Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING TRANSPORT QURILIShI KORXONALARINI BOShQARISh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 28-apreldagi PF-3421-son “Oʻzbekiston Respublikasining transport qurilishi korxonalarini boshqarish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 1-dekabrdagi PF–504-son Farmonini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotdi.
Respublika hududida joylashgan transport qurilishi korxonalarini boshqarish tuzilmasini yanada takomillashtirish, ularning Oʻzbekiston xalq xoʻjaligi ishlab chiqarish tarmoqlari majmuini rivojlantirishga qoʻshadigan hissasini oshirish maqsadida:
1. Respublika hududida joylashgan transport qurilishi tizimidagi montaj va ixtisoslashtirilgan qurilish, loyiha-qidiruv, ilmiy-texnologik, sanoat hamda boshqa korxonalar va tashkilotlar mehnat jamoalarining ixtiyoriylik asosida Oʻzbekiston davlat transport qurilishi korxonalari uyushmasi “Oʻzbektransqurilish”ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbektransqurilish” uyushmasi:
yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan xoʻjalik uyushmasi hisoblanadi va shartnoma asoslarida davlat, ijara, aksionerlik, jamoa va boshqa korxonalarni birlashtiradi hamda oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda muassislar yigʻilishi tasdiqlaydigan uyushma Ustavi asosida amalga oshiradi;
muassislar berib qoʻygan huquqlarni hisobga olib moliyaviy-iqtisodiy, xoʻjalik va ijtimoiy faoliyat borasidagi masalalarni mustaqil hal qiladi, uyushma Kengashining qaroriga binoan markazlashtirilgan sugʻurta, zaxira jamgʻarmalari va boshqa jamgʻarmalarni tashkil etadi;
respublikaning amaldagi qonunlariga muvofiq uyushma tarkibiga kiruvchi trestlar, korxonalar va tashkilotlarning davlat mulkini boshqaradi, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlikni va mehnat jamoalarining manfaatlarini eʼtiborga olib, transport qurilishi davlat korxonalari va tashkilotlarini boshqacha mulkchilik shakllariga aylantirish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritadi.
2. Oʻzbekiston davlat transport qurilishi korxonalari uyushmasi “Oʻzbektransqurilish” faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat qilib belgilansin:
temir yoʻl transporti, fuqaro aviatsiyasi inshootlarini, asosiy avtomobil yoʻllarini, metropolitenni, tonellar, koʻpriklarni loyihalash, qurish, kengaytirish, qayta qurish va texnika bilan qayta qurollantirish, ijtimoiy sohaga oid va boshqa masalalar har tomonlama hal etilishini taʼminlash;
uyushmaga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish. Bozor munosabatlariga oʻtishda uyushma qatnashchilariga koʻmaklashish, maslahat, tashkiliy-uslubiy, huquqiy, muhandislik, axborot hamda boshqa xizmat turlari bilan taʼminlash, xorijiy sheriklar bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish;
yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni oʻtkazish, transport inshootlarini loyihalash hamda qurish masalalarida boshqa davlatlarning tajribasini oʻrganish va ommalashtirish;
mahsulot yetkazib beruvchilar bilan uzoq muddatli aloqalar oʻrnatishga doir tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish, respublikaning eng muhim xalq xoʻjalik inshootlari qurilishini moddiy-texnika resurslari bilan taʼminlash.
3. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida ushbu Farmonni roʻyobga chiqarishga doir tashkiliy chora-tadbirlarni koʻzda tutuvchi qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 1-dekabr,
PF-504-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 63-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 17-son, 196-modda)