O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KIChIK BIZNES VA XUSUSIY TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRIShNI QO‘LLAB- QUVVATLASh DAVLAT DASTURI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish jarayonini jadallashtirish va davlat, xo‘jalik va jamoatchilik tuzilmalarining qulay tadbirkorlik muhiti yaratish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat dasturi ma’qullansin (ilova qilinmoqda).
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari bir oy muddatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashning hududiy dasturlarini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
3. Davlat mulki qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlasin.
4. “O‘zdavteleradio” kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat mulki qo‘mitasi Davlat dasturining maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlarini olib borishni ta’minlasinlar, respublikada tadbirkorlik harakatini rivojlantirishni keng targ‘ib qilsinlar.
5. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat dasturining bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy islohot, tadbirkorlik va xorijiy investitsiyalar bo‘yicha idoralararo kengash raisi, Bosh vazirning o‘rinbosari V. A. Chjen va Bosh vazirning tegishli o‘rinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 28-avgust,
344-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KIChIK BIZNES VA XUSUSIY TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRIShNI QO‘LLAB-QUVVATLASh
DAVLAT DASTURI
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari
I. Kirish
O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarning bosh maqsadi ochiq tashqi siyosatli, barqaror ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini kuchli demokratik huquqiy davlatni va fuqarolar jamiyatini qurish hisoblanadi. Respublikada bozor qayta o‘zgartirishlari qat’iy va izchil amalga oshirilmoqda.
Davlatga tegishli turar joy to‘liq xususiylashtirildi, natijada salkam 1,1 mln kvartira aniq egalari qo‘liga tegdi. Kichik xususiylashtirish tugallandi. Savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, uncha katta bo‘lmagan korxonalar amalda to‘liq xususiy mulk qo‘liga o‘tdi. Agrofirmalar, dehqon xo‘jaliklari va nodavlat mulk shaklidagi xo‘jalik birlashmalarining boshqa turlarini tashkil etish hisobiga qishloq xo‘jaligini davlat tasarrufidan chiqarish keng ko‘lamda olib borilmoqda. Xususiy tadbirkorlik subyektlari soni salkam 300 mingtani tashkil etadi, shu jumladan ulardan 220 mingdan ortig‘i yakka tartibdagi mehnat faoliyati patentlari bilan ishlamoqda.
Qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish va rivojlantirish davom etmoqda. Respublika fond birjasi orqali 157,7 mln so‘mlik 342,1 ming aksiya sotildi. Ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlarining umumiy soni 3569 tani tashkil etdi. Bank va kredit-pul tizimi takomillashtirilmoqda. Xalqaro banklar va sug‘urta kompaniyalari respublikada o‘z faoliyatini kuchaytirmoqda.
Mazkur Davlat dasturi bozor qayta o‘zgartirishlari jarayonlarini jadallashtirish maqsadida chora-tadbirlar majmuini nazarda tutadi va respublikada, ayniqsa qishloqda kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy maqsadlari, vazifalari, yo‘nalishlarini belgilaydi.
Dasturning bosh maqsadlari quyidagilar hisoblanadi:
aholining keng tabaqalarini bozor faoliyatiga olib kirish, boqimandachilik, iste’molchilik psixologiyasini bartaraf qilish, tadbirkorlik, xususiy biznes bilan faol shug‘ullanish istagi “kasalligini” yuqtirish;
qishloq xo‘jaligi qayta qurilayotganligi munosabati bilan ishsiz qolayotgan kishilarni ish bilan ta’minlash maqsadida qishloqda yangi ish o‘rinlari tashkil etish;
qishloqda bozor munosabatlari va infrastrukturani jadal rivojlantirish, raqobatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash;
xizmatlar hajmini, ayniqsa bank, auditorlik, konsalting, vositachilik faoliyati bilan bog‘liq ilm-fanni qo‘p talab qiladigan xizmatlar hajmini keskin oshirish;
xo‘jalikni yuritish samaradorligini oshirishni, ichki bozor tovarlar bilan to‘ldirilishini va ishlab chiqarishning eksportga yo‘naltirilganligini ta’minlovchi unchalik katta bo‘lmagan, moslashuvchan ishlab chiqarishlar, kichik va xususiy korxonalarni joriy qilish.
Dastur davlatning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi, tashabbusli, yaratuvchi bozor jarayoni asosida O‘zbekiston aholisining keng tabaqalari tomonidan amalga oshiriladi. Dastur to‘rtta qismni — kichik biznesni rivojlantirish, ayniqsa qishloqda faol rivojlantirish va faoliyat ko‘rsatishi uchun bozor infrastrukturasi va shart-sharoitlar yaratish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, moliyaviy ta’minot va tashkiliy tadbirlar qismlarini o‘z ichiga oladi.
II. Bozor infrastrukturasini hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish shart-sharoitlarini yaratish
1. Qishloqda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishlab chiqarish infrastrukturasini ustuvor rivojlantirish amalga oshiriladi. Bunda asosiy e’tibor melioratsiya, gidrotexnika, elektr energiyasi inshootlari va tarmoqlarini rivojlantirishga, yerlarni sug‘orishga, eroziyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirishga, ko‘p yillik ko‘chatlar ekish, sanoatning qayta ishlovchi korxonalarini qurish va texnika bilan qayta uskunalashga qaratiladi. Qishloq joylarda kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan muhandislik va ishlab chiqarish infrastrukturasi obyektlari, vodoprovodlar, kanalizatsiya tizimi va inshootlari, gaz va elektr ta’minoti tarmoqlari, yo‘llar, telekommunikatsiya tizimlari ustuvor ko‘riladi. Qishloqda ishlab chiqarish infrastrukturasini shakllantirish davlat dasturi va mahalliy dasturlarga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Qishloqda bozor infrastrukturasini tashkil etish va uni jadal yaratish jarayonlarini boshqarish, uni jahon iqtisodiyoti talablariga moslashtirish maqsadida respublika viloyatlarida bozor qayta o‘zgartirishlarini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashga, bozor infrastrukturasini rivojlantirishning samarali tizimini shakllantirishga, respublika ichki va tashqi iqtisodiy xo‘jalik aloqalarini muvofiqlashtirish va rivojlantirishga da’vat etilgan Tadbirkorlik departamentlari tashkil etiladi.
Xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash fondi (Biznes-fond)ning xususiy tadbirkorlarga va kichik biznesga kreditlar berish, shu jumladan imtiyozli kreditlar berish asosida investitsiya loyihalarini mablag‘ bilan ta’minlashni, ularning ustav sarmoyalarida ishtirok etishni, maslahat va axborot xizmatlari shaklida texnik yordam ko‘rsatishni amalga oshiruvchi hududiy tarmoqlari rivojlanadi. Xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni sug‘urta yo‘li bilan himoya qilish bo‘yicha hududiy agentliklar tashkil etiladi. Bu agentliklar tadbirkorlik tavakkalchiliklarini imtiyozli shartlarda sug‘urta yo‘li bilan himoya qilgan, to‘lanmagan qarzlar uchun qarzdorlarning javobgarligini sug‘urta qilgan, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan chet el investitsiyalari sug‘urta yo‘li bilan himoya qilinishini ta’minlagan holda kichik va xususiy korxonalarning kreditlar, shu jumladan imtiyozli kreditlar olishlari uchun investitsiya loyihalarini baholaydilar va ekspertizadan o‘tkazadilar. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi boshqa fondlar, sug‘urta muassasalari tashkil etiladi.
Respublika mintaqalarida davlat organlarida tadbirkorlik tuzilmalari manfaatlarini ifodalaydigan, bozor konyunkturasini o‘rganishda, axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash va tarqatishda, korxonalarni ro‘yxatga olishda, yangidan tashkil etilayotgan korxonalar ta’sis hujjatlarini tayyorlashda, yuridik va texnik maslahatlar berishda ko‘maklashadigan “Tadbirkorlar palatasi” tashkil etiladi.
Qishloqda qishloq joylardagi kichik va xususiy korxonalarga resurs ta’minotida, mahsulotni sotishda va transport xizmati ko‘rsatishda yordam beradigan, mahsulotni saqlash, qayta ishlash va sotishni amalga oshiradigan, aholiga kommunal, maishiy, tuzatish-qurilish xizmatlari ko‘rsatadigan, jamoa, dehqon xo‘jaliklari a’zolari, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar egalarini o‘qitadigan, axborot ta’minoti va yuridik maslahat xizmatlarini ko‘rsatadigan Biznes markazlar tashkil etilmoqda.
