O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida
Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq huquqlarini amalga oshirishga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotida vujudga kelgan masalalar va fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asosan, qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasiga binoan har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuni talablarining og‘ishmay bajarilishi fuqarolarning ijtimoiy ta’minotga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarining kafolati hisoblanadi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq ishlarini ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2022-yil 13-oktabrdagi 592-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-dekabrdagi 971-son qarori bilan tasdiqlangan “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mehnat shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, elektron mehnat daftarchalarini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizom, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 29-yanvarda 402-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Mehnat daftarchalarini yuritish to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma va ushbu sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar normalari qo‘llanishi lozim.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
3. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida” 1993-yil 3-sentabrdagi 939-XII-sonli Qaroriga muvofiq Qonun tatbiq etilgunga qadar amalda bo‘lgan:
pensiyalar tayinlashda va pensiyalarni qayta hisoblashda ish haqini hisoblab chiqish uchun tuzatish koeffitsiyentlarini qo‘llash;
ilgari amalda bo‘lgan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan zararli va mehnat sharoiti og‘ir ishlarda Qonun amalga kiritilgunga qadar ishlagan shaxslarning yoshiga qarab imtiyozli pensiya bilan ta’minlanish tartibi saqlab qolingan.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Sudlarga tushuntirilsinki, Qonunga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktabrdagi 592-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq pensiyalarni tayinlash va to‘lash, shuningdek, fuqarolarning pensiya ta’minoti bilan bog‘liq boshqa masalalarni ko‘rish O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari (bundan buyon matnda Pensiya jamg‘armasi deb yuritiladi) tomonidan amalga oshirilib, ularning qarorlari, mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi yuqori turuvchi organlarining fuqarolarning pensiya ta’minoti bilan bog‘liq qarorlari, mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan ham sudga shikoyat qilinishi mumkin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
5. Davlat pensiya ta’minotiga oid huquqni amalga oshirish bilan bog‘liq quyidagi ishlar sudda ko‘rilishi mumkin:
ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mehnat faoliyati davrlarini belgilash haqidagi;
ish stajini tasdiqlovchi hujjatning tegishlilik faktini belgilash haqidagi;
ish o‘rinlarining attestatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud bo‘lmaganda, o‘ta zararli va o‘ta xavfli mehnat sharoitlarida ishlaganlik faktini belgilash haqidagi;
faoliyatning sug‘urta badallari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi asosi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining pensiya tayinlash bo‘yicha komissiyasining faoliyat davrlarini mehnat stajiga qo‘shishni rad etish haqidagi qarorlari ustidan shikoyat berish;
Pensiya jamg‘armasining pensiya tayinlash bo‘yicha komissiyasining pensiya tayinlashni rad etish, pensiyani bir turdan boshqa turga o‘tkazishni rad etish, pensiyadan chegirmalar qilish to‘g‘risidagi qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi.
Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, ushbu ro‘yxat tugal hisoblanmaydi va arizani ish yurituviga qabul qilish masalasini hal qilish vaqtida har qanday huquq buzilishi sud orqali tiklanishi mumkinligidan, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy, mulkiy huquqlarining vujudga kelishi, o‘zgarishi va bekor bo‘lishi bilan bog‘liq har qanday fakt belgilanishi mumkinligidan kelib chiqish lozim.
Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, ish haqi miqdori hamda sug‘urta badali to‘langanligi tegishli hujjatlar (shtat jadvali, to‘lov vedomosti, to‘lov topshiriqnomasi va boshqalar) bilan tasdiqlanishi sababli bunday yuridik faktlarni sud tomonidan belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, Fuqarolik protsessual kodeksining 26-moddasiga muvofiq yuridik faktlarni belgilash haqidagi arizalar, shuningdek pensiya olish bilan bog‘liq huquqni amalga oshirish haqidagi da’vo arizalar fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlarga, Pensiya jamg‘armasi organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi)ga nisbatan shikoyatlar esa, ma’muriy sudlarga taalluqlidir.
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Xodimning mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda kasb kasalligiga uchraganligi yoki mehnatda mayiblanganligi oqibatidagi nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganligi uchun, shuningdek yoshga doir pensiya yoshiga to‘lguniga qadar Qonunni 12-moddasining “b” bandiga muvofiq tayinlangan pensiyalarni korxona va tashkilotlardan regress tartibida undirish to‘g‘risidagi da’volar iqtisodiy sudlarga taalluqlidir.
7. Sudlar nazarda tutishi lozimki, Qonunda quyidagi davlat pensiya turlari belgilangan:
yoshga doir pensiya;
nogironlik pensiyasi;
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.
