Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mustaqillik kuni va Navroʻz umumhalq bayramlarini tashkil etish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-iyuldagi 357-sonli “Mustaqillik kuni va navroʻz umumxalq bayramlariga tayyorgarlikni tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Halqimizning Mustaqillik kuni va Navroʻz bayramlarini har yili ommaviy tarzda nishonlash anʼanasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Umumhalq bayramlari — Mustaqillik kuni va Navroʻzni har yili nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha doimiy ishlovchi respublika tashkiliy qoʻmitasi ilovaga muvofiq tuzilsin.
2. Tashkiliy qoʻmitaga:
Qoraqalpogʻiston Respublika, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, tegishli vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari hamda jamgʻarmalarni jalb qilgan holda Mustaqillik kuni va Navroʻz bayramlarining joylarda keng nishonlanishini tashkil etish;
har yili ochiq tanlovlar asosida mamlakatimiz poytahtida oʻtadigan bayram dasturlarini tanlab olish vakolati berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqolpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy budjetlar hamda joylardagi ishlab chiqarish korxonalari, xoʻjaliklar, jamgʻarmalar hisobidan;
Toshkent shahrida respublika budjeti va Toshkent shahri mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
4. Mazkur qarorning bajaralishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 23-fevral,
68-son