Xususiy qo‘yilmalarga asoslangan, ilg‘or texnologik asbob-uskunalar, xomashyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash uchun butlovchi buyumlarni sotib olish uchun mablag‘larni birinchi navbatda maqsadli ayirboshlash huquqiga ega bo‘lgan agroinvestitsiya firmalari tashkil etilmoqda, kontraktlar Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi organlarida ruxsat beruvchi tartiblarsiz ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Faoliyat turlari bo‘yicha mayda ishlab chiqaruvchilarning uyushmalarini tashkil etishga yordam berilmoqda, bu uyushmalar o‘z manfaatlarini jamoa yo‘li bilan himoya qilishi, xo‘jalik yuritishning ilg‘or usullarini yeyishi lozim.
Kredit muassasalarini rivojlantirish, ixtisoslashgan tijorat banklari tarmog‘ini, shu jumladan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy sarmoya ishtirok etgan tijorat banklari tarmog‘ini kengaytirish davom etmoqda. Savdo uylari, investitsiya kompaniyalari, investitsiya vositachilari, fond do‘konlari, kliring va agentlik tarmoqlari faoliyati kengaytirilmoqda. Kichik va xususiy korxonalarni axborot bilan ta’minlashda, bozor konyunkturasini o‘rganayotgan, bozor imkoniyatlariga axborot xizmati ko‘rsatishni taklif etayotgan xususiy korxonalar ishida, tarmoqlararo ma’lumotlar bankini yaratishda yordam berilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosili nobudgarchiligiga yo‘l qo‘ymaslik, uning to‘siqsiz qabul qilinishi, saqlanishi va keyinchalik iste’mol tarmog‘ida tahsimlanishini ta’minlash maqsadida kichik va xususiy ulgurji-vositachilik tuzilmalari, ixtisoslashgan bozorlar, ulgurji do‘konlar, bazalar, saqlash joylari, omborxonalar jadallik bilan rivojlantirilmoqda. Dehqon (fermer) xo‘jaliklarini qishloq xo‘jaligi ekinlarining yuqori nav urug‘lari va ekish materiallari bilan o‘z vaqtida ta’minlash uchun qishloq joylarda urug‘ yetishtiradigan hamda ularni sotadigan urug‘chilik korxonalari tashkil etilmoqda. Qishloqdagi tadbirkorlarga tuzatish-tiklash, agrokimyo, zooveterinariya va xizmatlarning boshqa turlarini ko‘rsatadigan agroservis korxonalari tashkil etilmoqda.
3. Davlat migratsiya jarayonlarini qishloq foydasiga o‘zgartirishga demografiya siyosati o‘tkazilishini, oilani har tomonlama rivojlantirish uchun ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratilishini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash va uni rag‘batlantirish yo‘li bilan aholini ish bilan ta’minlashni amalga oshiradi. Aholining qishloqda o‘rnashib qolish jarayonini rag‘batlantirish va uni kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sohasidagi ishga jalb qilish maqsadida qishloq joylarda shaharga nisbatan (aholi jon boshi hisobiga) turar joy, ta’lim, madaniyat va sport, sog‘liqni saqlash obyektlarini qurishda, gazlashtirish, suv va elektr ta’minotida, telefonlashtirishda, aloqada, kommunal obyektlarni qurishda, radio va televideniye xizmatlarida afzalliklar yaratish nazarda tutiladi.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chog‘ida ijtimoiy sohani rivojlantirishga investitsiyalar ulushini, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, ijtimoiy soha obyektlarini aholi ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha faoliyatni tashkil etish uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga berish yo‘li bilan ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.
III. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari
1. Tadbirkorlik muhitini yaratishning ustuvor yo‘nalishi qishloq joylarda bilim va mehnatni ko‘p talab qiladigan xizmat sohasini jadal rivojlantirishni, intensiv dehqonchilikka o‘tishni, qishloq ijtimoiy-ishlab chiqarish infrastrukturasini rivojlantirishni, qishloq joylarda ekologiya talablari ta’minlanishini, shuningdek aholining zarur harakatchanligini ta’minlovchi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini yaratish hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, xalq iste’mol tovarlari, ishlab chiqarish-texnik maqsadlardagi mahsulotlar, qurilish materiallari ishlab chiqaradigan, shuningdek qurilish faoliyatini amalga oshirayotgan, tuzatish, tuzatish-qurilish, maishiy va kommunal xizmatlar ko‘rsatayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni shakllantirish hamda rivojlantirish jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish ta’sir etishning iqtisodiy chora-tadbirlari asosida amalga oshiriladi. Bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ishlab chiqarishning oqilona jamlanishi, ixtisoslashuvi va joylashishi qaror topishi, ishlab chiqarish kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ehtiyojlaridan kelib chiqib qayta yo‘naltirilishi munosabati bilan investitsiyalar tuzilmasi o‘zgarishi ta’minlanadi.