Pensiya turlari bir-biridan vujudga kelish vaqti va asoslari bilan farqlanishi va bu ishni to‘g‘ri hal qilish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligi sababli, sudlar pensiya ta’minotiga bo‘lgan huquqni amalga oshirish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda fuqaro da’vo qilayotgan pensiya turi va pensiya tayinlash huquqining vujudga kelganlik asoslarini aniq belgilashi talab etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Sudlarga tushuntirilsinki, Qonunning 37-moddasiga asosan, yoshga doir umumiy asoslarga ko‘ra pensiya tayinlash uchun faoliyat turi, mulk va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’iy nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsa, 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun xodim tomonidan bajarilgan har qanday ish, basharti mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan bo‘lsa, ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Shu bilan birgalikda, yoshga doir pensiyadan farqli ravishda mehnatda mayiblanganda yoki kasb kasalligiga uchraganda beriladigan nogironlik pensiyalari, mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinganlik oqibatida boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya tayinlashda ish stajining davomiyligi yuridik ahamiyatga ega emas. Ish stajining davomiyligi 20 yoshga to‘lgunga qadar umumiy kasallik tufayli ish davrida yoki ishlash to‘xtatilganidan keyin nogiron bo‘lib qolgan shaxslarga pensiya tayinlashda ham ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Qonunni 1-moddasining to‘rtinchi qismiga asosan, ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar va ularning oilalari ushbu Qonunga binoan davlat pensiyalari olish huquqiga ega emasligi qayd etilganligi sababli, ish stajining davomiyligi emas balki mavjud yoki mavjud emasligi ahamiyat kasb etadi. Bunday shaxslarning ijtimoiy ta’minlanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi 119-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom bilan tartibga solinadi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Umumiy kasallik tufayli nogironlik pensiyasi, shuningdek, umumiy kasallik oqibatida boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga pensiya nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlik tufayli vujudga kelgan vaqtda Qonunning 17-moddasi bilan belgilangan ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda tayinlanadi.
Yetarli miqdorda ish stajiga ega bo‘lmagan (Qonunning 17-moddasi) umumiy kasallik oqibatidagi I va II guruh nogironlariga nogironlik pensiyasi bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi, nogironlik pensiyasi tayinlash uchun yetarli miqdorda ish stajiga ega bo‘lmagan umumiy kasallik oqibatida vafot etgan boquvchisini yo‘qotgan oila a’zolariga esa, pensiya boquvchining bor stajiga mutanosib miqdorda tayinlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiyaga bo‘lgan huquqni amalga oshirish bilan bog‘liq nizolarni hal qilish, sudlar Qonunning 19-moddasida belgilangan, boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasidan kelib chiqishi lozim.
(8-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Sudlar nazarda tutishi lozimki, 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari xodimga to‘lanadigan ish haqi shaklidagi daromadlardan hisoblanadi va ushlab qolinadi, 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun esa xodimning mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlaridan hisoblanadi (O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 371-moddasi).
Pensiya jamg‘armasiga hisoblangan sug‘urta badallari to‘g‘risidagi va xodimning mehnatiga haq to‘lash tarzidagi daromadlari soliq organlarida shakllantirilgan ma’lumotlar asosida aniqlanadi.
Shundan kelib chiqqan holda, sudlar ish beruvchining ijtimoiy soliq, yagona ijtimoiy to‘lov va sug‘urta badallari bo‘yicha qarzdorligi mavjudligi sababli ish davrini stajga qo‘shmaganlik bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda, bu holat ish faoliyati davrini xodimning ish stajidan chiqarish uchun asos bo‘lmasligini inobatga olishlari lozim.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
10. Qonunning 7-moddasiga muvofiq yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
Pensiya yoshiga yetgan va yetarli miqdorda ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiya Qonunni 37-moddasi birinchi qismining “a” — “g” va “k” bandlarida nazarda tutilgan kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Ish faoliyatining muayyan davrini hisobga olinadigan ish stajiga qo‘shish yoki qo‘shmaslik bilan bog‘liq nizolarni hal qilish vaqtida sudlar Qonunning 37-moddasi talablaridan kelib chiqishi lozim.
