Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati tibbiyot xodimlarining mehnatini yanada ragʻbatlantirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1 — 5-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar Bosh davlat sanitariya vrachlariga karantin tadbirlarini amalga oshirish davrida, davlat va nodavlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va boshqa xodimlarini jalb qilgan holda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha epidemiyaga qarshi vaqtinchalik otryadlarni tashkil etish huquqi berilsin.
7. Belgilansinki, karantin tadbirlarini amalga oshirish davrida vaqtinchalik otryadlar tarkibiga jalb etilgan:
davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining asosiy ish joyidagi mehnatga haq toʻlash tartibi, shartlari va miqdorlari saqlanib qoladi;
nodavlat tibbiyot muassasalari xodimlarining mehnati uchun toʻlovlar, zarur hollarda, davlat tibbiyot muassasalaridagi tegishli lavozim va toifadagi xodimlar uchun belgilangan shartlar va miqdorlarda sanitariya-epidemiologiya xizmatlariga koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish uchun Jamgʻarmadan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi;
davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari hamda Agentlik va Davlat inspeksiyasi, shuningdek, ularning hududiy boʻlinmalari xodimlari oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qoʻshimcha toʻlovlar sanitariya-epidemiologiya xizmatlariga koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish uchun Jamgʻarmadan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 24-aprel,
PQ-4695-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.04.2020-y., 07/20/4695/0495-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son)