O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish va yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun o‘zaro hisob-kitoblarni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
“O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining issiqlik elektr stansiyalarini barqaror moliyaviy holatda saqlash, respublika iste’molchilarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun o‘zaro hisob-kitoblarni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tabiiy gaz iste’molchilari va gaz bilan ta’minlovchi tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2013-yil 25-dekabrdagi 340-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-son qaroriga 5-ilovaga kiritilgan “O‘zbekenergo” DAK korxonalariga nisbatan shartnomaviy hajmlardan ortiqcha olingan tabiiy gaz qiymatiga oshiriladigan koeffitsent qo‘llash bekor qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. “O‘zbekenergo” DAK, “O‘zbekneftgaz” MXK, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining 2012-2013-yillar uchun shartnomaviy hajmlardan ortiqcha yetkazib berilgan tabiiy gaz qiymatiga 2 koeffitsentdan foydalangan holda “O‘zbekenergo” DAK issiqlik elektr stansiyalariga ilgari qo‘llanilgan oshirilgan to‘lovlarni hisobga olmasdan o‘zaro hisob-kitoblarni qayta hisoblab chiqish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
3. “O‘zbekenergo” DAK va “O‘zbekneftgaz” MXK ushbu qarorga muvofiq buxgalteriya hisobi va hisobotiga belgilangan tartibda tegishli o‘zgartirishlar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2018-y., 09/18/22/0568-son)
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari I.G‘.Ibragimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 31-dekabr,
373-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 1-son, 5-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2018-y., 09/18/22/0568-son)