Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-5087-sonli Farmonini ijro etish va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini samarali tashkil etilishini taʼminlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-maydagi PF-73-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi daromadlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi aʼzolarining aʼzolik badallari;
tadbirkorlik subyektlarini huquqiy qoʻllab-quvvatlash va maqsadli oʻqitish, faqatgina bozor infratuzilmasini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan xususiylashtirilgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash fondidan kelib tushadigan mablagʻlar;
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat boji summasining 20 foizi miqdoridagi mablagʻlar;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyuldagi PF-6263-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2021-y., 06/21/6263/0685-son)
xalqaro donorlarning grantlari, homiylar mablagʻlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda belgilangan tartibda davlat tomonidan ajratiladigan subsidiyalar;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-maydagi PF-73-sonli Farmoniga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga va boshqa moliyaviy vositalarga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
pullik xizmatlarni taqdim etishdan olingan daromadlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) boʻlimlarida zarur maydonlar ajratib berish orqali, quyidagi xizmat turlari majburiy tartibda taqdim etiladi:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-maydagi PF-73-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)
fuqarolarning shaxsiy biznesini tashkil etish va yuritish koʻnikmalari, jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini toʻgʻri tanlash va qoʻllash, biznes yuritishning huquqiy asoslari va buxgalteriya hisobini oʻzlashtirishga koʻmaklashish, tijorat banklari bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga oʻqitish;
bank, lizing, sugʻurta, auditorlik, konsalting, buxgalteriya, baholash, rieltorlik va bozor infratuzilmasi subyektlarining boshqa xizmatlari;
nizolarni sudgacha tartibga solish va arbitraj muhokamalari boʻyicha xizmatlar;
yangi tadbirkorlik subyektlari uchun doimiy asosda faoliyat yuritadigan minitexnologiyalar va uskunalar koʻrgazmalarini tashkil etish;
biznes-markaz xizmatlari, jumladan, muzokaralar va biznes-seminarlar oʻtkazish uchun binolar taqdim etish.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy va kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda:
bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalarini joylashtirish uchun binolarga boʻlgan ehtiyoj, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari, shuningdek, ularning tuman, shahar boʻlinmalarida samarali faoliyatni taʼminlash uchun zarur jismoniy infratuzilmaga boʻlgan ehtiyojlarni oʻrganib chiqsin;
oʻrganish natijalari boʻyicha bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari, Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari, shuningdek, ularning tuman, shahar boʻlinmalarini “yagona darcha” tamoyili boʻyicha tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini taqdim etish Yagona markazlari bilan yagona dislokatsiya tamoyili asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga bepul foydalanish uchun topshiriladigan davlat mulkining foydalanilmaydigan binolari va xonalarida joylashtirish va zarur jismoniy infratuzilma bilan taʼminlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi oʻz manfaatlari va tadbirkorlik subyektlarining manfaatlari himoyasida Oʻzbekiston Respublikasi sudlariga taqdim etadigan ariza, murojaat, shikoyat va daʼvolari uchun davlat boji toʻlovlaridan ozod etilsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-maydagi PF-73-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda:
har bir tuman va shahar kesimida, negizida tadbirkorlik asoslari oʻqitiladigan kurslar tashkil etiladigan oliy oʻquv muassasalari va kasb-hunar kollejlarining roʻyxatini aniqlasin;
tadbirkorlik subyektlarining tegishli turdosh ixtisoslik mutaxassislariga boʻlgan real ehtiyojlarini hisobga olgan holda, shuningdek, kadrlar tayyorlashning zamonaviy talablaridan kelib chiqqan ravishda, taʼlim dasturlari ishlab chiqilsin va tasdiqlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirlik va idoralarning meʼyoriy-huquqiy hujjatlari va statistika maʼlumotlari majburiy tarqatiladigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasini barcha turdagi hukumat aloqalari bilan taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, shuningdek, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoyasini taʼminlash, shaxsiy, jumladan, oilaviy biznesni tashkil etish va rivojlantirish, mahsulotni tashqi bozorlarga olib chiqish, chet el investitsiyalarini jalb qilish boʻyicha mavjud imkoniyatlar, shuningdek, davlat boshqaruvi, joylardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari masʼul rahbarlarining tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashga doir masʼuliyatini oshirish boʻyicha respublikada olib borilayotgan islohotlarni teleradiokanallar orqali keng yoritishni nazarda tutuvchi har yili yangilanib boriladigan qoʻshma media-rejasini qabul qilsin.
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
bir oy muddatda yuqorida koʻrsatilgan qoʻshma media-reja yoritiladigan teleradiokanallar aniqlasin;
ajratilgan teleradiokanallarda bepul asosda efir vaqtidan keng foydalanish evaziga aholining biznesni tashkil etish va rivojlantirishga doir savollari boʻyicha faol tushuntirish ishlarini olib borish boʻyicha aniq va amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga davlat mulki sifatida, boshqaruv huquqisiz, Toshkent shahri, Amir Temur koʻchasi, 4, 6-blok manzilida joylashgan, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi balansida operativ boshqaruvda boʻlgan binoning uchinchi qavatini qoʻshimcha taqdim etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlarining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Banklar assotsiatsiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-iyun,
PQ-3068-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1 — 4-ilovalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-maydagi PF-73-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 26-son, 578-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2017-y., 07/17/3393/0278-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son, 17.07.2021-y., 06/21/6263/0685-son; 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son; 18.05.2023-y., 06/23/73/0284-son)