Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Qasddan odam oʻldirishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2004-yil 24-sentabrdagi 13-sonli “Qasddan odam oʻldirishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sudlar qasddan odam oʻldirish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha qonunlarni asosan toʻgʻri qoʻllamoqdalar. Shu bilan birgalikda ularning faoliyatida ish holatlarini va aybdorning shaxsini taʼrif-tavsiflovchi maʼlumotlarni yuzaki tekshirish faktlari, sodir etilgan jinoiy harakatlarni tavsiflashda va qilingan jinoyat uchun jazo tayinlashda xatoga yoʻl qoʻyish hollari uchramoqda.
Jinoyatning subyektiv tomonlarini toʻgʻri aniqlamaslik, ayrim hollarda, sudlarning jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan ogʻir shikast yetkazishni yoki ehtiyotsizlik orqasida odam oʻldirishni qasddan odam oʻldirishdan, shuningdek qasddan odam oʻldirishga suiqasd qilishni boshqa jinoyat tarkibidan farqlay olmasligiga sababchi boʻlmoqda.
Koʻpincha bezorilik orqasida odam oʻldirishga, juda raxmsizlik bilan odam oʻldirishga, jabrlanuvchining xizmat va fuqarolik burchini bajarishi bilan oʻldirishga, ikki yoki bir necha kishini oʻldirishga oid ishlar boʻyicha aybdorning harakatlarini tavsiflashda xatoga yoʻl qoʻyiladi. Gʻaraz niyat odam oʻldirgandan soʻng yuzaga kelgan yoki bunday maqsad boʻlmagan hollarda odam oʻldirish harakatlari, baʼzan gʻarazlik bilan odam oʻldirish deb notoʻgʻri tavsif qilinadi.
Bir necha kishi ishtirokida odam oʻldirish toʻgʻrisidagi ishlarni sudlar tomonidan koʻrishda ham aybdorning harakatlarini tavsif qilishdagi xatolar uchrab turadi. Sudlar har doim ham har bir sudlanuvchining jinoyatni sodir etishdagi xatti-harakatlari na tutgan oʻrnini aniqlamaydilar va ayrim hollarda jabrlanuvchini hayotidan mahrum etishda bevosita qatnashmagan shaxslarni, shuningdek, jabrlanuvchini oʻldirish maqsadi boʻlmagan va jinoyatning boshqa ishtirokchilarida bunday niyat boʻlganligini bilmagan shaxslarni asossiz ravishda odam oʻldirish jinoyatining birgalikda bajaruvchilari deb topadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qildi:
1. Sudlarning eʼtibori har bir jinoyat ishini koʻrishda majburiy hisoblangan sodir etilgan jinoyatning barcha holatlarini har tomonlama, toʻla va xolis ravishda tekshirish toʻgʻrisidagi qonun talabi, ayniqsa, odam oʻldirish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha inobatga olinishi kerakligiga qaratilsin, chunki qonun aybni ogʻirlashtiradigan holatlarda bu jinoyatni sodir etgan aybdorga oʻlim jazosini qoʻllashni koʻzda tutadi.
Dastlabki tergovning toʻla oʻtkazilmaganligi va bir tomonlama yurgizilganligi natijasida ishni toʻgʻri hal qilish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan odam oʻldirish jinoyatining barcha holatlari aniqlanmagan hollarda va bu kamchiliklarni sud majlisi vaqtida toʻldirish mumkin boʻlmasa ish qoʻshimcha tergovga yuborilishi lozim.
2. Sodir etilgan harakatni toʻgʻri baholash va jazo tayinlashi uchun odam oʻldirishning sabablari, maqsadi va usuli muhim ahamiyatga ega ekanligini nazarga olib, sudlar, barcha hollarda, bu holatlarni aniqlashlari zarurdir. Shuning bilan birgalikda hukmda sudlar tomonidan qilingan xulosalarni asoslovchi aniq dalillar keltirilishi kerak.
3. Sudlar qasddan odam oʻldirish uchun jazo tayinlashda aybdorning ijobiy yoki salbiy tomondan taʼrif-tavsiflovchi maʼlumotlarni aniqlash jiddiy ahamiyatga ega ekanligini nazardan chetda qoldirmasliklari lozim. Shu barobar jabrlanuvchining shaxsiga oid maʼlumotlarni, uning aybdor bilan oʻzaro munosabatini, shuningdek, voqea sodir boʻlgan vaqtdagi xatti-harakatini ham tekshirish kerak.
