O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT HOKIMIYATI VA BOShQARUVI ORGANLARI APPARATI XARAJATLARI UChUN BUDJET MABLAG‘LARINI QISQARTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlari sonini tartibga keltirish va faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1996-yil 1-yanvardan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini saqlash xarajatlari 15 foizga qisqartirilsin.
2. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish hamda xodimlar sonini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini saqlash xarajatlarini qisqartirishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1996-yil 1-yanvardan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini mablag‘ bilan ta’minlashni mazkur qaror bilan belgilangan xarajatlarni qisqartirishni hisobga olgan holda amalga oshirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 17-noyabr,
438-son