Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Orol dengizi qirgʻoqlarida artemiya sistalarini yigʻib olish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QXT, 2014-yil, 43-son, 530-modda) bilan tasdiqlangan Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida nizomning 20-bandi quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Istisno tariqasida, artemiya sistalari yigʻib olish uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddati keyingi kalendar yilining 31-mart kuniga qadar belgilanadi”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi Orol dengizi qirgʻoqlarida artemiya sistalarini yigʻib olish ishlarini amalga oshirish uchun 2018-yilda yuridik va jismoniy shaxslarga rasmiylashtirilgan ruxsatnomalarning amal qilish muddatini 2019-yilning 31-mart kuniga qadar uzaytirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.T. Qoʻchkarov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 6-fevral,
98-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2019-y., 09/19/98/2584-son)