Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi toʻgʻrisida Nizomga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-avgustdagi 606-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining vazirliklari, idoralari va tashkilotlarining maxsus kiyim-bosh formasini ishlab chiqish, standartlashtirish, tasdiqlash va tayyorlash mexanizmini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 27-fevraldagi PQ–2800-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 11-apreldagi 143-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi toʻgʻrisida nizomning 16-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Favqulodda vaziyatlar vazirligining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan maxsus kiyim-bosh formasiga, emblemaga va farqlovchi belgilarga ega boʻladi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining texnika va transport vositalari uning emblemasi tushirilgan holda maxsus rangga boʻyaladi”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-may,
321-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 22-son, 428-modda)