Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy taʼlim muassasalarini nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy taʼlim muassasalarini nufuzli xorijiy oliy taʼlim dargohlari bilan hamkorlikda transformatsiya qilishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
oliy taʼlim jarayonini raqamli formatga oʻtkazish, raqamli taʼlim texnologiyalarini keng joriy etish asosida bilimlar transferini taʼminlash, har bir taʼlim oluvchining shaxsiy xususiyatlarini inobatga olgan holda bilim, kompetensiya, koʻnikma va malakalarni shakllantirish uchun axborot tizimlarini joriy etish;
loyihaviy oʻqitish usullarini kengaytirish, jahon miqyosidagi yetakchi tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikka asoslangan innovatsion taʼlim muhitini shakllantirish hamda innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish va ishlanmalarni amaliyotga joriy etish;
talabalarda tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish, biznes loyihalarni qoʻllab-quvvatlash dasturlarini yaratish;
oliy taʼlim muassasasini hududdagi mahalliy jamoalarning taʼlim, ilm-fan va ijtimoiy-madaniy sohalarda rivojlanishini taʼminlaydigan markaz sifatida shakllantirish;
hududning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari va vazifalarini hal qilish borasida mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari hamda jamoat tashkilotlari bilan strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi respublika oliy taʼlim muassasalarini transformatsiya qilish uchun:
2021-yil 1-martga qadar 5 ta oliy taʼlim muassasasini saralab olish maqsadida ochiq tanlov oʻtkazsin;
xorij tajribasini oʻrganish asosida ochiq tanlov shartlari va uni oʻtkazish tartibini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda keng ommaga eʼlon qilinishini tashkil etsin;
2021-yil 1-mayga qadar tanlangan oliy taʼlim muassasalarini transformatsiya qilish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
a) transformatsiya qilinadigan oliy taʼlim muassasalari bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkaziladi;
b) 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida transformatsiya qilinadigan oliy taʼlim muassasalarida:
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari ularning oʻzlari tomonidan belgilanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi bilan kelishilgan holda ilgʻor xalqaro amaliyotlardan kelib chiqib bakalavriatga kirish imtihonlari adolatli va shaffof tarzda mustaqil oʻtkaziladi;
hamkor sifatida biriktirilgan nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan kelishuv asosida taʼlim jarayoniga ularning professor-oʻqituvchilari jalb qilinadi va chet tillarida oʻqitiladigan fanlar bosqichma-bosqich kiritib boriladi.
Bunda, oliy taʼlim muassasalarini transformatsiya qilish dasturi doirasida hamkorlik qilinishi rejalashtirilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari, jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar nomzodlari va joriy etiladigan oʻquv-meʼyoriy hujjatlar belgilangan tartibda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan kelishiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab transformatsiya qilish uchun tanlab olingan oliy taʼlim muassasalariga keng akademik mustaqillik berish choralarini koʻrsin.
5. Quyidagilar oliy taʼlim muassasalarini transformatsiya qilishni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlarining grantlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi oliy taʼlim muassasalarini transformatsiya qilish doirasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlarining tegishli grantlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-oktabr,
655-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2020-y., 09/20/655/1412-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)