O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Andijon viloyatida innovatsion texnologiyalar transferini faollashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Andijon viloyatida innovatsion infratuzilmani yanada rivojlantirish, tadbirkorlikni faollashtirish va investitsion salohiyatni oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, innovatsion ishlanma va texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayoniga keng joriy qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Andijon viloyati hokimligining O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar trasferi milliy ofisi muassisligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida “Andijon tajriba-ko‘rgazma maydoni”ni (keyingi o‘rinlarda — Ko‘rgazma maydoni) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
2. Quyidagilar Ko‘rgazma maydonining asosiy vazifalari etib belgilansin:
mahalliy va xorijiy ilmiy va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish;
innovatsion texnologiyalarni yaratish, joriy etish va foydalanish;
innovatsion faoliyatni tashkil etish va boshqarish, texnologiyalarning transferi va intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirish;
ilmiy konferensiyalar, seminarlar, treninglar va mahorat darslarini tashkillashtirish;
oliy ta’lim va ilmiy muassasalar, tadbirkorlik subyektlari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash;
innovatsion g‘oyalar va loyihalar, mahsulotlar va texnologiyalarning istiqbolli turlarini ishlab chiqishda o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish;
ko‘rgazma maydoni oliy ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasida innovatsion g‘oyalar va loyihalar, o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari rivojlanishi, ilmiy va laboratoriya tadqiqotlari olib borish, innovatsion faoliyat natijalarini tijoratlashtirish, yoshlar, olimlar va o‘qituvchilarni iqtisodiyot sohalarida ilmiy-texnik muammolarini hal etishga jalb qilish;
ilmiy va laboratoriya tadqiqotlarini olib borish, tajriba namunalarini, sanoat mahsulotlarining prototiplarini ishlab chiqish va ularning natijalarini ishlab chiqarishga joriy qilish;
muntazam ravishda yangi texnologiyalar ko‘rgazmasini tashkil etish asosida texnologiyalar transferini amalga oshirish.
3. Ko‘rgazma maydoniga uni joylashtirish va faoliyat yuritishi uchun Andijon viloyati Marhamat tumanining Z.M. Bobur nomli massividan 9 gektar yer maydoni doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
4. Ko‘rgazma maydonining bino va inshootlarini qurish va loyiha ishlarini amalga oshirishda:
Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi;
“Kommunal ta’mirlash” MChJ — bosh loyihachi va bosh pudratchi etib belgilansin.
5. Belgilansinki, Ko‘rgazma maydonining:
a) yangi texnologiyalarni mahalliy tadbirkorlikka transfer qilish faoliyatidan olingan daromadlari bo‘yicha belgilangan transfer sharti ustamalari 5 foizdan oshmagan miqdorda o‘rnatiladi;
b) binosini qurish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda laboratoriya uskunalarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:
Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;
xalqaro moliya va boshqa institutlar kreditlari, xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
v) faoliyati va saqlash xarajatlari quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:
Ko‘rgazma maydonining xo‘jalik faoliyatidan tushadigan daromadlarini hisobga olgan holda Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisining budjetdan tashqari mablag‘lari;
xalqaro moliya va boshqa institutlar kreditlari, xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qaroriga asosan “v” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
6. Andijon viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Andijon shahar hokimligi huzuridagi Innovatsion texnologiyalarni joriy etish markazini O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi huzurida qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bir oy muddatda:
Ko‘rgazma maydonini malakali kadrlar bilan to‘ldirishni ta’minlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Y. Abdurahmonov va Andijon viloyati hokimi Sh.K. Abdurahmonov zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-oktabr,
884-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/884/3962-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)