Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Muborak Qurbon hayitining xalqimiz maʼnaviy hayotidagi oʻrni va ahamiyatini eʼtiborga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy bayram — Qurbon hayitini dam olish kuni deb eʼlon qilish haqida”gi 1991-yil 20-iyundagi PF-221-son Farmoniga muvofiq:
1. 2007-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 19-dekabrga toʻgʻri kelishi haqida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi murojaatini inobatga olib, 2007-yil 19-dekabr dam olish kuni deb belgilansin va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamgʻarmalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa barcha mutasaddi idora va jamoat tashkilotlari Qurbon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda oʻtishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 13-dekabr,
PQ-745-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 12-son, 650-modda)