Sudlanuvchining ruhiy tomondan sogʻlomligiga shubha boʻlgan taqdirda sud ruhshunoslik ekspertizasi oʻtkazish, zaruriyat tugʻilganda esa shaxsni tegishli tibbiyot muassasasiga yotqizib tekshirtirish toʻgʻrisida ekspertiza tayinlash lozim.
4. Bir necha shaxs javobgarlikka tortilayotgan qasddan odam oʻldirish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sudlar har bir sudlanuvchining jinoyatda ishtiroki xarakteri va darajasini tekshirishlari lozim.
Shuning bilan birgalikda odam oʻldirish maqsadi bilan birgalikda harakat qilgan va jabrlanuvchini hayotidan mahrum etishga bevosita qatnashgan shaxslar jinoyatning bajaruvchilari deb tanilishi kerak.
Ishtirokchilar tomonidan birgalikda jinoyat sodir etilganda sudlar xavfli retsidivist, alohida xavfli retsidivist yoki ilgari qasddan odam oʻldirgan shaxslar tomonidan odam oʻldirishni koʻrsatuvi alomatlar faqat shunday holatlar tegishli boʻlgan jinoyat ishtirokchilarining harakatlarini tavsiflashda eʼtiborga olinishini koʻzda tutmoqlari darkor.
5. Sudlar qasddan odam oʻldirishni qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan hollardan farqlashlari shart. Qasddan odam oʻldirishda, aybdor oʻldirish niyati bilan harakat qiladi, qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish oʻlimga sabab boʻlgan hollarda esa yuzaga kelgan oʻlimga nisbatan uning aybi ehtiyotsizlik formasida boʻladi.
Aybdorning qasdi toʻgʻrisidagi masalani hal qilishda sudlar sodir etilgan jinoyat holatlarini barcha tomonlari yigʻindisini inobatga olishlari va jumladan, jinoyat usuli va qurolini, jarohatlarning sonini, xarakterini, joylashishini va boshqa yetkazilgan shikastlarni, jinoiy harakatlarning toʻxtash sabablarini va h.k., shuningdek, aybdor va jabrlanuvchining voqeagacha boʻlgan feʼl-atvorini, ularning oʻzaro munosabatini, aybdorning jinoyat sodir etilgandan keyingi harakatlari xarakterini eʼtiborga olishlari lozim.
6. Agarda aybdor ikki yoki bir necha kishini oʻldirish yagona maqsadi bilan ikki yoki bir necha kishini oʻldirsa — bunday odam oʻldirish harakatlari 97-modda 2-qismining “a” bandi bilan tavsif qilinishi kerak.
Bir odam oʻldirilib ikkinchisining hayotiga suiqasd qilinganda, ikki yoki bir necha kishi oʻldirish jinoyatini oxiriga yetkazilgan deb baholab boʻlmaydi, chunki bu vaziyatda ikki yoki bir necha kishini oʻldirish toʻgʻrisidagi jinoiy maqsad aybdorning erkiga bogʻliq boʻlmagan holatlar yuzaga kelishi natijasida oxiriga yetkazilmaydi.
Bunday hollarda jinoiy qilmishni ish holatlaridan kelib chiqib, 97-moddaning tegishli bandlari bilan yoki shu moddaning 1-qismi va 25-modda orqali 97-modda 2-qismining “a” bandi bilan tavsiflanishi kerak.
7. Jinoyat kodeksi 97-modda 2-qismining “b” bandi oʻldirilgan ayolning homiladorlik muddati va homilaning kelajakda yashash qobiliyatidan qatʼiy nazar qoʻllaniladi. Bunday holda javobgarlik jabrlanuvchining homilador ekanligini aybdor bilgan taqdirdagina yuzaga keladi.
8. Aybdorning harakatlarini “v” bandi boʻyicha tavsif qilganda jabrlanuvchining ojiz ahvoli deb uning jismoniy yoki ruhiy holati (jismoniy kamchiligi, balogʻat yoshdaligi, ruhiy jihatdan nosogʻlomligi, kasal yoki hushsiz ahvoldaligi va h.k.) tufayli unga nisbatan sodir etilayotgan harakatlarning mohiyati va mazmunini anglab yetmagan yoki oʻzining xatti-harakatlarini boshqara olmagan holatda boʻlishi va aybdor jabrlanuvchining shu ahvolda ekanligini bilishligi lozim.
