OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari yaratish qoidalarining 1-bandiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 31-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2290-2]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 11-oktabrdagi 330-mh-sonli ““Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari yaratish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2290-3, 11.10.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2011-yil 12-dekabrdagi 264-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2290, 2011-yil 12-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 50-son, 520-modda) bilan tasdiqlangan Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va tarqatish, qonun hujjatlari maʼlumotlari elektron bazalari yaratish qoidalarining 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy va norasmiy nashrlarda, shu jumladan qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlarida, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlarida ularni eʼlon qilish yoʻli bilan tarqatiladi, maxfiy tusga ega boʻlgan yoki eʼlon qilinmaydigan hujjatlar matnlari bundan mustasno.”.
2. Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) mazkur buyruqni davlat roʻyxatidan oʻtkazsin va Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (D. Saʼdullayev) ushbu buyruqni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Vazir N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2014-yil 31-iyul,
199-mh-son
Kelishilgan:
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori oʻrinbosari K. MANSUROV
2014-yil 31-iyul
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi raisi X. MIRZAXIDOV
2014-yil 31-iyul
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 31-son, 394-modda)