O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni kelgusida bartaraf etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-yilda g‘o‘zani navlar bo‘yicha joylashtirish va paxta yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida” yil 3-fevraldagi PQ-2756-son qaroriga asosan 2017-yilda Xorazm viloyati Urganch tumanida 358 ta paxtachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarining 1247 ta konturidagi 9300 gektar maydoniga chigit ekilib, davlatga paxta sotish shartnomaviy rejasi 25800 tonna miqdorida belgilangan.
Biroq, tumandagi 4 ta sektor rahbarlari tomonidan nazorat o‘rnatilmaganligi, mutasaddi idoralar rahbarlarining o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi natijasida shartnoma rejasi 94,4 foizga bajarilgan yoki 1451 tonna paxta xom ashyosi kam topshirilishi sababli 1,9 mlrd.so‘m daromad olinmay qolgan.
Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning sabablari o‘rganilganda ma’lum bo‘ldiki, aksariyat hollarda nazorat va tashkilotchilikning talab doirasida yo‘lga qo‘yilmaganligi natijasida:
birinchidan, g‘o‘zani ball boniteti past (38 — 44), suv bilan yetarli ta’minlanmagan va kam hosilli (19 — 22 s/ga) yerga joylashtirilishi oqibatida 648 gektar maydonlarning har gektaridan o‘rtacha atigi 20 sentnerdan hosil olingan va har gektar hisobida 1,75 mln.so‘mdan daromad olinmay qolgan;
ikkinchidan, joriy yilda g‘o‘za zararkunandalari va hasharotlariga qarshi maxsus kimyoviy vositalar zaxirasi to‘liq yaratilishiga qaramasdan 56 ta fermer xo‘jaliklarining 270 gektar maydonida o‘rgimchakkana va 150 gektar maydonida ko‘sak qurti tarqalib, ularga qarshi kurash choralarini qo‘llashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilganligi sababli 120,7 tonna paxta hosili yo‘qotilgan;
uchinchidan, fermer xo‘jaliklari balansidagi 163 ta nasoslardan sug‘oriladigan 352 ta fermer xo‘jaliklarining 91 tasiga mavsumda yetarli darajada suv bilan ta’minlab berilmaganligi sababli 603 tonna, ichki ariqlarda 26,1 km. uzunliqdagi lotoklarning buzilishi natijasida 33 ta fermer xo‘jaliklarida 400 tonna — jami 1003 tonna rejadagi hosil yetishtirilmagan;
to‘rtinchidan, tumanda mavjud qishloq xo‘jalik texnikalarining 37 tasi ta’mirtalab, haydov traktorlarining 20 foizi eskirganligi sababli 1780 gektar maydonni shudgorlash sifatsiz va sayoz o‘tkazilgan, 5 ta fermer xo‘jaliklarida kultivatorlarning yetishmasligi agrotexnika tadbirlarining kechikishiga olib kelgan.
Yuqoridagi kabi qo‘pol agrotexnik xatoliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va 2018-yilda yerdan unumli foydalanishda sektor rahbarlari, mutasaddilar, ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorazm viloyati Urganch tumanida:
paxta yetishtirish va uni yig‘ib-terib olishdagi jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, g‘o‘za parvarishida agrotexnika tadbirlarini belgilangan muddatda sifatli o‘tkazilmaganligi uchun Xorazm viloyati Urganch tumani hokimi O. Bekchanovga “hayfsan” e’lon qilinsin;
paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida debitor va kreditor qarzdorliklarning o‘sishiga yo‘l qo‘yganligi uchun tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari B. Atajanov ogohlantirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasiga tegishli ravishda bo‘yicha bir oy muddatda tuman prokurori, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga nisbatan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish tavsiya etilsin.
3. Paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan tayyorlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida mavjud bo‘lgan debitor va kreditor qarzdorliklarni undirilishi bo‘yicha 4 ta sektor rahbarlari o‘rnatilgan tartibda zarur choralarni ko‘rsinlar.
4. Quyidagilar:
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2017-yil paxta hosilini yetishtirish va shartnoma majburiyatlarini bajarishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanidagi fermer xo‘jaliklariga yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari va mexanizmlarini yetkazib berishning 2018-2019-yillarga mo‘ljallangan prognoz rejasi 2-ilovaga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanida barcha toifadagi fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi va ta’minotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini undirish jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2018-yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan ekin maydonlaridan tashqaridagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarda yengil konstruksiyali va kam harajatli dala shiyponlari, issiqxonalar qurish, parranda, sog‘in sigirlar hamda asalari boqishni tashkil etish prognoz rejasi 4-ilovaga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2018-yilda fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta va g‘alla ekinlari ekiladigan yer maydonlari konturlarining dala chetlari hisob-kitobi 5-ilovaga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2018-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan va chigit ekiladigan maydonlar chetlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish hamda mahsulot yetishtirishning prognoz rejasi 6 va 6a-ilovalarga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch tumanida 2018-yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirishning prognoz rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Xorazm viloyati boshqarmasiga fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi va ta’minotchi tashkilotlar oldidagi debitor va kreditor qarzdorliklarini belgilangan tartibda undirish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda 15 kun muddatda Urganch tumanida tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda 2018-yil uchun ekiladigan ekinlarning samarali joylashtirilishini ta’minlasinlar.
7. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun yilda fermer xo‘jaliklarida rejalashtirilgan ekinlarni parvarishlash, zararkunandalarga qarshi kurashish va agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan joriy yilning mart oyida seminarlar o‘tkazilishini va mavsum davomida amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlasin.
8. Mazkur qaror ijrosi bo‘yicha har chorakda Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida 4 ta sektor rahbarlarining hisobotlari tinglanishi hamda Xorazm viloyati hokimligi amalga oshirilgan ishlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayevga axborot berib borishi belgilab qo‘yilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev hamda Xorazm viloyati hokimi I.M. Sobirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-mart,
153-son