O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Jismoniy va yuridik shaxslar huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish to‘g‘risida
Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsiz bo‘lib, hech kim ulardan sudsiz mahrum etishga yoki ularni cheklashga haqli emas. Jismoniy va yuridik shaxslar huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish muhim davlat himoyasi instituti bo‘lib, u mustaqil sud hokimiyati tomonidan odil sudlovni amalga oshirish orqali ta’minlanadi.
Jismoniy va yuridik shaxslar huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish samaradorligini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Tushuntirilsinki, sud orqali himoya qilish deganda, sudlarning jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini tiklashga qaratilgan, protsessual qonunlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladigan faoliyati tushuniladi.
Sud orqali himoya qilish huquqini birinchi instansiya sudida ish qo‘zg‘atish uchun qonunda nazarda tutilgan shartlarga rioya etgan holda amalga oshirish mumkin. Ushbu shartlarga rioya etmaslik sud tomonidan murojaatlarni qabul qilish va ko‘rishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Jinoyat-protsessual kodekslari, Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga (bundan buyon matnda protsessual qonunlar deb yuritiladi) muvofiq, sudga murojaat qilish:
fuqarolik, ma’muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha — da’vo arizasi, ariza (shikoyat) shaklida;
buyruq tartibida ish yuritish bo‘yicha, alohida tartibda yuritiladigan ishlar, alohida toifadagi ishlar va protsessual qonunlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda — ariza shaklida;
Oldingi tahrirga qarang.
apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudlariga murojaat etilganda — shikoyat shaklida amalga oshiriladi.
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
3. Jismoniy va yuridik shaxslarning protsessual qonunlarga ko‘ra, sudlar vakolatiga kirmaydigan masalalar bo‘yicha sudga murojaatlari “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Mazkur Qonun 25-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, boshqa davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslariga taalluqli murojaatlar sudga kelib tushganda, ular besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga yuboriladi va bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoki elektron shaklda xabar beriladi.
Shu bilan birga sudlarning e’tibori murojaatlar asossiz ravishda boshqa davlat organlariga ko‘rib chiqish uchun yuborishga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratilsin.
4. Sudga murojaatlar shakl va mazmun jihatdan protsessual qonunlar bilan ularga qo‘yilgan talablarga mos bo‘lishi kerak. Murojaatlar sudga elektron hujjat shaklida ham yuborilishi mumkin.
Murojaatda, jumladan, jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi haqidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning nomi va joylashgan joyi haqidagi ma’lumotlar, berilgan murojaat bo‘yicha huquqiy munosabatning mohiyati, murojaat va qo‘yilayotgan talab yoki iltimosnomaning mohiyati, murojaat sanasi ko‘rsatilishi lozim. Murojaatda murojaat etuvchining imzosi (raqamli imzosi) bo‘lishi ham majburiy talab hisoblanadi.
5. Shuni nazarda tutish lozimki, protsess ishtirokchilari huquqlarini sud orqali himoya qilish ularga qonunda berilgan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish huquqi bilan ham ta’minlanadi.
Fuqarolik protsessual, iqtisodiy protsessual qonunlari va ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, sud hujjatining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish haqida ishda ishtirok etuvchi shaxslar — taraflar, uchinchi shaxslar, ularning vakillari, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan boshqa shaxslar murojaat qilishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy protsessual qonuni va ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga apellyatsiya, kassatsiya shikoyati va taftish tartibidagi shikoyat bilan murojaat qilish huquqi berilgan (tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar bundan mustasno).
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Jinoyat-protsessual qonunida sud hukmi va ajrimi ustidan shikoyat qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasi aniq ko‘rsatilgan. Jumladan, sudning hukmi, ajrimi ustidan mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek, jabrlanuvchi, uning vakili, hukmning fuqaroviy da’voga oid qismi ustidan — fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, hukmning oqlash sabablari va asoslariga doir qismi ustidan — sudda oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili shikoyat berishga haqlidir. Ishda taraf bo‘lmagan shaxslar ham sud hukmining o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan shikoyat berish huquqiga ega.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunga asosan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud qarori ustidan, o‘ziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzgan organ shikoyat berish huquqiga ega.
6. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ishtirok etuvchi taraflar vakillari va advokatlari sud qarori ustidan shikoyat qilish huquqiga, faqat bunday vakolatlar vakolat beruvchi tomonidan belgilangan tartibda berilgan ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan hollardagina egadirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudiga qonunda nazarda tutilgan hollarda murojaat qilinganda, shikoyatga davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi lozim.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
8. Sudlarning e’tibori murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlariga va murojaat bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlar murojaat matni bayon etilgan tilda bayon etilishi shartligi haqidagi qonun talablariga so‘zsiz rioya etilishi kerakligiga qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Tushuntirilsinki, ishni birinchi instansiya sudida ko‘rishda raislik qilgan sudya murojaatlarni o‘z vaqtida ro‘yxatga olish, ishlarni rasmiylashtirish va apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudiga yuborish muddatlariga rioya etishi shart.
Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudida protsess ishtirokchilarini ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida xabardor qilish mas’uliyati ish bo‘yicha ma’ruzachi bo‘lgan sudyaga yuklanadi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Agar murojaatda muayyan ishni ko‘rishda sud (sudya) tomonidan protsessual qonun normalari buzilganligi haqida vajlar keltirilgan bo‘lsa va shikoyatni ko‘rish jarayonida ushbu vajlar o‘z tasdig‘ini topsa, apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudlari ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha xususiy ajrim chiqarishi va uning nusxasi tegishli sudyalar malaka hay’atiga yuborilishi lozim.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
11. Sud hujjatlari ijrosi lozim darajada ijro etilmayotganligi masalalari bo‘yicha yuqori turuvchi sudlarga kelib tushgan murojaatlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining tegishli hududiy boshqarmasiga yuboriladi, bu haqda nazoratni amalga oshirish uchun qaror qabul qilgan yoki qaror ijro etilayotgan joydagi sudga xabar beriladi.
12. Sudlarning e’tibori jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish jadvaliga muvofiq belgilangan kun va soatlarda qabul qilishni to‘g‘ri tashkil etish, sayyor qabullar o‘tkazish vaqti va joyi to‘g‘risida aholini o‘z vaqtida xabardor qilish zarurligiga, shuningdek, qabul qilish kunining asossiz ravishda ko‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratilsin.
13. Sud orqali himoya qilish jismoniy va yuridik shaxslarning nafaqat buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini tiklash vositasi, balki sudlar faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish vositasi ham ekanligi sababli, sudlarga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini muntazam ravishda tahlil qilib borish tavsiya etilsin.
14. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Fuqarolarning sud ishlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqish amaliyoti haqida” 1998-yil 28-dekabrdagi 31-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 3-iyul,
11-son
Plenum kotibi v.b., Oliy sud sudyasi R. Ismaylov
Toshkent sh.,
2020-yil 3-iyul,
11-son