O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Sport obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish injiniring kompaniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 465-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 26-avgustdagi PF-5787-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 26-avgustdagi PF-5787-son Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda sport inventarlari bilan jihozlash loyihalarini amalga oshirishda buyurtmachi funksiyasini bajaruvchi davlat unitar korxonasi shaklidagi Sport obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda Injiniring kompaniyasi deb ataladi) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Injiniring kompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha tashkilotlarining bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda sport jihozlari va inventarlari bilan ta’minlash;
sport inshootlari qurilishida belgilangan tartibda pudratchi va loyiha tashkilotlarini tanlash, pudrat shartnomalarini tuzish, qurilish-tiklash ishlarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
sport inshootlarining belgilangan istiqbolli rejalarda nazarda tutilgan muddatlarda foydalanishga topshirilishini ta’minlash;
loyiha yechimlarining samaradorligini, shaharsozlik normalari va qoidalari hamda arxitektura talablariga mos kelishini ta’minlash;
sport obyektlarini sport inventarlari bilan jihozlash;
xalqaro federatsiyalar (uyushmalar) talablariga javob beradigan sport inshootlarini barpo etish maqsadida xorijiy mutaxassislarni (dizaynerlar, konstruktorlar, sport yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa mutaxassislar), pudratchi va loyiha tashkilotlarini shartnoma asosida jalb qilish;
amaldagi qurilish me’yorlari va qoidalarini, sport inshootlarining namunaviy loyihalarini takomillashtirish maqsadida xorijiy tajribani o‘rgangan holda energiyatejamkor hamda bino va inshootlardan foydalanish samaradoriligini oshiradigan texnologiyalar va qurilish materiallarini qo‘llash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish.
3. Quyidagilar Injiniring kompaniyasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
jismoniy tarbiya va sport obyektlarini, jismoniy tarbiya va sport tizimining ma’muriy binolarini va boshqa inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash qiymatidan ajratmalar;
xalqaro va xorijiy moliya institutlari, hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Injiniring kompaniyasiga sport obyektlarini xalqaro federatsiyalar (uyushmalar) standartlariga hamda xalqaro musobaqalar o‘tkazish talablariga javob beradigan inshootlar qurilishini ta’minlash maqsadida, zarurat bo‘lganda, sport obyektlarining loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda xorijiy mutaxassislarni, jumladan, pudratchi va loyiha tashkilotlarini belgilangan tartibda jalb qilishga ruxsat berilsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport obyektlarini jihozlash bo‘yicha manzilli dasturi loyihasini har yili 1-dekabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda, mazkur maqsadlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida shakllantiradi va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilangan tartibda 2019-yil 1-dekabrga qadar 2020-yil Investitsiya dasturiga kiritilgan sport obyektlarida loyiha-smeta hujjatlari, qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari yuzasidan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha huquq va majburiyatlarning Injiniring kompaniyasiga topshirilishini ta’minlasin.
7. Injiniring kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Toshkent shahar, A. Qodiriy ko‘chasi, 2-uy manzilida joylashgan binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
bir oy muddatda Injiniring kompaniyasining tuzilmasi va ustavini tasdiqlasin;
Injiniring kompaniyasini malakali kadrlar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X. Nabiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 19-noyabr,
916-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.11.2019-y., 09/19/916/4034-son)