O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritish haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-yanvardagi 43-sonli “O‘zbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi lozim bo‘lgan muvofiqlikni baholash obyektlari ro‘yxatlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021-yil 1-maydan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi 122-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 4-son, 30-modda) bilan tasdiqlangan Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari ro‘yxatiga izoh matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“* Mahsulotning muvofiqligini tasdiqlash muvofiqlikni deklaratsiyalash yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.
** Muvofiqlikni tasdiqlash muvofiqlikni deklaratsiyalash yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan faqat O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning muvofiqligini ma’lum qilish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.
*** Faqat oziq-ovqat sanoatida hamda farmatsevtika mahsulotlari va chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan mahsulotlar. Muvofiqlikni tasdiqlash muvofiqlikni deklaratsiyalash yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.
**** Muvofiqlikni tasdiqlash faqat chetdan keltirilayotgan mahsulotlarga xorijiy mamlakatlarning akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlarini yoki muvofiqlik to‘g‘risida deklaratsiyasini tan olish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin”.
2. “O‘zstandart” agentligi o‘zi qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi U.U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 7-iyul,
475-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 28-son, 652-modda)