Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Jinoyat sabablari va ular sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash boʻyicha sudlar rolini oshirish toʻgʻrisida
Sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan va sudlar tomonidan jinoyatlarning oldini olish choralariga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarining toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 296-moddasiga muvofiq, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat ishi boʻyicha ish yuritishda jinoyat sabablarini va ular sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashlari shart boʻlib, bu jinoyatchilik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan faoliyat samaradorligini jiddiy tarzda oshirish vositasi hisoblanadi.
2. Jinoyat ishini sudda koʻrish uchun tayinlash masalasini hal qilish chogʻida, sudlar surishtiruv yoki dastlabki tergov organi tomonidan protsessual qonun talablari, shu jumladan, jinoyat sabablari va ular sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashga doir talablari bajarilgan-bajarilmaganligini sinchkovlik bilan tekshirishlari zarur. Qonunning bu talabi bajarilmagan boʻlsa, sud bunday holatlar aniqlanishini taʼminlovchi choralar koʻrishi shart.
3. Qonunga koʻra, sud jinoyat sodir etilishiga imkon bergan holatlarga taalluqli faktik maʼlumotlarni har tomonlama, toʻliq va xolisona tekshirib chiqishga majbur. Shu maqsadda, zarurat boʻlganda, sud majlisiga qoʻshimcha guvohlarni chaqirish, boshqa dalillarni talab qilib olish lozim. Ishlab chiqarish texnologiyasi buzilganligi, mexanizmlar texnik holati va h.k. bilan bogʻliq holatlarni aniqlash uchun sud mutaxassislar yordamidan foydalanishga, zarurat tugʻilganda, ekspertiza oʻtkazishga haqli. Agar sud muhokamasi davomida qonun buzilganligi yoki mansabdor shaxslar tomonidan xizmat vazifalari vijdonan bajarilmaganligi, shuningdek fuqarolarning ishlab chiqarishda yoki turmushda nooʻrin xulqi-atvori, ular tomonidan ijtimoiy burch buzilganligi bilan bogʻliq holatlar aniqlansa, sud mazkur shaxslarni sud majlisida guvoh tariqasida soʻroq qilishga haqli.
4. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan faoliyat samaradorligi sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligi prinsipiga izchil rioya qilinishiga bogʻliq.
Shuni inobatga olgan holda, jinoyat ishini sud muhokamasiga tayyorlash bosqichida va sud muhokamasi davomida, sudlar jinoyatning barcha ishtirokchilarini aniqlash va ularni javobgarlikka tortish uchun qonunda nazarda tutilgan barcha choralarni koʻrishlari, koʻrilayotgan ish materiallari bilan sodir etilgan jinoyatga aloqasi tasdiqlangan shaxslarga nisbatan asossiz ravishda jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etish yoki tugatish faktlariga nisbatan doim munosabat bildirishlari lozim.
5. Sudlar jinoyatlar profilaktikasiga oid faoliyatida sud protsessida jamoatchilik ishtiroki samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar koʻrishlari zarur.
Tushuntirilsinki, sud muhokamasida jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi ishtirok etishiga ruxsat berish toʻgʻrisidagi masala jamoat tashkiloti yoki mehnat jamoasi iltimosnomasiga koʻra, sudyaning ajrimi bilan hal qilinadi. Bunda jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi vakolatli organ tomonidan yuborilganligi, uning vakolatlari tegishli tartibda tasdiqlanganligi, muayyan shaxsning sud muhokamasida ishtirok etishiga toʻsqinlik qiluvchi holatlar (koʻrib chiqilayotgan ishda jabrlanuvchi, guvoh, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar sifatida ishtirok etishi, ish natijasidan shaxsan manfaatdorligi va h.k.) bor-yoʻqligi tekshirilishi kerak.
Shuni nazarda tutish lozimki, jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi jamoat tashkiloti umumiy yigʻilishi yoki uning saylanadigan organi tomonidan, korxona, muassasa, tashkilot mehnat jamoasining yoki uning tashkiliy boʻlinmasi (birlashmaning ishlab chiqarish birligi, sex va h.k.) umumiy yigʻilishi tomonidan koʻrsatilishi mumkin. Jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisini korxona yoki muassasa maʼmuriyati iltimosnomasiga koʻra, ishda ishtirok etishiga ruxsat berish qonunga asoslanmagan.
Bir jamoat tashkiloti yoki mehnat jamoasidan aynan bir sudlanuvchiga nisbatan jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ishni sudda koʻrish uchun tayinlangandan soʻng ishda ishtirok etishga ruxsat etilgan jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisiga, uning iltimosiga koʻra, ish materiallari bilan tanishish va zarur maʼlumotlarni yozib olish imkoniyati berilishi, sud majlisining tayyorlov qismida esa, protsessual huquqlari tushuntirilishi lozim.
6. Sudlarning eʼtibori hukm, ajrim va qarorlar matni puxta tuzilishi zarurligiga qaratilsin, chunki ishonarli boʻlmagan, asoslantirilmagan, shoshma-shosharlik bilan tuzilgan sud hujjatlari sudning obroʻsini, u qabul qilayotgan qarorlarning tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini pasaytiradi.
Sud majlisida raislik qiluvchi sud muhokamasi olib borilishi, shu jumladan, jinoyatni sodir etishga imkon bergan holatlar bayonnomada toʻliq va xolisona aks ettirilishi uchun shaxsan javobgardir.
