Mazkur Qonunning 5-moddasiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Qonunchilik palatasida o‘zi kiritgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilayotganda ishtirok etish uchun, shu jumladan qonun loyihasini Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida, qoida tariqasida, ma’ruza bilan so‘zga chiqish uchun o‘z vakilini tayinlaydi.
Shuningdek, Qonun 26-moddasining to‘rtinchi qismiga ko‘ra, qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish to‘g‘risidagi qarorda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining vakili ko‘rsatiladi, u qonun loyihasini Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish chog‘ida ishtirok etadi. Qarorda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida ma’ruza bilan so‘zga chiqadigan vakili ham ko‘rsatiladi (bundan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti shaxsan so‘zga chiqadigan hollar mustasno).
Shularga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2020-yil 9-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish haqida”gi qarorining 2-bandiga tegishli o‘zgartish kiritib, unda qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish chog‘ida ishtirok etish uchun Konstitutsiyaviy sudning vakilini hamda uni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida ma’ruza bilan so‘zga chiqadigan vakilni belgilash lozim.