Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi va ularning aylanishini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyundagi “Dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan taʼminlashni yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5460-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PF-137-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2025-y., 06/25/137/0777-son)
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2018-yil 1-noyabrdan boshlab:
ariza beruvchining xohishiga koʻra Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestridan (keyingi oʻrinlarda — Davlat reyestri) koʻchirma taqdim etish orqali dori vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi guvohnomasini (uning dublikatini) berish toʻgʻrisidagi talab bekor qilinadi;
davlat organlari va tashkilotlari davlat xizmatlarini koʻrsatishda dori vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi koʻchirmani Davlat reyestridan mustaqil ravishda elektron shaklda oladilar;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4554-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2020-y., 07/20/4554/0014-son)
Oldingi tahrirga qarang.
oʻlchash funksiyalariga ega tibbiy texnikani qiyoslash, shuningdek, tibbiy texnikani majburiy davriy sinovdan oʻtkazish Oʻzbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi tomonidan belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5624-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son)
dorixonalar va ularning filiallari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda maxsus uskunadan foydalangan holda dorixona sharoitida qadoqlangan, oʻralgan va markirovka qilingan “angro” mahsulotini sotish huquqiga ega;
tibbiyot muassasalari, shu jumladan davlat tibbiyot muassasalariga “angro” mahsulotini dori vositalarini saqlash va tarqatish tartibiga rioya qilgan holda sotib olishga ruxsat etiladi.
3. Belgilansinki, “angro” mahsuloti deb yirik qadoqda ishlab chiqariladigan va sotiladigan, shuningdek, keyinchalik tayyor dori vositalarini ishlab chiqarish (tayyorlash) uchun ishlatiladigan dori vositasi hisoblanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kunlik muddatda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish natijalarini tan olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
2018-yil 1-noyabrga kadar muddatda dori vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi rasmiy veb-saytida joylashtirilishini taʼminlasin;
2018-yil 1-noyabrga qadar muddatda dorixona sharoitida “angro” mahsulotini qadoqlash, oʻrash va markirovka qilish uchun maxsus uskunalar mavjudligiga, shuningdek, mahsulotni qadoqlash, oʻrash, markirovka qilish va sotishni amalga oshirayotgan shaxslarning malakasiga doir talablarni oʻz ichiga olgan dorixonalar va ularning filiallari tomonidan “angro” mahsulotini sotish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oldingi tahrirga qarang.
2019-yil 1-aprelga kadar muddatda Oʻzbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi bilan birgalikda Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaga berilgan muvofiqlik sertifikatlarini monitoring qilish yagona axborot tizimini ishlab chiqsin va joriy etsin;
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PF-5624-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son)
ikki oy muddatda Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi PQ-3487-son qarori bilan tasdiqlangan Tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) xarid qilishning alohida tartibi belgilanadigan, strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalari roʻyxatining rus tilidagi matni quyidagi mazmundagi 19-band bilan toʻldirilsin:
“19. AK “Dori-Darmon”.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-sentabr,
PQ-3948-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PF-137-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2025-y., 06/25/137/0777-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.09.2018-y., 07/18/3948/1954-son; 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son, 01.01.2020-y., 07/20/4554/0014-son; 27.10.2022-y., 07/22/411/0961-son; 23.08.2025-y., 06/25/137/0777-son)