Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Jizzax filialini tashkil etish toʻgʻrisida
Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarda taraqqiyotga erishish borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Biroq shunga qaramasdan, soha mutaxassislarining psixologik bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish hamda jamiyatda psixologik bilimlarni keng targʻib etish borasida hali oʻz yechimini kutayotgan masalalar mavjud.
Hududda taʼlim-tarbiya jarayonini psixologik qoʻllab-quvvatlash, soha mutaxassislarining psixologik bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish hamda jamiyatda psixologik bilimlarni keng targʻib qilish, yoshlar bilan ishlaydigan psixolog-pedagoglar maktabini yaratish, umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun aynan bola psixologiyasiga ixtisoslashgan yuqori malakali psixolog kadrlar tayyorlashni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Jizzax viloyati hokimligining Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Jizzax filialini (keyingi oʻrinlarda Filial deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
psixologiya, pedagogika, matematika va tabiiy fanlar, mexanika va boshqa ehtiyoj yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni taʼminlash;
xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan, jumladan, psixologiya sohasida Rossiya Federatsiyasining yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida malakali kadrlar tayyorlash;
Rossiya Federatsiyasining yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda psixologiyaning ilmiy vazifalarini hal etishga yoʻnaltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish;
oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida respublika va xorijning yetakchi oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, olim va mutaxassislarini jalb etgan holda psixologiya sohasi boʻyicha pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish, oʻquv jarayoniga zamonaviy taʼlim texnologiyalarini va masofaviy oʻqitish usullarini joriy etish;
respublika va xorijning oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish.
3. Belgilansinki:
Filial Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;
2019/2020 oʻquv yilida Filialga davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasining qaroriga asosan tasdiqlanadi;
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda:
Filialning tuzilmasini oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq tasdiqlasin;
Filialning ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Filialni tanlov asosida, shu jumladan, psixologiya sohasida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan mutaxassislardan iborat yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
Filialda oʻquv-metodik jarayonning tashkil etilishini taʼminlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Filial axborot-resurs markazini tayanch oliy taʼlim muassasasi tomonidan qoʻshimcha oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
5. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablagʻlar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(5-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq 2019-yilda Filialni saqlashga budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2019-yil ijtimoiy soha uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida ajratiladi, 2020-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ushbu sohaga ajratiladigan xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi;
b) Filialning dastlabki faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq xarajatlar, shu jumladan:
Filialning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va Filialni joriy taʼminlash bilan bogʻlik xarajatlar — Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining budjetdan tashqari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlari hisobiga;
Filialning bino va inshootlarini joriy taʼmirlash va jihozlash (mebellar, kompyuter texnikasi, oʻquv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalar) bilan bogʻliq xarajatlar — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
7. Jizzax viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Jizzax shahar, Sh. Rashidov koʻchasi, 259-uy manzilida joylashgan Jizzax transport, aloqa kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda Filialga operativ boshqaruv huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki, Jizzax transport, aloqa kasb-hunar kolleji oʻquvchilari oʻqishni bitirgunlariga qadar Filial binolarida oʻquv jarayonini davom ettiradilar.
8. Jizzax viloyati hokimligi, zarurat boʻlganda, Filialning toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun uni qoʻshimcha bino va inshootlar, yer maydonlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini 2020-yil va keyingi yillar uchun shakllantirishda Filial bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash loyihalari ushbu dasturlarga belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Filialni onlayn maʼruza hamda masofaviy taʼlim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilma bilan taʼminlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻiga hamda elektron taʼlim milliy tarmogʻiga belgilangan tartibda ulash choralarini koʻrsin.
11. Filialga 2 ta, shu jumladan, 1 ta yengil va 1 ta maxsus avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov hamda Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-iyul,
563-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/563/3388-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)