(11-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Xususan, ish stajiga quyidagilar qo‘shib hisoblanadi:
a) 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — faoliyat turi, mulk va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’iy nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsa;
2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — xodim tomonidan bajarilgan har qanday ish, basharti mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan bo‘lsa, shuningdek jismoniy shaxsning 2021-yil 1-iyundan keyingi ishlamagan davri uchun uning eri (xotini) mehnatga haq to‘lash tarzidagi o‘z daromadlaridan ixtiyoriy asosda ijtimoiy soliq to‘lagan davr;
b) harbiy xizmat va partizan otryadlari hamda qo‘shilmalarida bo‘lish, davlat xavfsizligi organlarida, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida va ichki ishlar organlarida xizmat qilish;
v) idoraviy bo‘ysunuvidan qat’iy nazar, harbiylashtirilgan soqchilikdagi, maxsus aloqa organlari va tog‘-kon-qutqaruv qismlaridagi xizmat;
g) yakka tartibdagi mehnat va oilaviy tadbirkorlik faoliyati, shu jumladan shaxsiy yordamchi xo‘jalikdagi va yuridik shaxs tashkil etilmagan holdagi dehqon xo‘jaligidagi faoliyat:
2019-yil 1-yanvarga qadar davr uchun — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan taqdirda;
2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — yagona ijtimoiy to‘lov to‘langan taqdirda;
2020-yil 1-yanvardan — ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda.
d) I guruh nogironiga yoki 18 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolaga, shuningdek o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan (davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra) 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt;
e) oliy ta’lim muassasalarida, aspiranturada, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutida, doktoranturada, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida va klinik ordinaturada kunduzgi o‘qish, shu jumladan, chet elda o‘qish;
j) bola 3 yoshga to‘lguncha bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 6 yil;
z) ofitserlar tarkibidan bo‘lgan shaxslarning, praporshiklarning, michmanlarning va muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilarining xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqt, lekin 10 yildan oshmagan davr;
i) O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning xotini (eri) chet elda bo‘lgan, lekin 10 yildan oshmagan davr;
k) ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa.
Qayd etilgan “d” — “i” bandlarida nazarda tutilgan davrlar ushbu bandning “a” — “g” va “k” bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan fuqarolar stajiga “d” — “i” bandlarda nazarda tutilgan davrlar qayd etilgan bandning “a” — “g” va “k” bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan staj muddatidan qat’iy nazar qo‘shiladi.
Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatida I va II guruh nogironligida bo‘lingan vaqt yoshga doir yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo‘shib hisoblanadi. Yoshga doir pensiya tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt pensiyani hisoblab chiqarish uchun stajga qo‘shib hisoblanmaydi.
I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Ota-onasidan judo bo‘lgan (chin yetim) bolalarga tayinlanadigan boquvchisini yo‘qotganlik pensiya miqdorini oshirish ham ota, ham onaning umumiy ish stajiga qarab, Qonun 27-moddasining “g” bandida ko‘rsatib o‘tilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.
(11-bandning ikkinchi — o‘n beshinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan ikkinchi — yigirma birinchi xatboshilari bilan almashtirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktabrdagi 592-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 27-bandiga muvofiq 1965-yildan keyingi davr uchun jamoa xo‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqarishda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi.
(12-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 182 va 221-moddalariga asosan, jamoa xo‘jaligida ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri bayram kunlarini hisobdan chiqargan holda olti kunlik ish haftasidan kelib chiqib belgilanishi lozim.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Jamoa xo‘jaligida mehnatda ishtirok etganlik holati quyidagi hujjatlar bilan tasdiqlanadi:
mehnatning haqiqiy davri va muayyan yilda mehnatda ishtirok etish minimumi ko‘rsatilgan xo‘jalik a’zosining mehnat daftarchasi;
xo‘jalikning har bir a’zosiga kadrlar bo‘limi tomonidan mehnatning haqiqiy davri va muayyan yilda mehnatda ishtirok etish minimumi to‘g‘risida ma’lumotlar aks ettirilgan holda yuritilishi lozim bo‘lgan shaxsiy kartochka;
jamoa xo‘jaligi boshqaruvining har yilda o‘tkazilib kelingan va xo‘jalik a’zolarining mehnatda ishtirok etish minimumi belgilangan qarori.
Shu munosabat bilan sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, mehnat stajini hisoblash vaqtida yuqorida ko‘rsatilgan ikki asos mavjud bo‘lgan holda jamoa xo‘jaligi boshqaruvining bunday qarori talab etilishi ortiqcha hisoblanadi.
Jamoa xo‘jaligi boshqaruvining mehnatda ishtirok etishning minimumini belgilovchi qarori mavjud bo‘lmagan hollarda, sudlar, bir yil uchun qabul qilingan qarorga muvofiq, keyingi ikki yil uchun mehnatda ishtirok etish minimumi faktini belgilashga haqlidir (masalan, 1980-yil uchun boshqaruv qarori mavjud bo‘lganda, 1981-1982-yillar uchun mehnatda ishtirok etishning minimum fakti belgilanadi).
