O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AFG‘ONISTON HUDUDIGA TIJORAT YUKLARINI TRANSPORTDA TASHISHNI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasining avtomobil va temir yo‘l tarmog‘idan foydalangan holda Termiz—Hayraton ko‘prigi orqali Afg‘onistonga tijorat yuklari yetkazib berish ko‘lamini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2002-yil 1-fevraldan boshlab Afg‘onistonga Termiz stansiyasidan Hayraton stansiyasigacha olib o‘tiladigan tijorat yuklari uchun quyidagi imtiyozli stavkalar joriy etilsin:
bitta vagon o‘tkazib berilganligi uchun — 180 AQSH dollari
bitta qirq tonnali konteyner o‘tkazib berilganligi uchun — 180 AQSH dollari
bitta yigirma tonnali konteyner o‘tkazib berilganligi uchun — 90 AQSH dollari
Oldingi tahrirga qarang.
bitta yuk avtomobili o‘tishi uchun — 50 AQSH dollari
(1-bandning beshinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 20-apreldagi 82-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan 2022-yil 1-iyuldan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
3. Belgilansinki, 2002-yil 1-fevraldan boshlab xorijiy davlatlarning Afg‘onistonga maqsadli borayotgan TIF TNning 8704 va 8705 guruhiga kiruvchi yuk avtotransport vositalariga, shu jumladan qiyin yo‘llarda yuradigan avtomobillariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirganlik va tranzit uchun yig‘imlarning amaldagi stavkalari 50 foizga pasaytiriladi.
Belgilab qo‘yilsinki, avtotransport vositasi haydovchisiga O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari tomonidan beriladigan belgilangan namunadagi yo‘nalish varaqasi imtiyozli stavkani qo‘llash uchun asos bo‘lib hisoblanadi. Yo‘nalish varaqasida bo‘lish muddatlari va O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan Afg‘oniston hududiga borishning Termiz—Hayraton o‘tish yo‘li oxirgi punkt hisoblangan harakat yo‘nalishi ko‘rsatiladi.
4. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
Afg‘onistonga borayotgan avtotransport vositalaridan O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish va tranzit uchun to‘lov milliy valyuta “so‘m”da naqd pulsiz shaklda yoki tijorat banklari tomonidan bevosita bojxona postlarida naqd pul shaklida undirilishi, mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi hisobraqamiga belgilangan tartibda o‘tkazilishi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-martdagi 202-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.03.2018-y., 09/18/202/0904-son)
Afg‘onistonga boradigan yuklarni temir yo‘l transporti orqali O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘yicha tashiganlik uchun to‘lov amaldagi tariflarga muvofiq belgilangan tartibda “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan undirilishi;
tijorat yuklarini Afg‘onistonga tashishga doir transport-ekspeditorlik faoliyati ham mamlakatimizning, ham xorijning ixtisoslashtirilgan kompaniyalari tomonidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-iyundagi 235-son qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 11-12-son, 96-modda)
6. “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasida o‘tkazish punktlari orqali Termiz—Hayraton ko‘prigida transport vositalari va shaxslar harakatining chegara va bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi”ning amal qilishi tijorat yuklariga ham joriy etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 31-yanvar,
41-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 2-son, 24-modda, 11-12-son, 96-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.03.2018-y., 09/18/202/0904-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)