Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasida ekologik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha muhim huquqiy, tashkiliy va ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi 15 dan ziyod qonun, tabiiy resurslarning ayrim turlaridan foydalanish mexanizmlari va shartlari, shuningdek, davlat ekologik ekspertizasini amalga oshirish, turli toifadagi qoʻriqlanadigan hududlarni tashkil qilish va ularda alohida foydalanish rejimini oʻrnatish tartib-taomillari va boshqa masalalarni belgilab bergan 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi va amal qilmoqda.
Qabul qilingan hujjatlar atrof-muhit obyektlarining ifloslanish darajasini maʼlum darajada kamaytirish, qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish, xalqaro tashkilotlarni milliy ekologik muammolarni hal etishga jalb qilish imkonini berdi.
Shu bilan birga, atrof-muhit muhofazasi sohasida amaldagi davlat boshqaruvi tizimi va nazorati boʻyicha oʻtkazilgan tahlil bir qator kamchilik va muammolar borligini koʻrsatdi, xususan:
chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida jismoniy va yuridik shaxslar, maxsus vakolatli davlat organlari, tashkilot va korxonalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hamda nazorat qiluvchi yagona davlat organining mavjud emasligi;
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Vazirlar Mahkamasiga boʻysunish tartibining huquqiy asoslari yoʻqligi tufayli atrof-muhit muhofazasi sohasida idoralararo toʻlaqonli hamkorlik qilish va bu boradagi vazifalarni amaliy jihatdan hal etish imkoni yoʻqligi;
atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasidagi ekologik, sanitariya meʼyor va talablarini buzganlik uchun qonunchilikda nazarda tutilgan maʼmuriy jazo choralarining yetarli emasligi va samarasi pastligi;
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining chiqindilar bilan ishlash sohasidagi vakolatlari faqat ishlab chiqarish chiqindilarini nazorat qilish bilan cheklangan edi. Qoʻmitaning amaldagi tashkiliy tuzilishi va shtatlar birligi unga yuklatilgan vazifalarni sifatli va toʻliq hajmda amalga oshirish imkonini bermayapti.
Shu munosabat bilan, ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash, bu yoʻnalishdagi davlat boshqaruvi va nazorat tizimini takomillashtirish maqsadida, shuningdek, “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida koʻzda tutilgan boshqa vazifalarni hal etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonda Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunuvchi va hisobot beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga aylantirish (keyingi oʻrinlarda — Davlat ekologiya qoʻmitasi) nazarda tutilmoqda.
Farmon bilan Davlat ekologiya qoʻmitasiga quyidagi vazifalar yuklandi:
ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirish;
maishiy chiqindilarni toʻplash, tashish, qayta ishlash, utilizatsiya qilish va koʻmish ishlarining samarali tizimini tashkil etish;
atrof-muhitning ekologik holati maqbul tarzda saqlanishini, ekologiya tizimlari, tabiiy komplekslar va alohida obyektlarni qoʻriqlashni, ekologik vaziyat sogʻlomlashtirilishini taʼminlash;
er, yer osti boyliklari, suv, oʻrmonlar, qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya qilish borasida davlat ekologik nazoratini amalga oshirish;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat kadastrini yuritish, shuningdek, yovvoyi hayvonlar, yovvoyi oʻsimliklar koʻpaytiriladigan va saqlanadigan pitomniklar, zoologiya va botanika kolleksiyalarining davlat hisobini yuritish;
ekologik tarbiya, targʻibot va maʼrifiy ishlarni, shuningdek, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasi mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
Farmonga muvofiq quyidagi tuzilmalar tashkil etiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining markaziy apparatlarida Chiqindilarning hosil boʻlishi, ularni toʻplash, saqlash, tashib ketish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, koʻmish va realizatsiya qilish boʻyicha nazorat inspeksiyalari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzurida “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va mamlakatimiz shaharlarida, shuningdek, tuman hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining chiqindilarni olib ketish boʻyicha xizmat koʻrsatadigan uchastkalari negizida ularning filiallari;
tabiatni muhofaza qilish respublika va mahalliy jamgʻarmalari negizida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha jamgʻarma tashkil etiladi, jamgʻar�a mablagʻlari birinchi navbatda atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlariga, jumladan, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarga va bioresurslarni saqlash va qayta tiklashga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza va monitoring qilish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazishga, targʻibot va maʼrifiy ishlarni tashkil etishga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashga yoʻnaltiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Hayvonot va oʻsimliklar dunyosini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish respublika inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tuziladi va uning hududiy inspeksiyalari tashkil qilinadi.
Xorijiy mamlakatlarning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari faoliyatini tashkil qilishga oid tajribasidan kelib chiqqan holda mamlakatimiz qonunchiligiga Davlat ekologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oldida hisobot berib borishi yuzasidan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarligini kuchaytirish, bu borada chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima sanksiyalari miqdorini oshirish, Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonunlariga koʻp joyda uchraydigan foydali qazilmalarni qazib olishning belgilangan tartibini buzganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan oʻzgartish kiritiladi.
Mazkur farmonning amalga oshirilishi juda muhim ahamiyatga ega boʻlib, quyidagi natijalarga erishish imkonini beradi:
birinchidan — atrof-muhitni muhofaza qili� va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan davlat nazorati va boshqaruvi organlarining tizimli ish olib borish samaradorligini oshiradi;
ikkinchidan — ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi idoralararo samarali hamkorlikni taʼminlaydi;
uchinchidan — atrof-muhitning ekologik holati, ekologik tizim, tabiiy komplekslar va alohida obyektlarni qoʻriqlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.