Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yakka tartibda hisobga olishni joriy etish chora-tadbirlari haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-fevraldagi 80-sonli “Fuqarolarning pensiyalarini hisoblash uchun zarur boʻlgan hisoblangan ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishni joriy etish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga asosan 2019-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-son qaroriga muvofiq hamda fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallarini hisobga olish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladigan soliq hisobotlariga muvofiq shakllantiriladigan Fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestrini (keyingi oʻrinlarda Sugʻurta badallarini hisobga olish reyestri deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki, fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallari summalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har bir jismoniy shaxs boʻyicha ish beruvchilar tomonidan soliq organlariga fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga yagona ijtimoiy toʻlovi va sugʻurta badallari boʻyicha soliq hisoboti tarkibida belgilangan tartibda taqdim etiladi, hisobot berish:
2015-yilning birinchi yarim yilligidan — Toshkent shahri va Toshkent viloyati boʻyicha;
2016-yilning birinchi choragidan — Oʻzbekiston Respublikasining qolgan barcha hududlari boʻyicha boshlanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
Sugʻurta badallarini hisobga olish reyestrini yuritish boʻyicha dasturiy taʼminotni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va uni soliq organlarining yagona integratsiyalashtirilgan axborot resurs bazasiga joriy etsin, shuningdek Fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestrini shakllantirish va yuritish toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Sugʻurta badallarini hisobga olish reyestrini yuritish uchun zarur server asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va boshqa periferiy asbob-uskunalarni xarid qilish boʻyicha tender savdolari 2015-yil 1-avgustgacha boʻlgan muddatda belgilangan tartibda oʻtkazilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2016-yildan boshlab fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali fuqarolarning oʻtkazilgan sugʻurta badallari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha davlat interaktiv xizmatini joriy etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining vaqtincha boʻsh boʻlgan mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan foiz daromadlari sotib olinadigan server asbob-uskunalar, kompyuter texnikasi va boshqa periferiy asbob-uskunalarni moliyalashtirish manbasi etib belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 14-aprel,
90-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 15-son, 179-modda)