Jabrlanuvchi oʻzining atrofidagi vaziyatni anglab yetmaydigan darajadagi alkogoldan yoki giyohvandlikdan mastligi uni ojiz ahvolda boʻlgan deb tan olinishi mumkin, bunda jabrlanuvchini kim bu ahvolga duchor etgani ahamiyatga ega emas.
9. Jabrlanuvchining xizmat yoki fuqarolik burchini amalga oshirishdagi qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish maqsadida, shuningdek bunday faoliyatini bajarishi munosabati bilan oʻch olish niyatida sodir etilgan odam oʻldirish harakatlari “g” bandi bilan tavsif qilinishi kerak.
Xizmat burchini bajarish deganda har qanday shaxsning unga xizmat vazifasini bajarishi munosabati bilan yuklatilgan barcha faoliyat fuqarolik burchini bajarish deganda esa fuqarolar tomonidan ularga maxsus topshirilgan jamoat majburiyatlari, shuningdek, jamoat yoki ayrim shaxslarning manfaati uchun qilingan boshqa harakatlar (qonun buzilishining oldini olish, sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyat toʻgʻrisida hokimiyat organlariga xabar berish va h.k.) tushunilmogʻi lozim.
10. Qasddan odam oʻldirishni boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli boʻlgan usullar bilan qilingan deb tavsif qilish uchun aybdorning, muayyan shaxsni oʻldirish maqsadini amalga oshirishda, yagona odam uchungina emas, balki boshqalarga nisbatan ham xavfli boʻlgan odam oʻldirish usulini qoʻllaganligini anglaganligi aniqlanishi shart.
Boshqa shaxslarga tan jarohatlari yetkazilgan taqdirda aybdorning harakatlari “d” bandidan tashqari Jinoyat kodeksining qasddan badanga shikast yetkazishni koʻzda tutuvchi moddalari bilan ham tavsif qilinishi darkor.
11. Aybdorning boshqa millatga, irqqa, dinga mansub shaxsni muayyan millat va irqqa mansubligi, diniy eʼtiqodi yoki boshqa millat, irq va dinga mansub shaxslar tomonidan oʻz millati va irqining urf-odatlarini, diniy eʼtiqodini amalga oshirgani uchun qasddan oʻldirish harakatlari, shuningdek, ommaviy tartibsizliklar jarayonida sodir etgan qasddan odam oʻldirish harakatlari “k”, “m”, “e” bandlari bilan tavsif qilinishi kerak.
Ommaviy tartibsizliklar jarayonida aybdor tomonidan qasddan odam oʻldirishdan tashqari qirgʻin solish, vayron qilish, oʻt qoʻyish va shu kabi boshqa jinoyatlar ham sodir etilsa, uning harakatlari jinoyatlar yigʻindisi bilan tavsif qilinmogʻi kerak.
12. Qasddan odam oʻldirishni 97-modda 2-qismining “j” bandi bilan tavsif qilishda qonun juda ham rahmsizlikni odam oʻldirishning usuli bilangina emas, balki aybdorning juda raxmsizligini namoyon etuvchi boshqa holatlar bilan ham bogʻlashligini eʼtiborga olish kerak.
Juda raxmsizlikning belgilari, jumladan: jabrlanuvchini hayotidan mahrum etishdan oldin yoki odam oʻldirish jarayonida qoʻllanilgan qiynash, azoblash yoki oʻlikni taxqirlash hollarida, shuningdek, odam oʻldirish aybdor tomonidan ataylab jabrlanuvchini qattiq azoblash usuli bilan sodir etilganda (juda koʻp miqdorda jarohat yetkazish, azoblaydigan zaxar berish, insonni tirikligicha yoqib yuborish, uzoq muddat oziq-ovqat, suv bermaslik va h.k.) namoyon boʻladi. Shuningdek, aybdor oʻzining harakatlari bilan ularga azob-uqubat berayotganini anglagan holda jabrlanuvchini juda yaqin kishilarining koʻz oldida oʻldirganida juda raxmsizlik alomatlari ifoda boʻlishi mumkin. Jinoyatni yashirish maqsadida oʻlikni yoʻq qilish yoki boʻlaklarga boʻlish odam oʻldirishni juda rahmsizlik bilan tavsif qilish uchun asos boʻladigan holatlar sifatida qaralishi mumkin emas.