Sudlarga tushuntirilsinki, bunday fakt muayyan davr uchun jamoa xo‘jaligi bir a’zosining mehnatda ishtirok etishning minimumi ko‘rsatilgan mehnat daftarchasi asosida boshqasining mehnat daftarchasida esa bunday ma’lumotlar ko‘rsatilmagan hollarda ham tasdiqlanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Ijodiy faoliyat bilan mashg‘ul xodimning mehnat faoliyati davrini ish stajiga qo‘shmaslik haqidagi nizolarni hal qilishda sudlar ijodiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan ijodiy uyushmalar a’zolariga 1991-yil 1-yanvargacha ish staji, agar ana shu muallifning asari birinchi marta e’lon qilingan yoki jamoat oldida ijro etilgan (namoyish etilgan) kundan e’tiboran, 1991-yil 1-yanvardan boshlab esa ular faqat Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan bo‘lsalar, ijodiy uyushmalarning boshqaruvlari tomonidan belgilanganidan kelib chiqish lozim.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Yakka tartibdagi mehnat faoliyati, shu jumladan, yakka (guruhli) ijara sharoitidagi yoki shaxsiy yordamchi, dehqon, fermer xo‘jaliklaridagi faoliyat davrini pensiya olishga huquq beruvchi ish stajiga qo‘shish bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda, sudlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 2022-yil 13-oktabrdagi 592-son qarori talablaridan kelib chiqishi lozim.
(14-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, sug‘urta badallari to‘lovchilari:
yakka tadbirkorlar;
yakka tadbirkorlar tomonidan yollangan shaxslar;
oilaviy tadbirkorlik subyektining oila a’zolari;
dehqon va fermer xo‘jaliklari a’zolari;
shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida qoramol boqish va chorvachilik mahsulotlari sotish bilan band bo‘lgan;
shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarining boshqa turlarini (o‘simlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik mahsulotlari) yetishtirish bilan band bo‘lgan jismoniy shaxslar hisoblanadi.
Bunday shaxslarning mehnat daftarchalariga 2001-yilga qadar yozuvlar Pensiya jamg‘armasida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida, 2001-yildan keyin esa soliq organlarining sug‘urta badallari to‘langanligi haqidagi ma’lumotlari asosida kiritilgan. Bunday hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mehnat staji Pensiya jamg‘armasida saqlanadigan shaxsiy hisobga olish varaqasi asosida, shuningdek, tadbirkorning Pensiya jamg‘armasiga to‘langan sug‘urta badallarini hisobga olish kitobida belgilanishi lozim.
Shundan kelib chiqqan holda, sudlar shunga e’tibor qaratishi lozimki, ushbu hujjatlardan hech bo‘lmaganda bittasi mavjud emasligi talab qilinayotgan mehnat faoliyati davrini tasdiqlash uchun asos bo‘la olmaydi, chunki qonun hujjatlarida sug‘urta badallari to‘langanlik faktini guvohlar ko‘rgazmalariga asosan tasdiqlash tartibi nazarda tutilmagan.
Oldingi tahrirga qarang.
15. 1992-yil 13-martdagi “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat ishtirokchilarining fuqarolarini pensiya ta’minoti sohasidagi huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi Kelishuv” 6-moddasining 2-bandiga muvofiq mazkur Kelishuv kuchga kirgunga qadar fuqaroning barcha davlat ishtirokchilarining hududidagi ish davri Qonunning 37-moddasi talablarini qo‘llamagan holda ish stajiga qo‘shiladi.
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Chet elda yollangan holda ishlagan davrni ish stajiga qo‘shmaslik bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda, sudlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktabrdagi 592-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablarini qo‘llashlari talab etiladi.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarga tushuntirilsinki, mehnat shartnomasi (kontrakti) asosida, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi yoki fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish bo‘yicha xo‘jalik hisobidagi mintaqaviy Byurolardan chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ruxsatnoma olgan chet elda yollangan holda ishlovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlari tomonidan xorijiy davlatlarda tashkil etilgan (ochilgan) savdo uylari, vakolatxonalar (shu jumladan yuridik shaxs tashkil etmagan holda), tashkilotlarda ishlovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs hisoblanadi.
(15-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
16. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 20-moddasiga asosan, zimmasiga belgilangan soliqlar hamda yig‘imlarni to‘lash majburiyati yuklatilgan yuridik va jismoniy shaxslar soliq to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.
Shuni inobatga olish lozimki, soliq to‘lovchilarga ijtimoiy soliq hisoblash va ushlab qolish majburiyati, shuningdek, ularning hisoblab chiqarish to‘g‘riligi uchun javobgarlik ham yuklatilgan.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Bola uch yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqtini ish stajiga qo‘shmaslik bilan bog‘liq nizolarni hal qilish vaqtida, sudlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktabrdagi 592-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomi 27-bandining “j” kichik bandi, 62-bandi talablaridan kelib chiqishi lozim bo‘ladi.