Aksiyalarning opsion paketlarini sotish tizimi qo‘llaniladi va aksiyalarni xususiy investorlarga (aholiga) sotish kvotalari belgilanadi. Qishloqda davlat mulkini xususiy mulk qilib sotish, kimoshdi savdolari va tanlovlar orqali davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish usullarini keng rivojlantirish, xususiylashtirilayotgan savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi, turar joy obyektlari joylashgan yer maydonlarini sotish davom etadi. Qishloq xo‘jaligi yerlarini meros qilib qoldirish huquqi bilan muddatsiz foydalanishga berish bo‘yicha kimoshdi savdolari va tanlovlarni o‘tkazish amaliyoti kengayadi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirishga oid qonun hujjatlari qabul qilinadi, amaldagi normativ-huquqiy mexanizm takomillashtiriladi. Mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar tengligi ta’minlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ustuvor mahsulot turlariga kiritilgan davlat ehtiyojlari uchun sotib olinadigan va yetkazib beriladigan mahsulot turlari bo‘yicha shartnomalarni shakllantirish, taqsimlash va tuzishda davlat ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan mazkur mahsulot turi umumiy hajmining kamida 15 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlovlar asosida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarida taqsimlanadi.
Normativ hujjatlar ishlab chiqilmoqda va mulkda davlat ulushi bo‘lgan korxonalarni boshqarish huquqini nodavlat tuzilmalariga (xo‘jalik uyushmalariga) berish tizimidan davlat mulkini boshqarishning trast shartnomalari tizimiga o‘tish amalga oshirilmoqda. Turli mulkchilik va tashkiliy shakllarga ega bo‘lgan korxonalar namunaviy ta’sis hujjatlari paketlari tasdiqlanmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qonun hujjatlarini yagona talqin qiluvchi sharhlar tayyorlanmoqda. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tarmoq va mintaqa dasturlarini ishlab chiqish, korxonalarning davlat bilan mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish shartnomalarini tuzishlariga oid tanlovlarni o‘tkazish bo‘yicha metodik materiallar tayyorlanmoqda.
2. Davlat boshqaruvi organlari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlashda, texnoparklar, lizing korxonalari, biznes-inkubatorlar, ishlab chiqarish-texnologiya markazlari tarmoqlarini va infrastrukturaning boshqa obyektlarini yaratishda yordam berishga oid chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqishni amalga oshirmoqdalar.
Davlat organlari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun ishlab chiqarishni joylashtirish hamda ixtisoslashtirilgan asbob-uskunalar va boshqa mahsulot turlarini yetkazib berishga oid tadbirlarni amalga oshiradilar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarini sotish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ulgurji bozorlar, yarmarkalarni uyushtirish va ular faoliyatlarini tashkil qilishda, shu jumladan binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, ishlab chiqarish va yordamchi binolarni, davlat mulki bo‘lgan boshqa mol-mulkni berish yo‘li bilan ko‘maklashadilar. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini ishlab chiqarish-texnologiya jihatdan qo‘llab-quvvatlash imtiyozli shartlarda amalga oshirilishi mumkin. Bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ishlab chiqarish-texnologik qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozlardan foydalanadilar.
