O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahrida bolalar buyumlari va o‘yinchoqlarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonani tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Aholining bolalar buyumlari va o‘yinchoqlariga bo‘lgan talab-ehtiyojini qondirish, bo‘sh turgan davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish hamda talab yuqori bo‘layotgan sifatli, zamonaviy mahalliy bolalar buyumlari va o‘yinchoqlari, boshqa raqobatdosh, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadida:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:
Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasi, 336-uyda joylashgan sobiq “Tosho‘yinchoq” zavodining maydoni 12 ming kv. metrli asosiy binolari va inshootlari hamda umumiy yer maydoni hududi 2,8 ga bo‘lgan boshqa binolar va inshoot (keyingi o‘rinlarda — obyekt)lari uzoq muddat davomida bo‘sh bo‘lib, ishlab chiqarish liniyalari yaroqsiz holga kelib qolgan va faoliyat yuritmaydi;
hozirgi vaqtda zavodning barcha binolari va inshootlari tutash hududlari bilan birga davlat mulkiga o‘tkazilgan.
2. Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining:
obyektni balans qiymatida xo‘jalik yuritish huquqi bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga bepul topshirish:
keyinchalik obyektni baholash kompaniyasi tomonidan belgilangan qiymat bo‘yicha, sifatli, zamonaviy mahalliy bolalar buyumlari va o‘yinchoqlarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish hamda investitsiyalarni jalb etish sharti bilan bankning boshqaruv kompaniyasi — “NBU INVESTMENT” MChJ mulkiga (ustav fondiga) o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bir oy muddatda obyektni qabul qilish-topshirishni belgilangan tartibda ta’minlasin.
Belgilansinki, obyektni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga qabul qilish-topshirish hamda uni keyinchalik “NBU INVESTMENT” MChJning mulkiga (ustav fondiga) topshirish soliqqa tortilmaydi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “NBU INVESTMENT” MChJ bilan birgalikda:
2018-yilning 1-martigacha bo‘lgan muddatda investitsiyalarni jalb etishni va ichki bozor kabi tashqi bozorlarda ham sotishga mo‘ljallangan zamonaviy mahalliy bolalar buyumlari va o‘yinchoqlari ishlab chiqarilishi (keyingi o‘rinlarda — investitsiya loyihalari)ni tashkillashtirishni;
obyektning but saqlanishi va oqilona foydalanilishi, obyekt negizida yaratiladigan korxonalar yangi investorlarga sotilgunga qadar ishlab chiqarish quvvatlarining yuklanishini, barqaror moliya-xo‘jalik faoliyati barqarorligini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “NBU INVESTMENT” MChJga loyihani amalga oshirish doirasida:
obyekt negizida 100 foizgacha ulush bilan qatnashgan holda, shu jumladan, boshqa investorlar ishtirokida korxonalar tashkil etish;
barpo etilayotgan korxonalarni yoki ularning ustav fondidagi ulushlarni korxonalar tiklanib borishiga qarab, yangi investorlarga mablag‘ qanday valyutada sarflangan bo‘lsa shunday valyuta bilan bozor qiymatida sotish huquqi berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan 2022-yil 1-iyuldan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy nochor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish hamda tijorat banklarining ko‘chmas mulk obyektlari negizida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 20-apreldagi PF-5022-sonli Farmonining 8-bandi obyekt hududida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida “NBU INVESTMENT” MChJ ishtirokida tashkil etilayotgan korxonalarga joriy etilsin.
8. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “NBU INVESTMENT” MChJga;
2018-yil 1-martgacha obyekt hududida, belgilangan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya qilgan holda, qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirishda parallel tarzda loyihalash va moliyalashtirishga;
loyiha va pudrat tashkilotlarini, shuningdek, keyinchalik uskuna, butlovchi buyumlar, texnika va texnologiyalar, ehtiyot qismlar, xomashyo va materiallarni sotib olish bo‘yicha belgilangan tartibda import shartnomalari ekspertizasini o‘tkazgan holda, eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida tender (tanlov) savdolari o‘tkazmasdan uskunalar, butlovchi buyumlar, texnika va texnologiyalar, ehtiyot qismlar, xomashyo va materiallar yetkazib beruvchilarni aniqlashga, istisno tariqasida ruxsat berilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 6-iyul,
PQ-3115-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 27-son, 612-modda, Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)