[
OKOZ:
1.
13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.04.04 Davlat oliy ta’lim muassasalari / 13.01.61.00 Ta’lim muassasalari]
[
TSZ:
1.
Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy ta’lim muassasalarini nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid
Davlat dasturida
belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy ta’lim muassasalarini nufuzli xorijiy oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
oliy ta’lim jarayonini raqamli formatga o‘tkazish, raqamli ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish asosida bilimlar transferini ta’minlash, har bir ta’lim oluvchining shaxsiy xususiyatlarini inobatga olgan holda bilim, kompetensiya, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish uchun axborot tizimlarini joriy etish;
loyihaviy o‘qitish usullarini kengaytirish, jahon miqyosidagi yetakchi tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikka asoslangan innovatsion ta’lim muhitini shakllantirish hamda innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish va ishlanmalarni amaliyotga joriy etish;
talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini yaratish;
oliy ta’lim muassasasini hududdagi mahalliy jamoalarning ta’lim, ilm-fan va ijtimoiy-madaniy sohalarda rivojlanishini ta’minlaydigan markaz sifatida shakllantirish;
hududning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari va vazifalarini hal qilish borasida mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari hamda jamoat tashkilotlari bilan strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi respublika oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish uchun:
2021-yil 1-martga qadar 5 ta oliy ta’lim muassasasini saralab olish maqsadida ochiq tanlov o‘tkazsin;
xorij tajribasini o‘rganish asosida ochiq tanlov shartlari va uni o‘tkazish tartibini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda keng ommaga e’lon qilinishini tashkil etsin;
2021-yil 1-mayga qadar tanlangan oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) transformatsiya qilinadigan oliy ta’lim muassasalari bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi;
b) 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida transformatsiya qilinadigan oliy ta’lim muassasalarida:
bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari ularning o‘zlari tomonidan belgilanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi bilan kelishilgan holda ilg‘or xalqaro amaliyotlardan kelib chiqib bakalavriatga kirish imtihonlari adolatli va shaffof tarzda mustaqil o‘tkaziladi;
hamkor sifatida biriktirilgan nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan kelishuv asosida ta’lim jarayoniga ularning professor-o‘qituvchilari jalb qilinadi va chet tillarida o‘qitiladigan fanlar bosqichma-bosqich kiritib boriladi.
Bunda, oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish dasturi doirasida hamkorlik qilinishi rejalashtirilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari, jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar nomzodlari va joriy etiladigan o‘quv-me’yoriy hujjatlar belgilangan tartibda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan kelishiladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab transformatsiya qilish uchun tanlab olingan oliy ta’lim muassasalariga keng akademik mustaqillik berish choralarini ko‘rsin.
5. Quyidagilar oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilishni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlarining grantlari;
Oldingi
tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(5-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli
qarori
tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oliy ta’lim muassasalarini transformatsiya qilish doirasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlarining tegishli grantlarini jalb qilish choralarini ko‘rsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-oktabr,
655-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.10.2020-y., 09/20/655/1412-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)