O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilda g‘o‘zani navlar bo‘yicha joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-fevraldagi PQ-2756-sonli qaroriga asosan 2017-yilda Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 693 ta paxtachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarining 2784 ta konturidagi 14475 gektar maydonlariga chigit ekilib, davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasi 36100 tonna miqdorida belgilangan.
Biroq, tumanning 4 ta sektor rahbarlari tomonidan nazorat o‘rnatilmaganligi, mutasaddi idoralar rahbarlarining o‘z vazifalarini zarur darajada bajarmaganligi natijasida shartnomaviy reja 73,2 foizga bajarilgan yoki 9685 tonna paxta xomashyosi kam topshirilishi sababli 8,4 mlrd. so‘m daromad olinmay qolgan.
Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning sabablari o‘rganilganda ma’lum bo‘ldiki, aksariyat hollarda nazorat va tashkilotchilikning talab daradasida yo‘lga qo‘yilmaganligi natijasida:
birinchidan, g‘o‘zani ball boniteti past (35 — 40), suv bilan yetarli ta’minlanmagan va kam hosilli (18 — 20 ts/ga) erga joylashtirish oqibatida 740 gektar maydonlardan bor yo‘g‘i 15-16 sentner hosil olingan va har gektaridan 1,7 mln.so‘m zarar ko‘rilgan;
ikkinchidan, joriy yilda tumandagi 186 ta fermer xo‘jaliklarining 1367 gektar g‘o‘za maydonida ko‘sak qurti, 213 ta fermer xo‘jaliklarining 4100 gektar maydonlarida o‘rgimchak kana zararkunandalari bilan zararlanishi natijasida jami 2200 tonna paxta hosili yo‘qotilgan;
uchinchidan, fermer xo‘jaliklari balansidagi 37 ta ichki nasoslardan sug‘oriladigan 1648 gektar g‘o‘za maydonlarida yilning iyul va avgust oylarida qarzdorligi hisobiga MIB tomonidan elektr tarmog‘idan uzilganligi sababli 660 tonna hamda bir necha yillar davomida tumandagi ichki ariq-zovurlarning tozalanmaganligi, lotoklarning buzilishi, suv inshootlarining eskirib qolganligi natijasida 1845 tonna rejadagi hosil yetishtirilmagan;
to‘rtinchidan, tumandagi mavjud 70 ta haydov traktorlarining 35 foizi eskirganligi sababli 1630 ga maydonni shudgorlash sifatsiz va sayoz o‘tkazilgan, 127 ta fermer xo‘jaliklarida kultivatorlarning yetishmasligi agrotexnik tadbirlarning kechikishiga olib kelgan.
Yuqoridagi kabi qo‘pol agrotexnik xatoliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va 2018-yilda yerlardan samarali foydalanishda sektor rahbarlari, mutasaddilar, ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida:
paxta yetishtirish va uni yig‘ib-terib olishdagi jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarning belgilangan muddatda sifatli o‘tkazilmaganligi uchun Bo‘ka tuman hokimi X. Xolboyev egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi inobatga olinsin;
paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida debitor va kreditor qarzdorliklarning o‘sishiga yo‘l qo‘yganligi uchun tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari M. Sunnatullayev lavozimidan ozod etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasiga tegishli ravishda bir oy muddatda tuman prokurori, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish tavstya etilsin.
3. Mavjud qarzdorliklarning 2018-yilning 1-apreliga qadar undirilishini ta’minlamagan taqdirda 4 ta sektor rahbarlariga nisbatan vazifasidan ozod qilishgacha bo‘lgan intizomiy jazo choralari ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilsin.
4. Quyidagilar:
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirish va shartnoma majburiyatlarini bajarishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi fermer xo‘jaliklariga yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari va mexanizmlarini yetkazib berishning 2018-yilga mo‘ljallangan prognoz rejalari 2-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida barcha toifadagi paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi va ta’minotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini undirish jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 2018-yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan ekin maydonlaridan tashqaridagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarda yengil konstruksiyali va kam xarajatli dala shiyponlari, issiqxonalar qurish, parranda, sog‘in sigir hamda asalari boqishni tashkil etish prognoz rejasi 4-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 2018-yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta va g‘alla ekinlari ekiladigan yer maydonlari konturlarining dala chetlari hisob-kitobi 5-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 2018-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan va chigit ekiladigan maydonlar atroflaridagi dala chetlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish hamda mahsulot yetishtirishning prognoz rejasi 6 va 6a-ilovalarga muvofiq;
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 2018-yil boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirishning prognoz rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasiga fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi va ta’minotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini belgilangan tartibda undirish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda 15 kun muddatda Bo‘ka tumanida 2018-yil uchun ekiladigan ekinlarni tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda samarali joylashtirilishini ta’minlasinlar.
7. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun 2018-yilda fermer xo‘jaliklarida rejalashtirilgan ekinlarni parvarishlash, zararkunandalarga qarshi kurashish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan joriy yilning mart oyida joylarda seminarlar o‘tkazilishini va mavsum davomida amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlasin.
8. Mazkur qaror ijrosi bo‘yicha har chorakda Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida 4 ta sektor rahbarlarining hisobotlari tinglanishi hamda Toshkent viloyati hokimligi amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayevga axborot berib borishi belgilab qo‘yilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev hamda Toshkent viloyati hokimi G‘.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-mart,
174-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.06.2020-y., 09/20/174/0823-son)