O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 21-noyabrdagi “Ekinlarni payhon qilishga qarshi kurashishni kuchaytirish to‘g‘risida” Farmoni qanday bajarilayotgani haqida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ko‘rilayotgan choralarga qaramay, ayrim xo‘jalik rahbarlarining beparvoligi, mas’uliyatsizligi oqibatida g‘alla hamda boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari nobud bo‘lishi va payhon qilinishi xollari davom etmoqda. Bu ishda aybdor bo‘lgan shaxslarni aniqlash va yetkazilgan zararni to‘la undirib olish yuzasidan qat’iy amaliy choralar ko‘rilmayapti. Qishloq xo‘jalik ekinzorlarida mol va parranda boqish, avtotransport vositalari, shuningdek, mollarining ekinzorlar orqali o‘tishi hollariga qarshi kurash bo‘shashib ketgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar hokimlari, o‘z-o‘zini boshqarish organlari va xo‘jalik rahbarlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmonini bajarishga doir ishlari qoniqarsiz deb topilsin.
Ulardan ekinlar saqlanishini ta’minlash yuzasidan shoshilinch choralar ko‘rish talab qilinsin. Ekinlar nobud qilinishiga yo‘l qo‘ygan xo‘jalik rahbarlariga nisbatan ularni lavozimidan bo‘shatish hamda ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortishgacha qattiq choralar ko‘rilsin.
2. Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov) ekinlar payhon qilinishining oldini olish yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rsin. Amaldagi qonunni buzishga doir har bir fakt yuzasidan aybdorlar qattiq javobgarlikka tortilsin. Ekinlar ko‘proq payhon qilingan joylarda kuzatish postlarining ishi majburiy tartibda qaytadan tiklansin va profilaktika ishlarining samaradorligi oshirilsin.
3. Prokuratura (B. Mustafoyev), Ichki ishlar vazirligi (3 Almatov) hamma joyda “Ekinlarni payhon qilishga qarshi kurashni kuchaytirish to‘g‘risida”gi Farmonning bajarilishini tekshirishni tashkil etsin. Qilingan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga muntazam axborot berib turilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 6-noyabr,
423-son