O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika o‘quvchi-yoshlar markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli “Kelajak” markazlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19-fevraldagi PQ–2133-son qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturining 83-bandini bajarish yuzasidan hamda o‘quvchi-yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, ularga vatanparvarlik tuyg‘ularini va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini singdirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Andijon viloyatining Andijon tumanidagi Xortum qishloq fuqarolar yig‘ini, Kamolot ko‘chasida barpo etilayotgan o‘quv, madaniyat, sport va turar joy maskanlari negizida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika o‘quvchi-yoshlar markazi (keyingi o‘rinlarda “Markaz” deb ataladi) tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
respublika umumta’lim maktablari o‘quvchilari, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ta’tillar davrida o‘z bilimlarini yanada oshirishga ko‘maklashish, ularning mazmunli dam olishi va sog‘lig‘ini mustahkamlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
o‘quvchilarda vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, axborot makonidagi turli tahdidlarga nisbatan sog‘lom immunitetni shakllantirish;
bolalarning mustaqil hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lishini ta’minlashga yo‘naltirilgan madaniy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va mahorat darslarini tashkil etish;
o‘quv yili davomida Markazga yaqin atrofda joylashgan umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qiziqishlariga ko‘ra to‘garaklar tashkil etish va boshlang‘ich kasb-hunar sirlarini o‘rgatish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:
bir oy muddatda Markaz to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlasin hamda Markazning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Markazga ta’tillar davrida o‘quvchilarni qabul qilish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Markazning shtatlar jadvalini tasdiqlasin. Bunda shtatlarni saqlash xarajatlarining tegishli binolar hajmiga va foydalanishga topshirish muddatlariga mutanosib ravishda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin;
ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish maqsadida Markazni malakali mutaxassislar va zarur o‘quv-uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlasin.
3. Andijon viloyati hokimligi yuqorida ko‘rsatilgan o‘quv, madaniyat, sport va turar joy binolari qurilishini qisqa muddatlarda tugatish hamda ularni tezkor boshqarish huquqi bilan Markazga berish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat budjeti parametrlarida “Ta’lim” sohasiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida:
2014-yilda Markazni saqlash va unga respublikaning boshqa hududlaridan keladigan o‘quvchilarning yo‘l xarajatlarini moliyalashtirish uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni ajratsin, 2015-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida ularni nazarda tutsin;
Xalq ta’limi vazirligining Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan, asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha Markazni tegishli asbob-uskuna va jihozlar, shuningdek bitta “Isuzu” rusumli avtobus hamda bitta “Damas” rusumli yengil avtomobil bilan bosqichma-bosqich ta’minlash uchun zarur mablag‘larni moliyalashtirishni amalga oshirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 27-iyundagi 214-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2016-y., 26-son, 316-modda)
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.I. Ikramov va B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 5-may,
115-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 19-son, 214-modda; 2016-y., 26-son, 316-modda)