14.11.2018 yildagi -son
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais B. Mirboboyev, sudyalar A. G‘afurov, S. Koshayeva, B. Miralimov, G. Pirjanov, K. Uljayev va F. Kayumovdan iborat tarkibda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga va “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni 14-moddasiga amal qilgan holda “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish haqidagi ishni ochiq majlisida ko‘rib chiqdi.
Masala “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 25-moddasiga muvofiq fuqaro S. Yakubjanovning Konstitutsiyaviy sudga murojaati munosabati bilan sudyalar A. G‘afurov, S. Koshayeva va B. Miralimovning tashabbusi bilan kiritildi.
Fuqaro S. Yakubjanov Konstitutsiyaviy sudga yo‘llagan murojaatida Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks 143-moddasining ikkinchi va to‘rtinchi qismlaridagi sud majlisining audioyozuvi (ovoz yozuvi) sud ruxsati bilan amalga oshiriladimi yoki bu majlis zalida hozir bo‘lganlarning huquqimi, degan savol bilan murojaat qilib, sharh berishni so‘ragan.
Ushbu murojaatni o‘rganish jarayonida Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks 143-moddasining ikkinchi qismida “sud tashabbusiga ko‘ra yoki ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko‘ra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin” deb ko‘rsatilgan.
Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida esa “majlis zalida hozir bo‘lganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma olib borish va ovoz yozib olish huquqiga ega. Sud majlisining fototasviriga, videoyozuviga, shuningdek radio va televideniye orqali translatsiya qilinishiga ishni ko‘rayotgan sudning ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi” deb belgilangan.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks 143-moddasining ikkinchi qismi va Iqtisodiy protsessual kodeks 165-moddasining ikkinchi qismidagi talablar sud ishlarini yuritish ishtirokchilarining huquqlarini cheklanishiga olib keladi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalariga muvofiq emas. Bu, agar sud ishlarini yuritish ishtirokchisining iltimosnomasi qanoatlantirilmasa uning ovoz yozib olish huquqi bo‘lmaydi, vaholanki majlis zalida hozir bo‘lgan har qanday shaxs sudning ruxsatisiz ovoz yozib olish huquqiga ega ekanligini anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 113-moddasida “Hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yiladi” deb belgilangan. Konstitutsiyaning ushbu moddasi mazmunidan ma’muriy, iqtisodiy va boshqa ishlar bo‘yicha odil sudlov asosan sud muhokamasining oshkoraligi prinsipiga muvofiq amalga oshirilishi lozim degan xulosa kelib chiqadi.
Biroq, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks 143-moddasining ikkinchi qismi va Iqtisodiy protsessual kodeks 165-moddasining ikkinchi qismining mazmuniga ko‘ra, sud ishlarini yuritish ishtirokchisining iltimosnomasini muhokama qilib, sud ovoz yozib olishga ruxsat berishi yoki ruxsat bermasligi mumkin. Vaholanki, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks 143-moddasi to‘rtinchi qismi va Iqtisodiy protsessual kodeks 165-moddasi to‘rtinchi qismiga muvofiq, majlis zalida hozir bo‘lganlar sudning ruxsatisiz ovoz yozib olish huquqiga ega.
Bundan tashqari yuqorida qayd qilingan kodekslarning sud majlisida ovoz yozib olib borish bo‘yicha normalari Fuqarolik protsessual kodeksi normalaridan farq qiladi. Ya’ni, Fuqarolik protsessual kodeksi 208-moddasi to‘rtinchi va oltinchi qismlarida sud majlisining ovoz yozuvini olib borilishiga sud protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasi bilan hamda taraflarning roziligi va sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi deb belgilangan.
Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib va “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 14, 31, 32, 33-moddalariga, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5, 26-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qildi: