Тизимнинг ушбу имкониятидан фойдаланиш учун Сиз авторизация қилинишингиз керак!
Рўйхатдан ўтишни хоҳлайсизми? Ёки тизимга ўз логинингиз билан кирасизми?

Авторизация қилиш Рўйхатдан ўтиш

Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
1. Qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda iqtisodiy sudlar (bundan buyon matnda sudlar deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi), “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni va boshqa qonun hujjatlari, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalarini qo‘llashi lozim.
2.1. Qurilish pudrati shartnomasining shartlarini baholashda sudlar FK 364-moddasining birinchi qismiga muvofiq, agar taraflar o‘rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan deb hisoblanishini inobatga olishlari lozim. Shu munosabat bilan, agar qurilish pudrati shartnomasida muhim shartlar nazarda tutilmagan bo‘lsa hamda ushbu shartlarni belgilash imkoniyati bo‘lmasa, bunday shartnoma tuzilmagan deb hisoblanadi. Bu holatda sudlar nizoni hal etishda shartnomadan tashqari majburiyatlarni tartibga soluvchi qoidalarni qo‘llashlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksi 122-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning budjetdan ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzgan shartnomalari, shuningdek ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ular g‘aznachilik bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi.
5. FKning 108 va 109-moddalari mazmuniga ko‘ra, qurilish pudrati shartnomasi oddiy yozma shaklda tuziladi va ushbu shaklga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi, biroq taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi. Bunda, agar qurilish pudrati shartnomasi yozma shaklda tuzilmagan bo‘lsa, taraflar bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini yozma yoxud boshqa dalillar bilan tasdiqlashlari mumkin.
6. FK 670-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq, pudratchi qurilish davomida loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan ishlarni va shu munosabat bilan qo‘shimcha ishlarni bajarish va qurilishning smeta qiymatini oshirish zarurligini aniqlasa, bu to‘g‘rida buyurtmachiga xabar berishi shart.
6.1. Agar texnik hujjatlarga o‘zgartishlar kiritish tufayli bajarilishi kerak bo‘ladigan qo‘shimcha ishlar qiymati smetada ko‘rsatilgan qurilish umumiy qiymatining o‘n foizidan oshib ketmasa va qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan ishlarning xususiyatini o‘zgartirmasa, pudratchining qo‘shimcha ishlar bajarilishi lozimligi to‘g‘risidagi xabarini olgan va unga rozilik bergan buyurtmachi FK 671-moddasining birinchi qismiga muvofiq mustaqil ravishda loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartishlar kiritishga haqli. Bunday holatda pudratchining xabarnomasi va buyurtmachining loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha harakatlari taraflarning qo‘shimcha ishlar bajarilishi zarurligi bo‘yicha kelishuvini anglatadi hamda bu masala bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv tuzilishi majburiy emas.
Agar qo‘shimcha ishlar qiymati smetada ko‘rsatilgan qurilish umumiy qiymatining o‘n foizidan oshsa va buyurtmachi loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartish kiritishga qarshi bo‘lsa, pudratchi shartnomadan bosh tortishga va bajargan ishlariga mutanosib ravishda shartnoma bahosini to‘lashni yoxud FK 382-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda shartnoma bahosini qayta ko‘rib chiqishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda, qurilish pudrati shartnomasi tender savdosi natijasi bo‘yicha tuzilgan bo‘lsa va tender komissiyasi shartnomaga o‘zgartishlar kiritishni rad etsa, pudratchi shartnomadan voz kechish va buyurtmachidan yetkazilgan zararni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bu qoida buyurtmachi tomonidan tender komissiyasiga tegishli hujjatlar taqdim etilmagan hollarda ham qo‘llaniladi.
6.4. FK 670-moddasining oltinchi qismiga ko‘ra, agar pudratchi qurilish davomida loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan aniqlangan ishlar to‘g‘risida buyurtmachini xabardor qilmasa yoki tegishli ishlar bajarilishini to‘xtatmasa, u bajargan qo‘shimcha ishlar uchun buyurtmachidan haq to‘lashni va shu tufayli ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, agar sud tomonidan nizoni hal etishda pudratchi tomonidan FK 670-moddasining oltinchi qismida belgilangan talablarga rioya qilinmaganligi aniqlansa, pudratchining bajargan qo‘shimcha ishlar uchun haq to‘lash va shu tufayli ko‘rilgan zararni qoplash haqidagi talablarini qanoatlantirish rad etiladi.
6.5. Sudlar inobatga olishlari kerakki, FK 671-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan pudratchining loyiha-smeta hujjatlaridagi kamchiliklarni aniqlash va yo‘qotish bilan bog‘liq oqilona xarajatlarni qoplashni talab qilish huquqi loyiha-smeta hujjatlari faqat buyurtmachi tomonidan ishlab chiqilgandagina vujudga keladi.
