Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatda mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga va yangilarini tashkil etishga qaratilgan faol investitsiya siyosati, shuningdek, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar yildan-yilga ehtiyoj ortib borayotgan energiya resurslarini ishonchli manbalar bilan taʼminlashni talab qilmoqda.
Shu bilan birga, hozirgi vaqtda respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga boʻlgan ehtiyoji energiyaning qayta tiklanmaydigan manbalaridan, jumladan, resurslari cheklangan uglevodorod xomashyolaridan ustun darajada foydalanish hisobiga qoplanmoqda. Vaholanki, mamlakatda uran xomashyosining ulkan zaxirasi boʻla turib, amalda atom energetikasi salohiyati ishga solinmagan.
Aholi va mamlakat iqtisodiyotining elektr energiyasiga boʻlgan oʻsib borayotgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, energiya hosil qiluvchi quvvatlarni koʻpaytirish hisobiga energiya bilan barqaror taʼminlash, energetika sektorini diversifikatsiya qilish, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish va ushbu yoʻnalishlarga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energiyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzatom” agentligi deb yuritiladi) tashkil etilsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
Belgilansinki, “Oʻzatom” agentligi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladi.
2. Quyidagilar “Oʻzatom” agentligining atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlash, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, atom energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish;
sanoat va ekologiya xavfsizligining xalqaro talablariga javob beradigan zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni joriy etgan holda, atom energetikasi obyektlarini loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish boʻyicha bitimlar va shartnomalar tuzish;
atom fani va yadro texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni, fundamental tadqiqotlar, ilmiy-qidiruv, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlar loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish;
tadqiqot va energetika atom reaktorlari, yadro-fizika qurilmalari, yadro materiallari va radiatsiya manbalarini saqlash, radioaktiv chiqindilarni koʻmish punktlarining rivojlanishini va ularning xavfsiz ishlashini taʼminlash;
respublikadagi obyektlarning radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligi tizimini boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda yadro avariyalari va radiatsiyaviy avariya vaziyatlarining oldini olish boʻyicha tadbirlar rejasini ishlab chiqqan holda takomillashtirish;
yadro materiallari va texnologiyalari, radioaktiv materiallar tarqalmasligini taʼminlash, jismoniy himoya qilish hamda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish;
kadrlarni, shu jumladan, yetakchi xorijiy institutlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;
Xalqaro atom energiyasi agentligi, Atom energiyasi boʻyicha Yevropa hamjamiyati va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik va oʻzaro aloqalarni amalga oshirish;
atom energetikasi sohasiga xorijiy investitsiyalarni va ilgʻor texnologiyalarni jalb etish maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Oʻzatom” agentligi huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, atom energetikasini rivojlantirish sohasidagi xalqaro ekspertlar tarkibiga kiritilgan Ilmiy-texnik va ekspert kengashi tashkil etilsin.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
Belgilansinki, atom energetikasini rivojlantirishning strategik masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilish “Oʻzatom” agentligining Ilmiy-texnik va ekspert kengashi xulosalari asosida amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin;
2018-yil 1-oktabrga qadar muddatda “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
5. “Oʻzatom” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2018-yil 20-dekabrga qadar — 2019 — 2029-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya);
2019-yil 1-iyunga qadar — ishlab chiqilgan Konsepsiyaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalari portfeli;
2019-yil 1-noyabrga qadar — 2019 — 2029-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturi loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Dastur), shuningdek, Konsepsiya va Dasturning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarning ishlab chiqilishini va tasdiqlash uchun kiritilishini taʼminlasin.
Konsepsiya va Dastur loyihalarini ishlab chiqishda quyidagi masalalarni hal etishga alohida eʼtibor qaratilsin:
Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha kompleks istiqbolni koʻrish va strategik vazifalarga;
yuqori darajadagi sanoat va ekologik xavfsizlikni taʼminlaydigan zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda atom energetikasi va tegishli infratuzilma obyektlarini qurishga;
yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik, shu jumladan, chiqindilar utilizatsiya qilinishi va ishlatilgan yadro yoqilgʻisi saqlanishi ustidan nazoratni tashkil etishga;
atom energetikasi sohasida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalarida va chet elda mutaxassislar tayyorlashga, shuningdek, ularning yetakchi xorijiy kompaniyalarda stajirovka oʻtashini tashkil etishga.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi “Oʻzatom” agentligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-dekabrga qadar muddatda:
atom energetikasi sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetiga qabul kvotalari;
talabalarning atom energetikasining aniq mutaxassisliklari yuzasidan xorijiy taʼlim muassasalarida taʼlim olishi va stajirovka oʻtashi boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar bilan atom energetikasini rivojlantirish uchun kreditlar va grantlarni jalb etish boʻyicha tizimli ishlar olib borilishini taʼminlasin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-iyul,
PF-5484-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2018-y., 06/18/5484/1546-son; 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)