Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Budjetnomani, shu jumladan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozini, Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarining loyihalarini koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 8-moddasiga, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 97-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016-yil 28-oktabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi 618-III-sonli Qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari qabul qilinsin, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
iqtisodiyotning barqaror oʻsishini ragʻbatlantirishga, aholi farovonligini oshirishga va inflyatsiya darajasini maqsadli prognoz koʻrsatkichlari doirasida saqlashga qaratilgan samarali chora-tadbirlarni koʻrsin;
xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, maʼmuriy toʻsiq va cheklovlarni bartaraf etish, tadbirkorlik faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish orqali xususiy mulkning roli va oʻrnini yuksaltirishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ishonchli himoya qilinishini taʼminlash hamda yalpi ichki mahsulotdagi ulushini yanada koʻpaytirishga doir islohotlarni davom ettirsin;
yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, respublika mintaqalarini raqobatbardosh va eksportga yoʻnaltirilgan zamonaviy tayyor sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga yanada faol jalb qilish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport, ijtimoiy infratuzilma va logistika xizmatlarini jadal rivojlantirishni taʼminlash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ulushini oshirishga doir dasturlarni qoʻllab-quvvatlashni taʼminlasin;
iqtisodiyotga va aholi daromadlariga tushadigan soliq yukini yanada kamaytirishga, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatida uning ragʻbatlantiruvchi rolini oshirishga qaratilgan soliq siyosatini izchil amalga oshirishga doir chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlasin;
aholi turmushining sifatini yaxshilashga qaratilgan axborot-kommunikatsiya tizimlarini, uy-joy-kommunal xoʻjaliklarini rivojlantirishni tezlashtirish hamda koʻlamlarini kengaytirishga, shuningdek sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanishga doir dasturlarning roʻyobga chiqarilishini faollashtirsin;
ishlab chiqarishning mahalliylashtirilishini yanada chuqurlashtirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, ichki talabni shakllantirish va bozorni zarur isteʼmol tovarlari hamda butlovchi buyumlar bilan toʻldirish, aholini ish bilan taʼminlash muammolarini hal qilish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrsin;
ijtimoiy sohaga sarflanadigan davlat xarajatlaridan, shu jumladan taʼlimni rivojlantirishga, tibbiyot xizmatlari sifatini yaxshilashga, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga sarflanadigan xarajatlardan yanada samarali foydalanish orqali aholi farovonligini oshirish chora-tadbirlarini koʻrsin, shu bilan bir vaqtda muhtoj oilalarni aniq maqsadda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirsin;
qishloq aholisining uy-joy-maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida yangilangan namunaviy loyihalar asosida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurilishi koʻlamini kengaytirish, ayni vaqtda qurilish-montaj ishlarining, shuningdek barpo etilayotgan ijtimoiy va transport-kommunikatsiya infratuzilmasining sifatini oshirish boʻyicha choralar koʻrsin;
2017-yilning 1-yanvar holatiga koʻra aylanma kassa mablagʻining zarur miqdoridan ortiq boʻlgan respublika budjetining boʻsh qoldiqlari va boshqa qadrsizlanmaydigan manbalar hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining taqchilligini moliyalashtirsin.
4. Mahalliy davlat hokimiyati organlari Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yilgi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari va xarajatlarining tasdiqlangan tegishli koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlasin, mintaqalarning iqtisodiy salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin, budjet mablagʻlaridan manzilli, maqsadli va samarali foydalanilayotganligi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
2016-yil 13-dekabr,
SQ-122-III-son