[
OKOZ:
1.
19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.01.00.00 Davlatlararo aloqalarda umumiy masalalar / 19.01.01.00 Davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarda asosiy tamoyillar]
[
TSZ:
1.
Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2019-2020-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi
Toshkent, 5-sentabr 2018-yil
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2018-yil 5-sentabrdan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1995-yil 8-oktabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida hamkorlik va maslahatlashuvlar to‘g‘risida Protokol qoidalariga amal qilgan holda,
ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga intilib,
2019-2020-yillarda quyidagi tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldilar:
I. Ikki tomonlama maslahatlashuvlar
Tomonlar Tashqi ishlar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari yoki Tomonlar boshqarmalari rahbarlari va ekspertlari darajasida maslahatlashuvlar o‘tkazishlari mumkin.
Maslahatlashuvlarning kun tartibi quyidagi masalalarni qamrab oladi:
1. Turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish (2019-2020-yillar);
2. Muhim va dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokamasi; Islom hamkorligi tashkiloti doirasida hamkorlikni amalga oshirish (2019-2020-yillar);
3. Ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ular o‘rtasida o‘zaro tovarlar almashinuvi hajmining oshishiga ko‘maklashish, har bir davlatga investitsiyalarning oqimini jadallashtirish (2019-2020-yillar);
4. Tomonlar davlatlari o‘rtasida tuzilgan ikki tomonlama shartnomalarni samarali va izchil bajarilishini ta’minlash maqsadida ularni ko‘rib chiqish, shartnomaviy-huquqiy bazani yanada kengaytirish va inventarizatsiya qilish, xalqaro ommaviy huquq normalarini shakllantirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashish (2019-yil).
Zaruriyat tug‘ilganda, boshqa maslahatlashuvlar va ishchi uchrashuvlar o‘tkazilishi mumkin.
Tomonlar maslahatlashuvlarni o‘tkazish joyi va aniq muddatlarini diplomatik kanallar orqali kelishadilar.
II. Axborot almashinuvi va axborot-ma’lumot faoliyatini kengaytirishda o‘zaro ko‘maklashish
Tomonlar o‘zaro kelishuv asosida axborot almashadilar, o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan davriy nashrlar, press-relizlar, bosma nashrlar va boshqa ochiq materiallarni taqdim etadilar.
III. Amaliy hamkorlikka ko‘maklashish
Tomonlar ikki davlatning tegishli idoralari o‘rtasida amaliy hamkorlik loyihalarini ro‘yobga chiqarish va boshqa muayyan masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazilishiga ko‘maklashadilar, shuningdek, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik loyihalarini amalga oshirishda diplomatik yordam ko‘rsatadilar.
Mazkur Dastur qoidalarini qo‘llash va talqin qilishda yuzaga keladigan nizo va kelishmovchiliklarni Tomonlar diplomatik kanallar orqali muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal qiladilar.
Toshkent shahrida 2018-yil 5-sentabrda ikki asl nusxada, har biri o‘zbek, arab va ingliz tillarida imzolandi. Talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi mati ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)