“Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, go‘sht va go‘sht mahsulotlari xavfsizligiga qo‘yiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Go‘sht va go‘sht mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament hamda uni joriy etish sxemasi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
Go‘sht va go‘sht mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament u rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab o‘n sakkiz oy o‘tgach amalga kiritilsin.
2. “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlar amalga kiritilgach, standartlashtirish bo‘yicha ularda ko‘rsatilgan mahsulotlar va xizmatlarga doir ilgari qabul qilingan normativ hujjatlar majburiylik xususiyatini yo‘qotishi va belgilangan tartibda qo‘llanilishida ixtiyoriylik kasb etishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. “O‘zstandart” agentligi vakolatli davlat organlari bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament amalga kiritilgan kundan boshlab go‘sht va go‘sht mahsulotlarini standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni qo‘llashda majburiylik xususiyatini bekor qilish va ixtiyoriylikni ta’minlash yuzasidan belgilangan tartibda chora-tadbirlar ko‘rsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” XK, “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda tasdiqlangan Umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qo‘llash tartibi to‘g‘risida aholi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik faoliyati subyektlari keng xabardor qilinishini ta’minlasinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T. Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.S. Otajonov, “O‘zbekoziqovqatxolding” XK boshqaruvi raisi T.A. Jalilov hamda “O‘zstandart” agentligi bosh direktori A.U. Karimov zimmasiga yuklansin.