(17-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Sudlarga tushuntirilsinki, yuqorida ko‘rsatilgan Nizomga asosan, bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish (shu jumladan, puli to‘lanadigan ta’tilda bo‘lish) davri yoshga doir imtiyozli pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish stajiga qo‘shilmaydi.
18. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, Qonunning 9 — 14-moddalari qoidalariga muvofiq xodimlarning alohida toifalariga yoshga doir pensiya yoshi kam bo‘lgan, tegishli hollarda esa ish staji kam bo‘lgan holda ham Qonunning 7-moddasida belgilangan tartibga muvofiq tayinlanadi.
Umumiy belgilangan yoshga yetgunga qadar yoshga doir pensiya tayinlashning shartlaridan biri bo‘lib, muddatidan ilgari yoshga doir pensiya belgilash uchun asos bo‘ladigan qonun bilan belgilangan davriylikdagi ish stajining mavjudligi hisoblanadi.
Xususan, Qonunga muvofiq imtiyozli asoslarda pensiyalar yoshidan qat’i nazar muayyan shaxslarga pensiya yoshi (10 yil, 5 yil va 1 yilga) qisqartirilgan holda, liliputlar va pakanalarga, shuningdek, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxona, muassasa, tashkilotning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga tegishli ish stajiga ega bo‘lgan hollarda, pensiya yoshi 2 yilga qisqartirilgan holda, muddatidan ilgari tayinlanishi mumkin.
19. Imtiyozli ravishda pensiya olish huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlarga asosan fuqarolarning alohida toifalari egadir.
Sudlar Pensiya jamg‘armasining imtiyozli shartlarda pensiya tayinlashni rad etishi bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-maydagi 250-sonli qarori bilan tasdiqlangan Talab qilinadigan umumiy va maxsus ish staji bo‘lganda, yoshidan qat’i nazar, pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlarning Ro‘yxatlariga asoslanishi lozim bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi dalillar mavjud bo‘lmaganligi sababli mehnat davrining umumiy pensiya yoshini qisqartirgan holda imtiyozli pensiya olish huquqini beruvchi ish stajiga qo‘shilmaganligi bilan bog‘liq nizolarni hal qilish vaqtida, sudlar O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyasi davriyligi qonun hujjatlarida belgilanadigan, biroq besh yilda kamida bir marta ish beruvchi tomonidan o‘tkazilishidan kelib chiqishi lozim bo‘ladi.
(20-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 352-moddasiga muvofiq ish beruvchilar xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlarini ta’minlashi shartligi belgilangan.
(20-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Shundan kelib chiqqan holda, sudlar zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik faktini belgilash haqidagi ishlarni ko‘rish vaqtida, ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazilmaganligi xodimning aybi emasligini inobatga olgan holda, buzilgan huquqni tiklash uchun barcha lozim bo‘lgan choralarni ko‘rib, shu jumladan, boshqa davrlar uchun mehnat sharoitlari bo‘yicha ish o‘rinlarining attestatsiyasi o‘tkazilganligini tekshirish va uning natijasidan kelib chiqishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Shuni nazarda tutish lozimki, Fuqarolik protsessual kodeksining 74-moddasiga ko‘ra, guvohlar ko‘rsatmalari ishning xarakterini belgilovchi xususiyatlarini (muayyan sharoitdagi ishlar) tasdiqlovchi va muddatidan ilgari yoshga doir pensiya tayinlanishiga ta’sir qiladigan tegishli dalil bo‘la olmaydi. Bu holatlar Fuqarolik protsessual kodeksining 71-moddasida ko‘rsatilgan o‘zga dalillar bilan tasdiqlanishi mumkin (masalan, buyruqlar, hisob-kitoblar, naryadlar, mansab vazifalari va h.k.).
(20-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 28 va 29-moddalariga asosan, mehnat bo‘yicha davlat texnik inspektorlari va mehnat sharoitlari bo‘yicha davlat ekspertlari mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi hamda ishlab chiqarishda xodimlarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash haqidagi da’volar yuzasidan sudda ekspert sifatida ish yuritishga haqlidir. Shuning uchun zarurat tug‘ilgan paytda, bunday shaxslar sudda ishtirok etishi yoki ulardan ko‘rilayotgan ish bo‘yicha xulosa olish masalasini hal qilish lozim.