Qishloq joylarda raqobatga bardoshli mahsulotlarni ishlab chiqarishni, eksport hajmini ko‘paytirishni, ishlab chiqarish chiqimlarini kamaytirishni, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishni yaxshilashni, qishloqda qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etishni ta’minlaydigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish loyihalariga birinchi navbatda yordam beriladi. Iqtisodiyotning ustuvor sohalarida va eng avvalo qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hamda qayta ishlash, oziq-ovqat, sanoat tovarlari, xalq iste’mol tovarlari, dori-darmonlar va tibbiyot asbob-uskunalarini ishlab chiqarish, kommunal va maishiy xizmatlar ko‘rsatish, turar joy, ishlab chiqarish va ijtimoiy maqsadlardagi obyektlarni qurish, innovatsiya faoliyati va ilm-fanni ko‘p talab qiladigan ishlab chiqarishlarni tashkil etish sohasida kichik biznes va xususiy korxonalarga imtiyozlar va afzalliklar beriladi. Qishloq xo‘jaligi xomashyosi va mahalliy xomashyoni qayta ishlash uchun zamonaviy texnologik asbob-uskunalar to‘plamlarini yetkazib berish tashkil etiladi, kooperatsiyalashgan servis xizmati tizimi tashkil etiladi. Mini zavodlar va mini texnologiyalarni tayyorlovchi ishlab chiqarishlar tashkil etiladi.
Ilmiy-texnika va ishlab chiqarish bazasini mustahkamlash, standartlar va mahsulotlar sifati sohasidagi tartibga solishlar yo‘li bilan kichik biznes va xususiy korxonalar ishlab chiqaradigan tovarlarning raqobatga bardoshliligini oshirish chora-tadbirlari tizimi ishlab chiqilmoqda. Kichik va xususiy korxonalarni jadal texnik qayta jihozlash rag‘batlantiriladi. Texnologik inkubatorlar modellari, qayta ishlovchi va mahsulotning yangi turlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar namunaviy loyihalari yaratilmoqda, ularni keng joriy qilish va yangi texnologiyalar sharoitlarida yo‘nalish bo‘yicha o‘qitish tashkil etiladi. Keyinchalik kichik va xususiy tadbirkorlarga sotish uchun tamoman yangi mahsulotni ishlab chiqarish texnologiyasi litsenziyalarini sotib olish amalga oshiriladi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun foydalanilmayotgan binolar belgilangan tartibda ijaraga beriladi, tugallanmagan qurilishning ishlab chiqarish obyektlari va foydalanilmayotgan asbob-uskunalari kimoshdi savdolari va tanlovlar orqali sotiladi. Qishloqdagi davlat mulki obyektlarini mahalliy aholiga tegishli bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga ustuvor berish maqsadida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chog‘ida davlat mulkini sotish bo‘yicha yopiq tanlovlar o‘tkaziladi. To‘xtatib qo‘yilgan va foydalanilayotgan asosiy fondlarni va ishlab chiqarish quvvatlarini, shuningdek ijtimoiy infrastruktura obyektlarini kichik va xususiy tadbirkorlarga sotish tashkil etiladi.
Korxonalarning moliyaviy imkoniyatlarini baholashni, bozor talablarini hisobga olgan holda ularni texnik, texnologik va tashkiliy-iqtisodiy qayta o‘zgartirish rejalarini ishlab chiqishni nazarda tutuvchi xususiylashtirishdan keyingi davrda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning xo‘jalik yurituvchi subyektlari barqarorligini ta’minlash uchun korxonalarni qayta tuzish va qayta ta’mirlashni mablag‘ bilan qo‘llab-quvvatlash tartibi joriy etiladi. Keyinchalik ishlab chiqarishda joriy etish uchun asbob-uskunalar va mini texnologiyalarning, shu jumladan chet el asbob-uskunalari va mini texnologiyalarining doimiy ishlovchi ko‘rgazmalari tashkil etiladi.
3. Davlat organlari yangi ilmiy-texnika infrastrukturasi, shu jumladan fanga va ilmiy ishlab chiqarishga, kichik va xususiy firmalarga, kompaniyalarga, markazlarga xizmat ko‘rsatuvchi yordamchi, funksional, ilmiy ishlab chiqarish infrastrukturasi barpo etilishiga ko‘maklashadi.
Kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlariga axborot xizmati ko‘rsatish imtiyozli shartlarda amalga oshiriladi. Kredit muassasalari, qimmatli qog‘ozlar bozorining ahvoli va aksiyalar kotirovkasi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlar va ehtimol tutilgan sheriklar haqidagi axborot e’lon qilinadi. Marketing, boshqaruv maslahati, audit, reklama, kontrolling, tashqi iqtisodiy operatsiyalar sohasida ixtisoslashtirilgan kichik va xususiy korxonalar tizimi yanada rivojlanadi. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash muammolari bo‘yicha ilmiy, ma’lumotnoma va o‘quv adabiyoti, har chorakda chiqadigan “Xususiylashtirish” byulleteni, komplekt asbob-uskunalar kataloglari, biznes-kataloglar nashr etiladi.
