O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Muborak Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizdagi o‘rni, mohiyati va ahamiyatini, xalqimizga mansub mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik ramzi ekanini e’tiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrash va ulug‘lash maqsadida:
1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 1-sentabr juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi murojaatini inobatga olib, 2017-yil 1-sentabr mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari va boshqa barcha mutasaddi idoralar, jamoat tashkilotlari Qurbon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-avgust,
PQ-3241-son