Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2013-yil 20-fevraldagi hukmiga ko‘ra, B. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasi qo‘llanib, 3 yil ichki ishlar idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga:
T. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3 qismi “b, v” bandlari bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasi qo‘llanib, 3 yil huquqni muhofaza qilish idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2014-yil 30-oktabrdagi ajrimi bilan sud hukmining B. va T.ga oid qismi o‘zgartirilib, B.ning ayblovidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “v” bandi chiqarilib, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, T.ning harakatlari Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandiga qayta kvalifikatsiya qilinib, 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Oliy sud Plenumining 1997-yil 2-maydagi “Sud hukmi to‘g‘risidagi”gi 2-sonli qarori 10-bandida, ayblov hukmining tavsif qismi mazmuni tartibga solingan Jinoyat protsessual kodeksining 467-moddasi talabiga ko‘ra, agar jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, hukmda jinoyatning har bir ishtirokchisi tomonidan aynan qanday jinoiy harakatlar sodir etilganligi aniq ko‘rsatilishi, 11-bandida jinoyatni Jinoyat kodeksining u yoki bu moddasi, uning qismi yoki bandi bilan tavsiflash bo‘yicha sudning asoslantirilgan xulosasi ayblov hukmining tavsif qismining muhim belgisi hisoblanishi, bunda aybdorning harakatlari nima uchun aynan shu modda, qism, band bilan tavsiflanayotganligi aniq ko‘rsatilishi;
Oliy sud Plenumining 1999-yil 24-sentabrdagi “Poraxo‘rlik ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 9-bandida, jinoyatni sodir etishda avvaldan, ya’ni jinoyat boshlanguncha kelishib olgan ikki yoki undan ortiq mansabdor shaxs ishtirok etgan bo‘lsa, pora olish bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda sodir etilgan deb hisoblanishi, jinoyat mansabdor shaxslardan loaqal biri pora olgan paytdan e’tiboran tugallangan deb hisoblanishi, bunda pora oluvchi shaxsning pora olishda bir necha nafar mansabdor shaxslar ishtirok etayotganligini tan olgan-olmaganligining ahamiyati yo‘qligi to‘g‘risida tushuntirish berilgan.
Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2 qismi “g” bandida, bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib pora olish jinoyatini sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Kassatsiya instansiyasi sudi esa, sudlanganlar B. va T.ning harakatlari Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilinganligi haqida asosli xulosaga kelgan bir vaziyatda, qayd etilgan holatlarga e’tibor bermasdan ish bo‘yicha birinchi instansiya sudi tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rmagan va T.ning harakatini Jinoyat kodeksining 210 moddasi 2-qismi “g” bandiga qayta kvalifikatsiya qilib, bunday xulosaga kelish sabablarini o‘z ajrimida asoslantirmagan.
Nazorat instansiyasi sudi ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarining B. va T.ga oid qismini o‘zgartirib, B.ning harakatlarini Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “b” bandidan shu moddaning 1-qismiga, T.ning harakatlarini 210-moddasi 2 qismi “g” bandidan shu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilib, sodir etilgan jinoyatlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirishini hamda jinoyatlarning tamomlangan vaqtini inobatga olib, ularni Oliy Majlis Senatining 2011-yil 5-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘n to‘qqiz yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qaroriga asosan jazodan ozod qildi.