4. Ijtimoiy himoya qilish tizimidan ijtimoiy kafolatlar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalarini aniq farqlashni nazarda tutuvchi prinsipial yangi tizimga o‘tish maqsadida amaldagi qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Bunda darajalar (korxona, hudud, respublika) bo‘yicha tabaqalashtirilgan ijtimoiy kafolatlar barcha fuqarolarga, shu jumladan kichik va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarga zarur minimumda berilishi belgilanadi. Ijtimoiy kafolatlar tarkibi, tuzilmasi va miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi. Darajalar bo‘yicha tabaqalashtirilgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, birinchidan, muayyan muddatga beriladi, ikkinchidan, tegishli budjetning ahvoli bilan to‘liq bog‘lik bo‘ladi, uchinchidan, iqtisodiy islohotning u yoki bu bosqichida shakllangan shart-sharoitlarga bog‘liq bo‘ladi. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash qonun hujjatlari bilan ham, davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy organlarining, korxonalarning egalari va rahbarlarining qarorlari bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan “Korxonalar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan ijtimoiy kafolatlar ijro etilishi ustidan samarali nazorat ta’minlanadi. Majburiy tibbiy sug‘urta masalalariga alohida e’tibor beriladi. “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqilmoqda va Oliy Majlisga kiritiladi. Majburiy tibbiy sug‘urtadan tushadigan mablag‘larni hisobga olgan holda davlat budjetida soqlikni saqlashga xarajatlar tuzilmasi qayta ko‘rib chiqilmoqda va tegishlicha, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga soliq solish darajasini pasaytirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.
Qishloqda aholining ish bilan ta’minlanishi muammosiga alohida e’tibor beriladi. “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida” yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqilmoqda va ko‘rib chiqish uchun Oliy Majlisga kiritiladi. Ushbu qonunda ishlab chiqarishning qayta tuzilishi natijasida bo‘shab qolgan xodimlarga ijtimoiy kafolatlar berilishini ta’minlash, aholining ish bilan ta’minlanganligi holatiga bog‘liq ravishda muayyan hududlarda qisqartirilgan ish vaqti joriy etish imkoniyati, yangi ish joylari tashkil etish bo‘yicha ish beruvchilarning chiqimlarini qisman Xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash fondi tomonidan kompensatsiya qilish va bo‘shatilishi kerak bo‘lgan shaxslarni qayta o‘qitish bo‘yicha o‘quv tuzilmalari tashkil etish nazarda tutiladi.
5. Davlat kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirishni ta’minlaydi. Aholini ish bilan ta’minlash dasturi doirasida amalga oshirilayotgan kadrlarni qayta tayyorlash tizimi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish ehtiyojlarini ko‘zlab qayta yo‘naltiriladi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi muassasalar va tashkilotlar amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozlardan foydalanadilar. Kasbga yo‘llash tizimi tashkil etiladi, biznes-inkubatorlar barpo etiladi.
Barcha oliy va o‘rta o‘quv yurtlarida bajarilishi majburiy bo‘lgan qishloq yoshlarini o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kvota belgilanadi. Kvotalash tartibi va shartlari, kadrlar tayyorlash va bitiruvchilardan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik tizimida foydalanish Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Davlat o‘quv yurtlarida tadbirkorlik tuzilmalari uchun mutaxassislar va kichik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish respublika va mahalliy budjetlar hisobidan, shuningdek o‘quv yurtlari bilan korxonalar o‘rtasida tuziladigan kontrakt asosida amalga oshiriladi. Mutaxassislar va ishchilar tayyorlash va ularning malakasini oshirish majburiy hisoblanadi hamda davlat organlari tomonidan ko‘rsatilgan muddatlarda vaqti-vaqti bilan amalga oshiriladi. Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shartnomalari bajarilmagan taqdirda kichik va xususiy korxonalar moddiy xarajatlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tegishli budjetga to‘laydilar.
6. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport-import operatsiyalarida qatnashishini kengaytirish, shuningdek ushbu subyektlarning tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda, xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka xorijiy sarmoya investitsiya loyihalari, chet elda reklama tashkil etish asosida jalb etiladi. Chet el investitsiyalari ochiq tender asosida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida hamda maxsus investitsiya savdolari orqali, shuningdek boshqa usullar va mexanizmlar vositasida jalb etiladi. Chet el investorlari jalb qilingan holda texnikaviy yordam dasturlari doirasida pilot loyihalari amalga oshiriladi, yangi ilmiy-texnika infrastrukturasi fanga va firmalar, kompaniyalar, markazlarning ilmiy ishlab chiqarishiga xizmat ko‘rsatuvchi yordamchi, funksional, ilmiy-ishlab chiqarish infrastrukturasi tashkil etiladi. Tarifli bojxona boshqaruvi takomillashtiriladi.
IV. Davlat dasturini amalga oshirishni moliyaviy ta’minlash
1. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha davlat tomonidan mablag‘ bilan ta’minlash iqtisodiyotning normal mavjud bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan ishlab chiqarish va ijtimoiy infrastrukturani barpo etish qismi bo‘yicha budjet mablag‘lari hisobidan, shuningdek davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida olingan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga imtiyozlar berishda paydo bo‘ladigan budjetning, kredit, sug‘urta muassasalari va korxonalarining yo‘qotishlarini kompensatsiya qilishga, kreditlarga kafolat berishga va tadbirkorlar faoliyatini sug‘urta qilishga da’vat etilgan Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash fondi (Biznes-fond) tashkil etildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ham to‘g‘ridan to‘g‘ri, ham bilvosita (imtiyozli soliq solish) mablag‘ bilan ta’minlash yo‘li bilan respublika va mahalliy budjetlarning mablag‘larini, jamoat jamg‘armalari mablag‘larini jalb etish, tijorat banklari tomonidan kredit investitsiyasi berish, chet el va tadbirkorlik sarmoyasini investitsiya jarayoniga jalb etish, shuningdek xususiy xayr-ehson va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, vodoprovodlar, kanalizatsiya tizimlari va inshootlari, gaz va elektr ta’minoti tarmoqlari, yo‘llar qurilishi, hududlarni obodonlashtirish, shuningdek ijtimoiy infrastrukturani ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport obyektlarini, mehnat kuchlari ortiqcha bo‘lgan qishloqlarda esa uy-joy qurish uchun zarur bo‘lgan qishloq, joylarda muhandislik va ishlab chiqarish infrastrukturasi obyektlari qurilishini mablag‘ bilan ta’minlash ushbu obyektlarni rivojlantirishning tegishli davlat dasturlari doirasida ustun darajada tegishli budjetlar va budjetdan tashqari fondlar hisobidan, shuningdek davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan olinadigan mablag‘larning 20 foizini hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yo‘naltirish hisobidan amalga oshiriladi. Maqsadli davlat markazlashtirilgan sarmoya qo‘yilmalarini qishloqda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik infrastrukturasini rivojlantirishga taqsimlash davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy organlariga yuklanadi.
Meliorativ, gidrotexnika, elektr energetikasi inshootlari va tarmoqlari qurilishi, yerlarga suv chiqarish, ekologik va eroziyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish, kimyoviy melioratsiya, ko‘p yillik ko‘chatlar ekish, qayta ishlash sanoati korxonalari qurilishi va ularni texnika bilan qayta jihozlash, dehqon (fermer) xo‘jaliklari, jamoa korxonalari va boshqa korxonalarni rivojlantirishga ko‘maklashish, qishloq joylarda ishlab chiqarish infrastrukturasini shakllantirish tegishli davlat dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Qishloq joylarda ijtimoiy-madaniy va sport maqsadlaridagi barcha muassasalarga, shu jumladan nogironlar va mehnat faxriylari uylari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari xarajatlari, shuningdek jismoniy tarbiya-sport tadbirlari o‘tkazishga sarflanadigan xarajatlar ustun darajada budjetdan mablag‘ bilan ta’minlanadi.
Soliq solish tartibi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini soliq to‘lashdan ozod qilish, ularni to‘lashni kechiktirish va bo‘lib-bo‘lib to‘lash soliq qonunchiligiga muvofiq belgilanadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga soliq krediti berish tizimi joriy etiladi, shuningdek davlat tasarrufidan chiqarilgan va xususiylashtirilgan mulkdan va tabiiy resurslardan samarali foydalanishni tartibga soluvchi soliqlar joriy etiladi.