Sudlarning e’tibori FK 636-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan buyurtmachining shartnomadan voz kechish huquqi qurilish pudrati shartnomasi ijro etilishida qo‘llanilmasligiga qaratilsin, chunki loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan ishlar va buning natijasida qo‘shimcha ishlarni bajarish zaruriyati aniqlanganda, qurilish pudrati shartnomasi taraflarning o‘zaro munosabatlari bunday munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus norma bo‘lgan FKning 670 va 671-moddalari bilan tartibga solinadi.
7.1. FK 642-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar pudratchi pudrat shartnomasini bajarishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki ishni sust bajarishi natijasida uni belgilangan muddatda tugatish mumkin emasligi aniq bo‘lib qolsa, buyurtmachi shartnomadan voz kechib, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
7.2. FK 642-moddasi uchinchi qismining mazmuniga ko‘ra, agar ishni bajarish vaqtida uning tegishli darajada bajarilmasligi aniq bo‘lib qolsa, buyurtmachi shartnomadan voz kechish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
FK 650-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, agar ishdagi pudrat shartnomasi shartlaridan chetga chiqishlar yoki boshqa xil kamchiliklar jiddiy va bartaraf etib bo‘lmaydigan darajada bo‘lsa yoxud aniqlangan kamchiliklar buyurtmachi tomonidan belgilangan oqilona muddatda bartaraf etilmagan bo‘lsa, buyurtmachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
7.4. FK 642-moddasi to‘rtinchi qismining mazmuniga ko‘ra, buyurtmachi ish natijasi o‘ziga topshirilgunga qadar istagan vaqtda shartnomadan voz kechishi mumkin.
Sudlarning e’tibori pudratchining FK 643-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan shartnomadan voz kechish huquqi qurilish pudrati shartnomasini bajarilishida qo‘llanilmasligiga qaratilsin, chunki buyurtmachi tomonidan yetkazib berilgan materiallar (detallar, konstruksiyalar) yoki uskunalarning yaroqsizligi aniqlanganligi sababli vujudga kelgan o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalar maxsus norma hisoblanadigan FKning 672-moddasida nazarda tutilgan.
8.1. FKning 256 va 644-moddalariga ko‘ra, agar buyurtmachi pudrat shartnomasi bo‘yicha o‘zining muqobil majburiyatlarini bajarmasa (pudrat obyekti, materiallar va (yoki) texnik hujjatlarni bermaganligi yoxud ushbu majburiyatlarning belgilangan muddatda bajarilmasligini yaqqol ko‘rsatib turganligi) yoki shartnomani bajarishiga to‘sqinlik qilsa, pudratchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
8.2. FKning 672-moddasida ham, agar qurilishni materiallar (detallar, konstruksiyalar) bilan ta’minlash majburiyatini buyurtmachi zimmasiga olgan va u topshirgan materiallardan, uskunalardan bajarilayotgan ishlar sifatini yomonlashtirmagan holda foydalanib bo‘lmasa, pudratchi qurilish pudrati shartnomasidan voz kechish va buyurtmachidan ishning bajarilgan qismiga mutanosib ravishda shartnoma narxini to‘lashni talab qilishga haqli ekanligi nazarda tutilgan.
9. FKning 646 va 680-moddalariga ko‘ra, buyurtmachi bajarilgan ishni (uning natijasini) pudrat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda pudratchi ishtirokida ko‘rib chiqishi va qabul qilishi shart bo‘lib, bu haqda ikkala taraf tomonidan imzolanadigan dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
9.1. FK 646-moddasining qoidalariga ko‘ra, ishni qabul qilish vaqtida uning kamchiliklarini aniqlagan buyurtmachi bu kamchiliklar yoxud ularni tuzatish to‘g‘risida keyinchalik talab qo‘yish mumkinligi dalolatnoma yoki qabul qilishni tasdiqlovchi boshqa hujjatda ko‘rsatilgan hollardagina ularni vaj qilib keltirishga haqli. Pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin bo‘lmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar), shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklar aniqlangan holatlar bundan mustasno.
9.2. FK 646-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq, buyurtmachi ish qabul qilib olinganidan so‘ng unda pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin bo‘lmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar)ni, shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklarni aniqlasa, ular aniqlanganidan so‘ng o‘n kunlik muddat ichida bu to‘g‘rida pudratchiga xabar qilishi shart.
