida, shuningdek ushbu moddaning
uchinchi qismida belgilangan tartibda hal etiladi.