O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQARO TIKLANISh VA TARAQQIYoT BANKI IShTIROKIDA MOLIYAVIY SEKTORNI INSTITUTSIONAL RIVOJLANTIRISh LOYIHASI DOIRASIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BANKLARINI XUSUSIYLAShTIRISh TADBIRLARINI AMALGA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-sentabrdagi 433-sonli “O‘zbekiston Respublikasi banklarini xususiylashtirish byurosining faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika moliya va bank tizimini isloh qilishni davom ettirish, tijorat banklarini xususiylashtirish, raqobatni rivojlantirish va bank sektoriga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay muhit yaratish maqsadida, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida Moliyaviy sektorni institutsional rivojlantirish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 19-iyuldagi 348-son qaroriga qo‘shimcha ravishda Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida imzolangan qarz bitimi (Moliyaviy sektorni institutsional rivojlantirish loyihasi) shartlariga muvofiq bir qancha tijorat banklarini xususiylashtirish va qayta tarkibini o‘zgartirish komponentini amalga oshirish nazarda tutilganligi;
banklarni xususiylashtirish va tarkibini o‘zgartirish komponentini amalga oshirishda “Asaka” banki, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Paxta-bank” va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda o‘z ustav sarmoyalarida davlat ulushi bo‘lgan boshqa tijorat banklari qatnashayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining Moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi banklarini xususiylashtirish byurosini (keyinchalik “Byuro” deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilansinki, Banklarni xususiylashtirish byurosi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga hisobot beradi, unga joriy rahbarlik qilish Moliya vazirligi tomonidan tayinlanadigan direktor tomonidan amalga oshiriladi;
Byuroning ustav fondi 35 mln so‘mni tashkil etadi, u davlat budjeti mablag‘lari hisobiga, shuningdek kompyuter va tashkiliy texnika sifatidagi mulkiy ulush qo‘shish yo‘li bilan Moliya vazirligi tomonidan shakllantiriladi;
Byuro xodimlarining cheklangan soni (yordamchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari) 6 nafarni tashkil etadi va u 1-ilovaga muvofiq tuzilmaga ega bo‘ladi;
Byuroning joriy faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlash ustav fondi va qarz mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi, xodimlar mehnatiga ko‘rsatib o‘tilgan manbalardan milliy valyutada haq to‘lanadi.
4. Quyidagilar Byuroning asosiy vazifalari etib belgilansin:
iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlar ustuvorliklarini hisobga olgan holda tijorat banklarini xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
banklarni yakka tartibda xususiylashtirish tadbirlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish;
strategik investorlarni jalb qilgan holda banklarni xususiylashtirish masalalari bo‘yicha Hukumat qarorlari amalga oshirilishini nazorat qilish va uning monitoringini olib borish;
loyihani amalga oshirish uchun xalqaro maslahatchilarni, xorijiy tashkilotlar va moliyaviy institutlarni jalb etish;
xalqaro maslahatchilar, xorijiy tashkilotlar va moliyaviy institutlar, shuningdek qarz berish shartlariga muvofiq xorijiy investorlar jalb etilishi uchun texnik topshiriqlarni tayyorlash va tenderlar tashkil etish;
xususiylashtirilayotgan banklarning moliyaviy ahvoli tekshirilishini tashkil etish va uni amalga oshirish;
yirik banklarning aksiyalarini keyinchalik chet elda joylashtirish uchun investitsiya ehtiyojlarini o‘rganib chiqish va xususiylashtirilayotgan banklarni yanada rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
xususiylashtirilayotgan banklar samarali ravishda taqdimotdan o‘tkazilishini tashkil etish va uni amalga oshirish;
moliyaviy sektorni isloh qilishga jalb etilgan mamlakatimizning va xorijiy tashkilotlar va moliyaviy institutlar o‘rtasida ishlarni muvofiqlashtirishni va hamkorlikni ta’minlash.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Byuroni joylashtirish uchun joy ajratsin.
6. Banklarning davlatga tegishli aksiyalari paketlarini potensial investorlarga sotish bo‘yicha 2-ilovaga* muvofiq tarkibda davlat tender komissiyasi tuzilsin.
*2-ilova berilmaydi.
Belgilansinki, Davlat tender komissiyasi a’zolari boshqa ishga o‘tganlari taqdirda ularning lavozimiga yangidan tayinlangan shaxslar komissiya tarkibiga kiritiladi.
7. Quyidagilar Davlat tender komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlatga tegishli aksiyalar paketlarini sotish oldidan tayyorlash va ularni potensial investorlarga sotish masalalari bo‘yicha vakolatli davlat organlari va xususiylashtirilayotgan banklarning, shuningdek, jalb qilingan ekspert kompaniyalar hamda vositachilarning birgalikdagi faoliyatini tashkil etish;
davlatga tegishli aksiyalar paketlarini sotish oldidan tayyorlash va ularni sotish uchun texnik, moliyaviy va boshqa maslahatchilar va ekspertlarni jalb qilish shartlarini belgilash;
davlatga tegishli aksiyalar paketlarini sotib olish uchun da’vogarlarning foydaliroq takliflarini ekspertiza qilish va tanlash;
baholashning oshkoraligi, halolligi va talablarning yagonaligi asosida tender qatnashchilari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish.
8. Komissiya O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat mulki qo‘mitasi va Markaziy banki bilan birgalikda bir oy muddatda Banklarning davlatga tegishli aksiyalari paketlarini potensial investorlarga sotish bo‘yicha davlat tender komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi va Byuroning buyurtmanomalariga ko‘ra loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy maslahatchilarga, ularni davlat poshlinalari to‘lashdan ozod qilgan holda ko‘p martalik vizalarni belgilangan tartibda berish va ularning muddatlarini uzaytirishni, shuningdek, vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlarini uzaytirishni ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi va Byuroning buyurtmanomalariga ko‘ra loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga kelish vizalarini belgilangan tartibda rasmiylashtirishni ta’minlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari R.S.Azimov va Markaziy bank raisi F.M.Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 19-fevral,
82-son
O‘zbekiston Respublikasi banklarini xususiylashtirish Byurosining shtatdagi xodimlari soni
| Direktor |
— 1 |
| Direktor o‘rinbosari |
— 1 |
| Baholash va banklarni tahlil qilish bo‘yicha ekspert |
— 1 |
| Xususiylashtirish bo‘yicha mutaxassis |
— 2 |
| Yurist |
— 1 |
| Jami: |
— 6 |