Sudlar, koʻp miqdorda tan jarohatlari yetkazish, shuningdek, jabrlanuvchini juda yaqin kishilarining koʻz oldida oʻldirishdek juda raxmsizlikning alomatlari mavjud boʻlsa, jabrlanuvchi tomonidan qilingan noqonuniy zoʻrlik yoki ogʻir haqorat tufayli toʻsatdan yuz bergan kuchli ruhiy hayajonlanish yoki zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib sodir etilgan odam oʻldirishni Jinoyat kodeksining 98 yoki 100-moddasi bilan tavsif qilinishi kerakligini eʼtiborga olishlari lozim.
13. Nosumga tegish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq boʻlgan qasddan odam oʻldirish deb nomusga tegish yoki zoʻrlik ishlatib jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish yoki uni yashirish jarayonida, shuningdek, masalan bu jarayonda koʻrsatilgan qarshilik uchun oʻch olish maqsadida sodir etilgan qotillik tushuniladi.
Bunday hollarda bir-biridan alohida boʻlgan ikkita jinoyat sodir etilishini nazarda olib, sodir etilgan harakatlarni Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “z” bandi va 118-moddasi bilan tavsif qilish lozim.
14. Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “i” bandi bilan oʻzi va boshqa shaxsning qanday boʻlmasin moddiy manfaatdor boʻlishiga (pul, buyum, mulk, mulkiy huquq, uy-joyga egalik qilish huquqi) yoki moddiy javobgarlikdan qutulishiga (qarz, nafaqa toʻlash va h.k.), shuningdek, boshqa gʻaraz maqsadlarga erishish istagi bilan sodir etilgan qasddan odam oʻldirish harakatlari tavsif qilinishi kerak.
Agarda bosqinchilik jarayonida qasddan odam oʻldirilsa, sodir etilgan jinoiy harakatni qayd etilgan jinoyatlar yigʻindisi bilan tavsif qilmoq darkor, chunki 97-modda 2-qismining “i” bandi bosqinchilikni oʻz ichiga qamrab olmaydi.
Aybdorning harakatlarini “i” bandi bilan tavsif qilishda sudlar, odam oʻldirish jinoyati faqat qanday boʻlmasin moddiy manfaatga ega boʻlish niyati aybdorda jabrlanuvchini hayotidan mahrum etishdan oldin yuzaga kelgan hollardagina gʻaraz maqsadda sodir etilgan deb tanilishini eʼtiborga olishlari kerak. Agarda bunday niyat odam oʻldirilgandan soʻng paydo boʻlgan boʻlsa, uning harakatlarini tegishlicha odam oʻldirish va oʻgʻirlik deb tavsif qilish lozim boʻladi.
15. Aybdorning atrofdagilarga oʻzini qarshi qoʻyish, ularga iltifotsizligini namoyish etish istagi bilan jamoat tartibini oshkora mensimagan holda jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilish, jamoat tartibini va axloq qoidalarini qoʻpol ravishda buzish orqasida qasddan odam oʻldirish harakatlarini “l” bandi bilan tavsif qilish kerak. Tashqaridan qaraganda bezorilik tuygʻulari bilan odam oʻldirish koʻpincha sababsiz yoki odam oʻldirishga arzimas bahonani sabab qilib sodir etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Rashk orqali, oʻch olish maqsadida va boshqa shaxsiy munosabatlar zamirida yuzaga kelgan qasddan odam oʻldirish, ularning qayerda sodir etilishidan qatʼiy nazar “l” bandi bilan tavsif qilinmasligi kerak.
16. Boshqa biror jinoyatni yashirish yoki sodir etilishini osonlashtirish maqsadida odam oʻldirish alohida jinoyat sifatida tavsif qilinishi lozim. Masalan, bosqinchilik jinoyatini sodir etishni osonlashtirish yoki yashirish maqsadida sodir etilgan qasddan odam oʻldirish Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “o” bandi va 164-moddasi bilan tavsiflanishi lozim.
17. Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “p” bandi dispozitsiyasida koʻrsatilgan uyushgan guruh deb uning barqarorligini, unda tashkilotchining boʻlishini, odatda, bir necha jinoyatni sodir etish maqsadida tuzilganligini, jinoyatni amalga oshirish rejasi va yoʻl-yoʻrigʻi ishlanganligini, har bir ishtirokchi oʻrtasida vazifalar taqsimlanganligini, texnika bilan taʼminlanganligini, jinoyatni yashirish choralari koʻrilganligini, umumiy intizomga va jinoiy guruh tashkilotchisining koʻrsatmalariga itoat qilinishi va h.k. tushunmoq lozim.
18. Xavfli retsidivist deb shaxs tergov organi tomonidan u ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisida qarorda tanilishi tushuntirilsin. Bunda Jinoyat kodeksining 34-moddasi talabidan kelib chiqqan holda ilgari hukm qilingan jinoyatiga oʻxshash jinoyat sodir etgan, Jinoyat kodeksida alohida koʻrsatilgan hollarda esa maxsus qismning boshqa moddalari bilan ham hukm qilingan shaxsning qasddan yangi jinoyat sodir etishi tushunilishi taʼkidlansin.
Agarda aybdordan muqaddam sodir etgan qasddan odam oʻldirganligi uchun sudlanganligi amnistiya yoki afv etish yoʻli bilan olib tashlansa, yoxud qonunda belgilangan tartibda bekor qilinsa yoki olib tashlansa, shuningdek odam oʻldirish jinoyatini sodir etgan vaqtga kelib Jinoyat kodeksining 78-moddasida koʻrsatilgan muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortish muhlatlari oʻtgan boʻlsa, odam oʻldirish “r” bandi bilan, yaʼni xavfli retsidivist belgisi bilan tavsif qilinishi mumkin emas.
19. Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining ikki yoki undan ortiq bandlarida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan qasddan odam oʻldirish harakatlari shu holatlarni koʻzda tutgan barcha bandlar bilan tavsif qilinishi lozim. Bunday holatlarda jazo har bir band boʻyicha alohida tayinlanmasligi kerak, ammo jazo tayinlashda aybni ogʻirlashtiradigan bir necha holatlar borligi inobatga olinishi lozim.
20. Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a”, “b”, “d”, “r”, “s” bandlarida koʻrsatilgan holatlarda, toʻsatdan yuz bergan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida odam oʻldirish, shuningdek, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib odam oʻldirish, javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda odam oʻldirish deb tavsif qilinmasligi kerak.
21. Aybdorning hokimiyat yoki xizmat vakolati doirasidan chetga chiqib sodir etgan qasddan odam oʻldirish harakatlari qasddan odam oʻldirish uchun javobgarlikni koʻzda tutuvchi moddalar va Jinoyat kodeksi 206-moddasining tegishli qismlari bilan tavsif qilinishi kerak.
22. Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan shaxs tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazosini ijro etish muassasalarining ishini izdan chiqaruvchi harakatlari bilan bogʻliq holda qasddan odam oʻldirishini, Jinoyat kodeksining 220-modda dispozitsiyasi jabrlanuvchini hayotidan mahrum etishni oʻz ichiga qamrab olmasligi sababli, Jinoyat kodeksining qasddan odam oʻldirish va ozodlikdan mahrum qilish jazosini ijro etish muassasalarining ishini izdan chiqargan harakatlari uchun javobgarlikni koʻzda tutuvchi moddalari bilan tavsif qilinishi kerak.
23. Sudlarning eʼtibori qasddan odam oʻldirishda aybdor boʻlgan shaxslarga jazo tayinlashda alohida yondoshish tartibiga qattiq rioya qilishga qaratilsin. Shu bilan birgalikda sudlar oʻlim jazosi favqulotda jazo chorasi ekanligini va aybni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish uchun ham qonun uni tadbiq etishga yoʻl qoʻyishini, ammo bu jazoni albatta qoʻllashlikni talab etmasligini inobatga olishlari lozim.
24. Qasddan odam oʻldirish toʻgʻrisidagi jinoyat ishlarini birinchi bosqich sudlarida koʻrilishi ustidan apellatsiya, kassatsiya va nazorat bosqichi sudlari tegishli nazoratni taʼminlashlari, qabul qilingan hukmlarning qonuniyligini va asoslantirilganligini sinchiklab tekshirishlari, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etishlari zarur.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
25. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1992-yil 13-noyabrdagi “Qasddan odam oʻldirishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi U. MINGBOYEV
Plenum kotibi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi A. MUHAMMADIYEV
Toshkent sh.,
1996-yil 20-dekabr,
40-son