21. Pensiya jamg‘armasi tomonidan, fuqaroning fikriga ko‘ra, muddatidan ilgari pensiya tayinlash huquqini beradigan stajga qo‘shilishi lozim bo‘lgan davrni bunday stajga qo‘shish rad etilgan hollarda, nazarda tutmoq lozimki, da’vogar tomonidan bajarilayotgan ishlarning, u egallab turgan lavozimning, mavjud kasbning muddatidan ilgari pensiya tayinlash huquqini beradigan ishlar, lavozimlar, kasblarga o‘xshashligi masalasi sud majlisida aniqlangan har bir ishning muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda (da’vogar tomonidan bajarilayotgan ishlarning xarakteri va o‘ziga xosligi, amalga oshirish sharoitlari, egallab turgan lavozimi bo‘yicha yoki mavjud kasb bo‘yicha u tomondan bajarilayotgan funksional vazifalar, shuningdek, u ishlagan korxona, muassasa, tashkilotlar faoliyatining yo‘nalishlari va hokazo) aniqlanadi. Shu bilan birga, turli xil nomlanadigan ishlar, kasblar, lavozimlarning o‘xshashligini tasdiqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shundan kelib chiqib, zarur bo‘lgan hollarda sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillarni ishtiroki yoki ularning xulosasini olish masalasini hal etish lozim.
22. Imtiyozli stajni hisoblashda:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-maydagi 250-sonli qarori bilan tasdiqlangan Talab qilinadigan umumiy va maxsus ish staji bo‘lganda yoshidan qat’i nazar, pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlarning Ro‘yxatlari;
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muxofaza qilish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining qarori bilan tasdiqlangan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 12-martda 2337-son bilan ro‘yxatga olingan “Talab qilinadigan umumiy va maxsus ish staji bo‘lganda yoshidan qat’i nazar, pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlarning ro‘yxatlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma qo‘llaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-maydagi 250-sonli qarori bilan tasdiqlangan imtiyozli shartlar asosida pensiya olish huquqini beruvchi ishlab chiqarish, korxona, ishlar, kasblar, mansablar va ko‘rsatkichlarning 1, 2, 3-sonli Ro‘yxatlaridan chiqarilgan kasblar Pensiya jamg‘armasi bo‘limining yoshga doir imtiyozli shartlarda pensiya tayinlashni rad etish, xuddi shuningdek, qonun bilan nazarda tutilgan boshqa imtiyozlarni chiqarish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish va hal qilishda Fuqarolik kodeksi 4-moddasining uchinchi qismi talablariga rioya etish zarur. Ushbu Qonun normasiga ko‘ra, fuqarolik qonun hujjati amalga kiritilguniga qadar vujudga kelgan munosabatlar bo‘yicha bu qonun hujjati u amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan huquq va majburiyatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
(22-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
23. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 125-moddasi va Qonunning 42-moddasiga binoan, mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) ish stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat bo‘lib hisoblanadi. Ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar harbiy harakatlar, tabiiy ofatlar, avariyalar, halokatlar yoki boshqa favqulodda vaziyatlar natijasida to‘liq saqlanmagan yoki qisman saqlangan hollarda ish stajini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyatlar, tumanlar (shaharlar)ning mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tashkil etiladigan ish stajini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi. Qisman saqlanib qolgan hujjatlar va guvohlarning ko‘rsatmalari asosida ko‘rsatib o‘tilgan komissiyalar tomonidan belgilangan mehnat faoliyati davrlari ish stajiga, shuningdek, hujjatlar bilan tasdiqlangan ish vaqti sifatida imtiyozli pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish stajiga kiritiladi.
(23-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Mehnat daftarchasi mavjud bo‘lmagan hollarda, shuningdek, mehnat daftarchasida zarur bo‘lgan ma’lumotlar kiritilmagan yoki ish davri haqidagi xato va noaniq yozuvlar mavjud bo‘lganda, Pensiya jamg‘armasi ish stajini (band bo‘lgan shaxsning ish stajidan tashqari) tasdiqlash uchun ma’lumotnomalar, buyruqdan ko‘chirmalar, shaxsiy hisob varaqasi va ish haqini berish haqidagi vedomostlar, mehnat shartnomalari (kontraktlari), idoraviy arxiv ma’lumotnomalari va ish davri haqida ma’lumotga ega bo‘lgan boshqa hujjatlarni qabul qilishi lozim.
Bunda tashkilot, korxona, muassasa yoki arxiv rahbari, shuningdek, ma’lumotnomani tayyorlagan xodim tomonidan imzolangan va korxona, muassasa, tashkilot yoki arxivning muhri bilan tasdiqlangan ma’lumotnomada ishga qabul qilish, ish (mansab) bo‘yicha o‘zgartirish va asosini ko‘rsatgan holda mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilishi lozim.
Shu munosabat bilan sudlarga tushuntirilsinki, mehnat daftarchasidagi yozuvlar bilan tasdiqlanadigan va Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan mehnat faoliyati davrlarini ish stajiga qo‘shilmagan hollarda sud mehnat faoliyati davrini belgilashga haqli emas, chunki bunday fakt mehnat daftarchasidagi yozuvlar bilan tasdiqlanadi.
Mehnat faoliyati davri faktini boshqa tartibda tasdiqlashning imkoni bo‘lmagan taqdirdagina sud tomonidan tasdiqlanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
2021-yil 1-iyundan boshlab pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning 2005-yil 1-yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji mehnat daftarchasidagi (elektron mehnat daftarchasidagi) mavjud yozuvlar asosida qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan belgilanadi.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
24. Fuqarolik protsessual kodeksi 295-moddasi ikkinchi qismining 6-bandiga muvofiq, sud shaxsning huquqni vujudga keltiruvchi hujjatlarda (jamoat birlashmalariga a’zolik biletlari, harbiy hujjatlar, pasportlar, fuqarolik holati aktlarini qayd etish organlari beradigan guvohnomalardan tashqari) ko‘rsatilgan ismi, otasining ismi va familiyasi uning pasportidagi yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasidagi ismi, otasining ismi va familiyasi bilan mos kelmagan taqdirda, mazkur hujjatlarning unga tegishliligi yoki tegishli emasligi faktini belgilaydi.
(24-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Shunga ko‘ra, sudlar ish stajini tasdiqlovchi hujjatni tegishliligi faktini belgilashda ushbu faktni sudsiz tartibda tasdiqlash imkoni mavjud bo‘lmagan hollardagina tasdiqlash mumkinligiga e’tibor qaratishi lozim.
25. Pensiya tayinlash rad etilgan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi tegishli qaror chiqarilgandan keyin besh kundan kechiktirmay korxona, muassasa, tashkilot yoki ariza beruvchiga rad etish sabablarini, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi ko‘rsatilgan bildirishnomani berishi yoki yuborishi hamda barcha taqdim etilgan hujjatlarning asl nusxalarini hujjatlar olinganligi to‘g‘risidagi tilxat bilan fuqaro (ota-ona, qonuniy vakil)ga qaytarishi shart.
Qonunning 48-moddasiga muvofiq pensiya tayinlashni rad etish haqidagi qarorga nisbatan sudga shikoyat berilishi mumkin.
Pensiya tayinlashni rad etish haqidagi qarorning qonuniyligini tekshirishda, sud Pensiya jamg‘armasining qarorida ko‘rsatilgan asoslarni Qonun normalaridan kelib chiqqan holda, har tomonlama sinchkovlik bilan tekshirishi lozim bo‘ladi.
26. Sudlarga tushuntirilsinki, Qonunning 65-moddasiga asosan pensiyadan chegirmalar:
a) sudning hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari va hukmlari (mulkiy undirishlar borasida), notarial idoralarning ijro varaqalari hamda O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ijrosi sud hal qiluv qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladigan boshqa hal qiluv qarorlari va qarorlar asosida;
b) Pensiya jamg‘armasining qaroriga binoan pensionerga — uning tomonidan qilingan suiiste’molliklar oqibatida (qasddan noto‘g‘ri hujjatlarni taqdim etish, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan oila a’zolari tarkibidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar taqdim etmaslik natijasida) yoxud hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato oqibatida pensiya miqdoridan ortiqcha pullar to‘langan taqdirda qo‘llanilishi mumkin.
Fuqarolik qonun hujjatlari va mehnatga oid qonun hujjatlarida hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato tushunchalari yoritib bermaganligidan kelib chiqib, Pensiya jamg‘armasining pensiyadan chegirmalar qilish haqidagi qaroriga nisbatan berilgan shikoyatlarni ko‘rishda, bu masala sud tomonidan hal etilishi lozim.
Hisob bilan bog‘liq arifmetik, matematik harakatlarni (ko‘paytirish, qo‘shish, ayirish, bo‘lish) amalga oshirganda yo‘l qo‘yilgan noto‘g‘riliklar hisoblashdagi xato deb topilishi lozim.
Boshqa texnik xato deganda, dasturiy ta’minotga ma’lumotlarni kiritishda yo‘l qo‘yilgan xato, shuningdek, dasturiy ta’minotning buzilishi oqibatida vujudga kelgan xatoni tushunish lozim.
Huquq normalarini noto‘g‘ri qo‘llash, hisob-kitobni amalga oshirishda tegishli bo‘lmagan (daxldor bo‘lmagan) dastlabki ma’lumotlardan foydalanish hisoblashdagi xato hisoblanmaydi.
Pensionerning qonunga zid, pensiyaning ortiqcha summalarini olishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlari pensioner tomonidan qilingan suiiste’mollik deb baholanishi lozim.
Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, jinoyat sodir qilinganligi natijasida pensiyaning ortiqcha to‘lanish holatlari vujudga kelganida ortiqcha to‘langan summa davlatga yetkazilgan zarar sifatida aybdor deb topilgan shaxsdan undirilishi lozim.
Bayon etilganlardan kelib chiqqan holda, sudlar pensionerning pensiyasidan chegirma qilish haqidagi qarorning asosliligini har tomonlama tekshirishi lozim.
27. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1030-moddasiga muvofiq fuqaro tomonidan vijdonsizlik qilinmaganligi va hisob-kitobda xatolar bo‘lmaganligi aniqlansa, unga berilgan pensiyalar, nafaqalar asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarilmaydi.
28. Sudlarga tushuntirilsinki, pensiyadan chegirmalarning miqdori ushlab qolishning asoslariga bog‘liq. Komissiya qarori asosida chegirmalar quyidagi miqdorda amalga oshiriladi:
hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato oqibatida — 10 foiz;
qasddan noto‘g‘ri hujjatlarni taqdim etish, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasi tayinlangan oila a’zolari tarkibidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar taqdim etmaslik natijasida, pensiya va nafaqalar to‘langan vaqtda ishga joylashganligini yashirish — 30 foiz;
Oldingi tahrirga qarang.
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining ikki barobaridan kam miqdorda pensiya yoki nafaqa oluvchi shaxslar bo‘yicha — 5 foiz;
(28-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qarori tahririda)
Sudning qarori yoki boshqa ijro hujjatiga asosan undiriladigan chegirma miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan pensiya miqdorining 50 foizidan oshmasligi lozim. Pensioner yoki nafaqa oluvchi qarzdorlikni o‘rnini qoplash uchun uning yozma arizasiga muvofiq pensiya va nafaqalar summalarini ko‘proq miqdorda, shu jumladan, to‘liq miqdorda yo‘naltirish huquqiga ega. Pensioner yoki nafaqa oluvchining yozma arizasida u tomonidan belgilangan foiz tarzidagi miqdor yoki qat’iy summa ko‘rsatiladi.
Shunga ko‘ra, sudlar pensiyadan ushlab qolish haqidagi da’volarni qanoatlantirishda oylik ushlab qolish miqdorini belgilashi lozim.
29. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, ortiqcha to‘langan pensiya miqdorini undirish haqidagi talablarga O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasida belgilangan umumiy uch yillik da’vo muddati qo‘llaniladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 153-moddasiga ko‘ra, da’vo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qarori chiqarilguniga qadar bergan arizasiga muvofiq qo‘llaniladi.
30. Sudlarning e’tibori hal qiluv qarorining xulosa qismi uni ijro etish vaqtida savollar keltirib chiqarmasligi uchun aniq va tushunarli qilib bayon etilishi lozimligiga qaratilsin. Shu maqsadda da’vogarning talabi qanoatlantirilgan hal qiluv qarorining xulosa qismida xususan qanday talablar qanoatlantirilganligi, da’vogarning buzilgan huquqlarini tiklash uchun javobgar zimmasiga qanday majburiyat yuklatilayotganligi (masalan, da’vogarning muayyan ish davrini muddatidan ilgari yoshga doir pensiya belgilash huquqini beradigan maxsus ish stajiga qo‘shish majburiyatini yuklash, javobgardan to‘lanmagan pensiya summasini undirish), shuningdek, sud, agar budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya tayinlashni asossiz ravishda rad etganligi haqida xulosaga kelganda javobgar zimmasiga qaysi vaqtdan pensiya tayinlashga majburligi ko‘rsatilishi lozim.
Nazarda tutish lozimki, agar da’vogar qonunda belgilangan tartibda Pensiya jamg‘armasiga pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilgan bo‘lib, unga asossiz rad berilgan bo‘lsa, sud budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga da’vogar Pensiya jamg‘armasiga ariza bilan murojaat qilgan kundan boshlab pensiya tayinlash majburiyatini yuklashi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Sudlar ishlarni ko‘rishda fuqarolarning pensiya va nafaqa olish huquqlarining buzilishi, shuningdek pensiya va nafaqa tayinlash uchun zarur bo‘lgan noto‘g‘ri arxiv va boshqa ma’lumotlarni taqdim etish fakti aniqlangan har bir holatga xususiy ajrim chiqarish bilan (FPK 275-moddasi) munosabat bildirishi shart.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
32. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari muntazam ravishda fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti haqidagi qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotini o‘rganib borish orqali yo‘l qo‘yilgan xatolarning o‘z vaqtida bartaraf etilishini va qonun normalarining to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlasin.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qarori tahririda)
33. Mazkur Qaror qabul qilinishi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash haqidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida” 1991-yil 20-dekabrdagi 5-sonli qarori 2-bandining to‘qqizinchi xatboshisi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
O‘zbekistonRespublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, O‘zbekistonRespublikasi Oliy sudisudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-noyabr,
44-son