10. Sudlarning e’tibori qaratilsinki, FK 646-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan ishlarning sifati yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, sud ekspertiza tayinlashi shartligidan farqli ravishda, fuqarolik qonun hujjatlari bajarilgan ishlarning hajmi bo‘yicha kelib chiqqan nizolar bo‘yicha sudning ekspertiza tayinlashga majbur ekanligini nazarda tutmaydi.
12. FKning 667-moddasiga muvofiq, agar pudrat obyekti nobud bo‘lsa yoki shikastlansa, obyekt qabul qilib olingunga qadar uning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan shikastlanish xavfi pudratchi zimmasida bo‘ladi.
13. FK 682-moddasining birinchi qismiga ko‘ra, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha kafolat muddati nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafolat muddati obyekt buyurtmachi tomonidan qabul qilingan kundan boshlab o‘n yilni tashkil etadi.
15. Sudlar pudratchining tejami bilan bog‘liq nizolarni hal etishda, FKning 637-moddasiga ko‘ra, pudratchining amaldagi xarajatlari ish bahosini aniqlash vaqtida (smeta tuzilayotganda) nazarda tutilgan xarajatlardan kam bo‘lgan hollarda, agar shartnomada taqsimlashning boshqa tartibi nazarda tutilmagan bo‘lsa, basharti buyurtmachi pudratchining tejami bajarilgan ish sifatiga (shu jumladan, foydalanilgan qurilish materiallarining sifati, ishlarning shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi) ta’sir etganligini isbotlay olmasa, pudratchi ishlar uchun pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan baho bo‘yicha haq olish huquqini saqlab qolishiga e’tibor qaratishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-martdagi 135-sonli qarori bilan tasdiqlangan Obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi va shartnoma qiymatiga nisbatan mablag‘lar tejalganligi uchun pudratchi tashkilotni buyurtmachi tomonidan mukofotlash tartibining 1.4-bandiga ko‘ra, shartnoma qiymatiga nisbatan mablag‘lar tejalishi tender savdolar asosida belgilangan shartnoma narxi bilan amaldagi xarajatlar o‘rtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi. Ushbu mablag‘lar mukofot sifatida pudratchi tashkilot ixtiyorida qoladi.
Ushbu Tartibning 2.5-bandida qabul qilish komissiyasining obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligini belgilangan tartibda tasdiqlovchi dalolatnomasi obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun mukofotlashga mablag‘ o‘tkazish uchun asos hisoblanishi, 2.6-bandida esa - obyekt muddatidan ilgari foydalanishga topshirilganligi uchun ishlarni bajaruvchilarga mukofotlash mablag‘larini o‘tkazish pudrat shartnomasida belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi belgilangan.
19. FKning 234 va 354-moddalariga ko‘ra, majburiyatlarning kelib chiqish asoslaridan biri shartnoma bo‘lib, uning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi, tegishli shartning mazmuni qonun hujjatlarida ko‘rsatib qo‘yilgan hollar bundan mustasno.
FK 673-moddasining birinchi qismiga muvofiq, buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq to‘laydi.
20. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 330-moddasining 27-bandiga ko‘ra, davlat ehtiyojlari uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish shartnomalari bo‘yicha sotib oluvchi hisoblangan davlat organlari va tashkilotlari yetkazib beruvchilar (pudratchilar) tomonidan shartnoma majburiyatlarining bajarilmaganligi bilan bog‘liq da’volar yuzasidan xo‘jalik sudlarida davlat boji to‘lovidan ozod qilingan.
FK 457-moddasining birinchi qismiga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadigan, davlat budjeti va moliyalashning budjetdan tashqari manbalari hisobiga ta’minlanadigan O‘zbekiston Respublikasining ehtiyojlari davlat ehtiyojlari deyiladi.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 330-moddasining 27-bandida nazarda tutilgan davlat boji to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha imtiyozni qo‘llashda sudlar qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha bajarilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasining ehtiyoji ekanligini yoki bunday shartnoma buyurtmachining shaxsiy ehtiyoji uchun yoxud oddiy xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish jarayonida tuzilganligini aniqlashlari lozim. Xususan, davlat dasturi doirasida yoki davlatning mudofaa manfaatida bajarilgan qurilish ishlari davlat ehtiyojlari uchun qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha bajarilgan ishlar deb hisoblanadi, aksincha davlat organlari va tashkilotlari buyurtmalari bo‘yicha ularning oddiy xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish jarayonida foydalanishi uchun bino va inshootlar qurilishi (yoki ularni ta’mirlanishi) bo‘yicha bajarilgan ishlar (masalan, u yoki bu vazirlik yoxud idora hududiy boshqarmasi binosining qurilishi) bunday ishlar deb hisoblanmaydi.

Hujjatda xato topganingizda, uni belgilab Ctrl+Enter ni bosing.

© O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi