Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qashqadaryo viloyatida oʻrmon xoʻjaligi sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Qashqadaryo viloyatida togʻ, togʻ yonbagʻirlari va choʻl hududlaridagi samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlaridan unumli foydalanish, yaylovzorlar, pista, bodom plantatsiyalarini barpo etish va oʻrmonzorlarni koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Qashqadaryo viloyati hokimligining Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimida davlat muassasasi shaklidagi Qumdaryo davlat oʻrmon xoʻjaligini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Qumdaryo davlat oʻrmon xoʻjaligining asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
oʻrmonzorlar barpo etish, oʻrmon fondini har tomonlama kengaytirish va muhofaza qilish, oʻrmon boyliklaridan oqilona foydalanishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
ajratilgan yer maydonlarida pista, bodom va dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etish hamda koʻchatxonalar tashkil etish;
oʻrmonlarni tiklash, ihota oʻrmonzorlarini koʻpaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, togʻ yonbagʻirlari hamda choʻl hududlarida eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻrmonlarni yongʻindan, zararkunanda va kasalliklardan, noqonuniy daraxt kesishdan va oʻrmon toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining boshqacha tarzda buzilishidan muhofaza va nazorat qilish.
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3. Qashqadaryo viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
Qashqadaryo davlat oʻrmon xoʻjaligining Chiroqchi tumani, Yettitom qoʻrgʻoni, 1-uy manzilida joylashgan binosi operativ boshqarish huquqi bilan Qumdaryo davlat oʻrmon xoʻjaligiga ajratib berilishini;
tabiiy oʻrmonzorlar maydonlari, dorivor oʻsimliklar zaxirasi mavjud maydonlar va tuman hokimliklari zaxirasidagi yer maydonlari pista va bodom plantatsiyalarini barpo qilish hamda dorivor oʻsimliklar yetishtirish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan oʻrmon xoʻjaliklariga ajratib berilishini;
Chiroqchi tumani hududidagi yer maydonlari xatlovdan oʻtkazilib, tabiiy oʻrmonzorlar va samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlaridan 28525 gektar maydon doimiy foydalanish huquqi bilan yangi tashkil etilayotgan Qumdaryo davlat oʻrmon xoʻjaligiga belgilangan tartibda ajratib berilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi:
bir oy muddatda yangi tashkil etilayotgan Qumdaryo davlat oʻrmon xoʻjaligining ustavi va shtat jadvali tasdiqlanishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda pistachilik sohasini yanada rivojlantirish, pistaning mamlakatimiz tuproq-iqlim sharoitlariga mos serhosil va yuqori sifatli navlarini koʻpaytirish hamda kelajakda yangi istiqbolli navlarini yaratish maqsadida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Qamashi davlat oʻrmon xoʻjaligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Pistachilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba xoʻjaligi faoliyatini tashkil etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Qumdaryo davlat oʻrmon xoʻjaligi faoliyatini moliyalashtirish 2019-yilda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga, keyingi yildan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, budjetdan tashqari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Qashqadaryo viloyati davlat oʻrmon xoʻjaliklari yer maydonlarida 2019-2020-yillarda pista, achchiq bodom, yongʻoq va chakanda plantatsiyalarini barpo etish hajmlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi, Toshkent davlat agrar universiteti, Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti, akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti:
ikki hafta muddatda hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib pista, achchiq bodom, yongʻoq va chakanda yetishtirishga ixtisoslashgan plantatsiyalarni tashkil etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqilishini;
2019-yil 1-aprelga qadar Qashqadaryo viloyatidagi oʻrmon xoʻjaliklari mutaxassislari ishtirokida pista, achchiq bodom, yongʻoq va chakanda yetishtirish yuzasidan oʻquv seminarlari oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi viloyatda mavjud tabiiy holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklar zaxirasini oʻrganishga va yoʻqolib ketish arafasida turgan oʻsimliklar zaxirasini muhofaza qilishga, monitoringini olib borishga hamda ularning tabiiy koʻpayish shart-sharoitlarining ilmiy asoslarini tadqiq etishga yoʻnaltirilgan davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida bajariladigan ilmiy loyihalarni ikki oy muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilishini taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov va Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Sh. Roʻziyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-mart,
213-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2019-y., 09/19/213/2760-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)