7. Sudlar jinoyat sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrishga doir qonun talabini bajarishda ish boʻyicha aniqlangan va jinoyat sodir etilishiga olib kelgan muayyan holatlarni xususiy ajrimda koʻrsatishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy ajrimda aniqlangan kamchilik va xatoliklar mohiyati bayon etiladi, shuningdek ular bilan sodir etilgan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik oʻrtasidagi sababiy bogʻlanish koʻrsatiladi va ularni bartaraf etish uchun zarur choralar koʻrish tavsiya etiladi.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy ajrimni sud majlisida eʼlon qilish maqsadga muvofiqligi masalasi sud tomonidan hal qilinadi, biroq, barcha hollarda ish boʻyicha xususiy ajrim chiqarilgani eʼlon qilinadi va bu haqda yozuv sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi.
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Xususiy ajrim uning ustidan shikoyat qilish muddati oʻtganidan soʻng qonuniy kuchga kiradi.
Apellyatsiya (xususiy) shikoyati yoki protesti berilgan holda, xususiy ajrim ish yuqori turuvchi sud tomonidan koʻrilgandan soʻng, basharti u bekor qilinmasa, qonuniy kuchga kiradi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Sudlar xususiy ajrimlar oʻz vaqtida ijro etilishi, jinoyat yoki boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar amalda bartaraf etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishlari lozim.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
10. Sudlar fuqarolarning huquqbuzarliklar oldini olish yoki ularni toʻxtatishga, jinoyatchilarni ushlashga qaratilgan harakatlarini ragʻbatlantirish maqsadida, ularning ish, oʻqish yoki yashash joyiga xabarnomalar yuborish, shuningdek ommaviy axborot vositalaridan foydalanish amaliyotini joriy etishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudiga jinoyat ishlarini koʻrib chiqishda ish boʻyicha jinoyat sabablari va ular sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan qabul qilinayotgan choralar samaradorligini toʻlaroq tekshirish, shu jumladan, quyidagilar tavsiya etiladi:
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
sud muhokamalarida, tegishli tashkilot va jamoalar kuzatuviga topshirilgan sudlanganlar tuzatilishi va qayta tarbiyalanishida jamoatchilik ishtirokini nazarda tutuvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyotini muntazam umumlashtirib borish, mazkur materiallardan jinoyatlarni oldini olishga oid tadbirlarda oʻz vaqtida va toʻlaqonli foydalanish;
ushbu masalada sudlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan xatolarni muntazam tahlil qilib borish va ularni bartaraf etish hamda ularga yoʻl qoʻymaslik maqsadida sudyalarga aniq yordam koʻrsatish;
sud protsessining tarbiyaviy-profilaktik taʼsiri, ish faqat moddiy va protsessual qonun normalariga qatʼiy rioya qilgan holda hal etilgandagina samara berishi mumkinligini hisobga olib, sansalorlik, dastlabki va sud tergovi toʻliq emasligi va bir tomonlama olib borilganligi faktlariga qatʼiyroq munosabat bildirish;
agar surishtiruv, tergov organi, prokuror yoki sudning oʻzi tomonidan aniqlangan jinoyat sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan choralar koʻrilmagan boʻlsa, ushbu boʻshliq toʻldirilib, unga xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan munosabat bildirish.
12. Sudlar oʻta ogʻir jinoyatlar, shu jumladan, terrorizm, qasddan odam oʻldirish, korrupsiyaga oid, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga tajovuz qilish bilan bogʻliq, shu jumladan, voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyatlar sodir etilishiga imkon bergan holatlarga, shuningdek surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshirishda yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlariga alohida eʼtibor berishlari kerak.
Sudlar jinoyat ishlarini koʻrishda aniqlangan har bir sansalorlik, xoʻjasizlik faktiga, shuningdek korxona, muassasa, tashkilot va ayrim mansabdor shaxs faoliyatida yoʻl qoʻyilgani boshqa huquqbuzarlikka nisbatan munosabat bildirishlari lozim.
13. Sudlar qonuniy kuchga kirgan hukmni, basharti sudning fikriga koʻra, bunday muhokama tarbiyaviy-profilaktik ahamiyatga ega boʻlsa, sudlangan shaxsning ish, oʻqish yoki yashash joyiga yuborishi lozim.
Axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo belgilangan shaxsga nisbatan hukm nusxasini uning ish joyiga yuborar ekan, sud mehnat jamoasi eʼtiborini sudlanganning xulqi ustidan nazorat qilish va u bilan tarbiyaviy ishlar olib borish majburiyatiga qaratishi lozim.
Zarur hollarda hukm maʼlumot uchun matbuot, radio, televideniye yoki uning tarbiyaviy taʼsiri keng boʻlishini taʼminlovchi boshqa usullarda jamoatchilik eʼtiboriga yetkazilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Xususiy ajrimlar sifati va samaradorligini oshirish maqsadida yuqori turuvchi sudlar bunday ajrimlar chiqarilishi amaliyotini hamda amalda bajarilishi natijalarini muntazam ravishda oʻrganishlari va umumlashtirib borishlari lozim.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar sabablarini va ular sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash toʻgʻrisidagi qonun talablari bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirishlari, xususiy ajrimlar sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar koʻrishlari lozim.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2020-yil 19-dekabr,
34-son