Oliy sud Plenumining 2002-yil 25-oktabrdagi “Yarashuv to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida” gi 27-sonli qarori 7-bandida, qonunda yarashuv to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud majlisida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy da’vogar), ularning qonuniy vakillari, himoyachilari va prokuror ishtirok etishi nazarda tutilganligi, biroq bu sudning ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishi uchun zarur bo‘lgan hollarda yuqorida ko‘rsatilganlardan tashqari o‘zga shaxslarni ham ishga jalb etish hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlardan foydalanish huquqini cheklamasligi, sud ajrim chiqarishda Jinoyat protsessual kodeksining 586-moddasida nazarda tutilgan talablarga qat’iy rioya etishi shartligi;
Oliy sud Plenumining 1997-yil 22-avgustdagi “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini birinchi bosqich sudida muhokama etish jarayonida protsessual qonunchilikka rioya qilinishi to‘g‘risida”gi 12-sonli qarori 4-bandida, sudlarning e’tibori har bir ishni ko‘rishda dalillarni bevosita sud majlisida tekshirishga, ya’ni sudlanuvchilarni, jabrlanuvchilarni, guvohlarni so‘roq qilish, ekspert xulosasini tinglash, ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirish, bayonnomalarni va boshqa hujjatlarni e’lon qilishga;
6-bandida, ashyoviy dalillarni, hujjatlarni tekshirish, joyni va binoni ko‘zdan kechirish ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun ahamiyatli ekanligini inobatga olib, ashyoviy dalillar va hujjatlar sud majlisida ish bo‘yicha boshqa dalillar qatorida chuqur tekshirilishi (shuningdek, ko‘zdan kechirilishi, e’lon qilinishi) lozimligi haqida tushuntirishlar berilgan.
Aytish kerakki, Jinoyat protsessual kodeksining 2-moddasiga ko‘ra, aybi bo‘lmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligi va hukm qilinmasligi uchun aybdorlarni fosh etish hamda qonunning to‘g‘ri tatbiq etilishini ta’minlash jinoyat-protsessual qonun hujjatlarining vazifasi hisoblanadi.
Shuningdek, ushbu kodeksning 3-moddasiga muvofiq, jinoyat ishlarini yuritish, jinoyat sodir etilgan joydan qat’i nazar, basharti O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tuzilgan shartnoma va bitimlarida o‘zgacha qoidalar belgilanmagan bo‘lsa, ish yuzasidan surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi yuritilayotgan paytda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga muvofiq olib boriladi.
2017-yil 1-apreldan kuchga kirgan “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Jinoyat protsessual kodeksining 586-moddasi to‘rtinchi qismi 1-bandi yangi tahrirda bayon etildi, unga ko‘ra, sud ajrimining qaror qismida jinoyat ishini taraflarning yarashganligi munosabati bilan yoki ushbu kodeksning 83 va 84-moddalarida belgilangan boshqa asoslar bo‘yicha tugatish yoxud uni umumiy qoidalar bo‘yicha dastlabki tergovni amalga oshirish uchun prokurorga yuborish to‘g‘risidagi masalalarni hal etadi.
Jinoyat kodeksining 111 -moddasi 1-qismida ehtiyotsizlik orqasida badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Oliy sud Plenumining 2007-yil 27-iyundagi “Badanga qasddan shikast yetkazishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 6-sonli qarori 2-bandida, badanga shikast yetkazishga oid ishlar bo‘yicha qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish uchun ayb shakli, badanga shikast yetkazish motivi, maqsadi va usuli, aybdorning qilmishi bilan kelib chiqqan oqibat o‘rtasida sababiy bog‘lanish mavjudligi, shuningdek, ishning to‘g‘ri hal etilishi va aybdorga adolatli jazo belgilanishi uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa holatlar batafsil aniqlanishi, 22-bandida esa, agar aybdor qo‘llagan zo‘rlik jabrlanuvchini do‘pposlash, uning badaniga yengil yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazishga sabab bo‘lsa, jabrlanuvchi badaniga og‘ir shikast (yoki jabrlanuvchining o‘limi) aybdorning aybi bilan qamrab olinmagan holatlar bo‘yicha (masalan, zarbadan so‘ng yiqilish natijasida) kelib chiqqan bo‘lsa, aybdor oqibatiga ko‘zi yetmagan, biroq ko‘zi yetishi shart va mumkin bo‘lgan yoxud ko‘zi yetsa-da, yetarli asoslarsiz uning oldini olishni mo‘ljallab qilgan harakatlari natijasida kelib chiqqan oqibatlar Jinoyat kodeksining 111 yoki 102-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi haqida tushuntirishlar berilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini yuritgan Toshkent transport prokuraturasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha F.ga nisbatan 2017-yil 15-fevralda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan va ish sudda ko‘rib chiqilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 21-moddasiga asosan tugatilib, F. ma’muriy javobgarlikdan ozod etilgan.
Tergov organi ish bo‘yicha to‘plangan obyektiv dalillar yig‘indisiga huquqiy baho bermasdan, S.ni Jinoyat kodeksining 111-moddasi 1-qismi bilan ishda gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilib, ishni yarashilganligi munosabati bilan sudga yuborish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandida, qilmishda jinoyat tarkibi bo‘lmasa, gumon qilinuvchi aybsiz deb topilishi va reabilitatsiya etilishi lozimligi ko‘rsatilgan.
Jinoyat protsessual kodeksining 401 -moddasiga muvofiq, ushbu kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lsa, sud jinoyat ishini tugatadi. Shu kodeksning 493-moddasida, jinoyat ishini nazorat tartibida ko‘rib, sud ushbu kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, shuningdek, birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilgan dalillar sudlanuvchini aybdor deb topish uchun yetarli bo‘lmasa va qo‘shimcha dalillar to‘plash imkoniyati qolmagan bo‘lsa, jinoyat ishini tugatishi ko‘rsatilgan.
Oliy sud Plenumining 2008-yil 15-maydagi “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi 12-sonli qarori 28-bandida berilgan tushuntirishlarga ko‘ra, nazorat instansiyasi sudi hukmni, ajrimni, qarorni bekor qilganda, Jinoyat protsessual kodeksining 83, 84-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, ishni to‘liq hajmda yoki mustaqil kvalifikatsiya qilingan ayblov qismi bo‘yicha tugatadi.