Norasmiy tarjima
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Quyuv mexanika zavodi” Davlat korxonasining mavjud ishlab chiqarish maydonlarini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Temir yo‘l tarmog‘i korxonalarini zamonaviy vagonlarning turli xillarini qurish va kapital ta’mirlash hajmini oshirish, g‘ildirak juftliklarini sifatli shakllantirish bo‘yicha vazifalarning to‘liq majmuasini bajarish imkonini beradigan samarali innovatsion texnologik uskunalar bilan bosqichma-bosqich jihozlashni davom ettirish, shuningdek, mahsulotlarning import o‘rnini bosishni va eksport salohiyatining o‘sishini yanada ta’minlash maqsadida:
1. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Quyuv mexanika zavodi” DKning mavjud ishlab chiqarish maydonlarini rekonstruksiya qilish” loyihasini (keyingi o‘rinlarda loyiha deb yuritiladi) “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan 20,0 million AQSH dollari ekvivalentidagi hisoblangan qiymatda, 2017-yilda yakunlash sharti bilan amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Quyuv mexanika zavodi” davlat korxonasining mavjud ishlab chiqarish maydonlarini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish doirasida quyidagilar belgilansin:
buyurtmachi — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ;
bosh loyiha tashkiloti — “Toshtemiryo‘lloyiha” MCHJ;
bosh pudratchi tashkilot — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ;
3. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga, istisno tariqasida, quyidagilarga ruxsat berilsin:
ishlab chiqaruvchi zavodlar yoki ularning rasmiy dillerlari (distribyutorlari) bilan tender savdolari o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida uskunalar va materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va uzellar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
Jamiyatning 2014 va 2015-yillardagi faoliyati yakunlari bo‘yicha davlat ulushiga to‘g‘ri keladigan dividendlar to‘loviga hisoblangan mablag‘lar, tegishli ravishda 5,2 mlrd so‘m va 9,585 mlrd so‘m miqdorida, loyihani amalga oshirishga yo‘naltirilsin.
4. 2018-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda quyidagilardan ozod qilinsin:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar asosida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan loyihani amalga oshirish doirasida olib kiriladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, xom ashyo, materiallar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar va uzellar, jihozlar, shuningdek texnologik hujjatlar uchun bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari);
tuzilgan shartnomalar shartlariga muvofiq yetkazib beriladigan texnologik asbob-uskunalarni o‘rnatish va ularga kafolat xizmatini ko‘rsatish davrida xorijiy kompaniyalar tomonidan olib kiriladigan va “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimiga rasmiylashtiriladigan asbob-uskunalar va asboblar, butlovchi buyumlar, uzellar va jihozlar uchun davriy bojxona to‘lovlari;
qo‘shilgan qiymat solig‘i, tovarlar, ishlar (xizmatlar), shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan ishlar (xizmatlar), shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish budjetdan tashqari jamg‘armasiga majburiy ajratmalar va yig‘imlar;
to‘lov manbaida yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i — loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari;
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tashkilotlari o‘rtasida beg‘araz asosda o‘tkazilayotgan va qabul qilinayotgan mol-mulk bo‘yicha yuridik shaxslarning foyda solig‘i.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning so‘rovnomalari asosida mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmagan holda kirish vizalarini berishni ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning so‘rovnomalari asosida mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmagan holda ko‘p martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish muddatining uzaytirilishini ta’minlasin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari ― “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-mart,
PQ-2837-son