2. Ulush qo‘shib qatnashish shartlarida va kredit berish shaklida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan olingan mablag‘lar ustun darajada infrastrukturani rivojlantirishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Biznes-fondga davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida olingan mablag‘larning 50 foizi beriladi.
3. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga, kredit tashkilotlariga tegishli farq Biznes-fond mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilingan holda, imtiyozli foizli stavkalar bo‘yicha kredit berilishi mumkin. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli shartlarda kredit beruvchi kredit tashkilotlari imtiyozlardan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanadilar. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan banklarga to‘lanadigan kreditlar to‘lanmasligi tavakkalchiligini majburiy sug‘urta qilish tizimi joriy etiladi. Bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining kreditlarni va kreditlardan foydalanganlik uchun foizlarni sug‘urta shartnomasida belgilangan muddat davomida o‘z vaqtida va to‘liq to‘lash haqidagi javobgarligi sug‘urta obyekti hisoblanadi.
4. Tadbirkorlik sarmoyasini investitsiya jarayoniga jalb etish maqsadida kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari ularga moliyaviy yordam ko‘rsatish yo‘li bilan ko‘rsatib o‘tilgan jamiyatlar qatnashchilarining vaqtincha bo‘sh pul mablag‘larini jamlash uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining o‘zaro kredit berish jamiyatini tuzadilar, manbalari haqida deklaratsiya to‘ldirilmaydigan xususiy mablag‘larga asoslangan agroinvestitsiya firmalari tashkil etiladi.
Kichik va xususiy tadbirkorlikning xususiylashtirilgan korxonalari va subyektlari asosiy ishlab chiqarish fondlarini tezlikda yangilash uchun asosiy fondlarning tegishli turlari uchun belgilangan normadan ikki baravar ko‘p bo‘lmagan miqdorda ajratmalarni ishlab chiqarish chiqimlariga tegishli deb hisoblagan holda asosiy ishlab chiqarish fondlarini jadal amortizatsiya qilish qo‘llaniladi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini jadal amortizatsiya qilish mexanizmini qo‘llash bilan bir qatorda amortizatsiya ajratmasi sifatida, uch yildan ortiq xizmat qilgan asosiy fondlarning dastlabki qiymatining 50 foizigacha hisobdan chiqarib tashlashning qo‘shimcha tizimi joriy etiladi.
5. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ilgari xususiylashtirilgan korxonalari va subyektlarining to‘lovga qobiliyatini tiklashning haqiqiy imkoniyatlariga baho berishga asoslangan hamda ularning moliya-xo‘jalik faoliyatini davom ettirishga qaratilgan qarzdorlarning qarzni to‘lay olmasligi sanatsiyasi tizimi shakllantiriladi. Qarzni to‘lay olmaydigan qarzdorlarning mol-mulkini xususiylashtirish hamda umumiy ishlab chiqarish tuzilmasi tarkibida haqiqiy bankrotlarni aniqlash maqsadida ishlab chiqarish obyektlarini maydalashtirish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.
Qarzdorlarning mol-mulkini kreditorlarga berish yo‘li bilan to‘lovlarni tartibga solish imkoniyatini ta’minlovchi maxsus qimmatli qog‘ozlar joriy etiladi. Xususiylashtirishga va iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurishga prinsipial yangi yondashuvlar amalga oshiriladi. Bunda yomon ishlovchi korxonalarning mol-mulki yangi bozor sharoitlarida ishlashga moslashgan yuqori samarali korxonalarga o‘tadi. Qisman bankrot bo‘lish tartibi yuritiladi.
V. Dasturning bajarilishini tashkil etish
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish Davlat dasturining bajarilishi davlat boshqaruvi organlari, faoliyati maqsadi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investitsiya berish hisoblangan nodavlat tuzilmalar, shuningdek jamoat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat boshqaruvi mahalliy organlari bunda asosiy o‘rin tutishlari kerak. Bunda shuni hisobga olish kerakki, dastur eng avvalo ma’muriy-buyruqbozlik chora-tadbirlariga emas, balki iqtisodiy ta’sir ko‘rsatish choralariga tayanadi, eng avvalo tadbirkorlik tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan tashkiliy tuzilmalar, mexanizmlar va shart-sharoitlar barpo etilishiga yo‘naltirilgan hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlarning ro‘yobga chiqarilishini o‘z ichiga oladi.