O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IQTISODIYOTNI KREDITLASh MEXANIZMINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Iqtisodiyotning real sektorini mablag‘ bilan ta’minlashga kredit resurslarini jalb etish mexanizmini takomillashtirish, iqtisodiy jihatdan yuqori samarali ishlab chiqarishlar barpo etishni rag‘batlantirish, respublikada pul bozorini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklarining:
pul massasini bozor prinsiplariga muvofiq resurslarni kredit auksionlari orqali xarid qilish va sotish yo‘li bilan boshqarish, shuningdek yuqori likvidli qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish (PEPO operatsiyalari) yo‘li bilan kredit berish mexanizmini takomillashtirish;
iqtisodiyotning real sektori loyihalariga tijorat banklari tomonidan, shu jumladan resurslarni kredit auksionlarida xarid qilish hisobidan kredit berishni qo‘shimcha ravishda kengaytirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Tijorat banklariga kredit auksionlarida xarid qilinadigan resurslarni iqtisodiyotning real sektori korxonalariga qayta moliyalashtirishda marjani 2 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda qo‘llash tavsiya etilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
tijorat banklari investitsiya loyihalarini mablag‘ bilan ta’minlash uchun kreditlarni belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslash va tavakkalchiliklarning maqbulligini baholagan holda qaytarish, muddatlilik va o‘zini o‘zi qoplash shartlarida beradi;
qarz oluvchi korxonalar rahbarlari investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanganligi, axborotning o‘z vaqtida taqdim etilishi va ishonchliligi, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslash parametrlariga va biznes-rejalarga muvofiq amalga oshirilishi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
4. Tijorat banklari Kengashlari va Boshqaruvlariga:
Oldingi tahrirga qarang.
bank kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish va tasdiqlashda real sektorni kreditlash ko‘lamlari va shakllarini yanada kengaytirishni, kichik korxonalarga, xususiy tadbirkorlarga, dehqon va fermer xo‘jaliklariga mikrokreditlar berishni nazarda tutish;
(4-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
iqtisodiyotning real sektorini kreditlash bo‘yicha buyurtmanomalarni tanlab olishda asosan mahalliy xomashyodan eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan loyihalar tanlab olinishini ta’minlash;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarga investitsiya loyihalarini ishlab chiqishda va ularni mablag‘ bilan ta’minlashda marketing, injiniring va konsalting xizmatlarini ko‘rsatish orqali ular bilan hamkorlik munosabatlarini takomillashtirish;
ayrim loyihalarni mablag‘ bilan ta’minlashda tavakkalchiliklar bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida ular amalga oshirilishining doimiy monitoringini tashkil etish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi O‘zbekiston banklar uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda bozor infratuzilmasi korxonalari, shu jumladan keyinchalik tijorat banklari tomonidan mablag‘ bilan ta’minlanishi uchun loyihalar tayyorlanishini ta’minlovchi loyiha-injiniring va baholash kompaniyalari faoliyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
amaldagi qonun hujjatlariga olinayotgan kreditlar bo‘yicha garov sifatida taqdim etilayotgan mulkni sotishning soddalashtirilgan tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 22-avgust,
349-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 15-16-son, 107-modda; 2004-y., 3-son, 31-modda)