Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2004-yil boshoqli don ekinlari hosilini yigʻishtirib olishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Boshoqli ekinlar doni nobudgarchiliksiz oʻz vaqtida va sifatli yigʻishtirib olinishini, davlat resurslariga gʻalla sotish boʻyicha kontraktatsiya shartnomalari bajarilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
gʻalla oʻrish kombaynlari, yuk avtomobillari, transport traktorlari, gʻalla tashish uchun tirkamalar, shuningdek don xirmonlari va maydonchalari, don tozalash mashinalari va donni dastlabki qayta ishlash boshqa vositalarini tayyorlab qoʻyish joriy yilning 10-mayigacha tugallanishini;
gʻallaning xoʻjaliklar tomonidan tayyorlov punktlariga majburiy dastlabki tozalangandan keyin, iflosligi va namligi standart normativlardan ortiq boʻlmagan holda yetkazib berilishini;
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlarning don qabul qilish punktlariga gʻalla tashish uchun yaroqli boʻlgan transport vositalari shartnoma asosida jalb etilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi bilan birgalikda xoʻjaliklar bilan — davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinayotgan gʻalla uchun, mashina-traktor parklari bilan — koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari va gʻalla oʻrish kombaynlari operatorlariga ish haqi toʻlash uchun oʻz vaqtida hisob-kitob qilinishini taʼminlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi, “Oʻzagromashservis” uyushmasining eng muhim vazifalari hisoblansin.
2. Don hosilini yigʻishtirib olishni zarur darajada tashkil etilishi va amalga oshirilishi, shuningdek gʻalla oʻrish kombaynlaridan samarali foydalanilishi uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagromashservis” uyushmasi va uning mashina-traktor parklari hududiy birlashmalari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
3. “Oʻzagromashservis” uyushmasi gʻalla oʻrish texnikasi mavjud parkining, ayniqsa “Keys” kombaynlarining yuqori darajada tayyorlanishini taʼminlasin, ehtiyot qismlar zaxirasini yaratsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash, yongʻinlar kelib chiqishining oldini olish, shuningdek 2004-yil boshoqli don ekinlari hosilining talon-taroj qilinishi va nobud boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsinlar.
5. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi yonilgʻi-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsin va yonilgʻi-moylash materiallari belgilangan tartib doirasida, ular qiymatining 30 foizi oldindan toʻlangandan keyin hosilni yigʻishtirib olish, tashish va tayyorlash bilan band boʻlgan qishloq xoʻjaligi korxonalari, mashina-traktor parklari va boshqa tashkilotlarga uzluksiz yetkazib berilishini tashkil etsin.
6. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi gʻallaning qiymati oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida yangi hosilni yigʻishtirib olish davrida “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi uchun don tashishga imtiyozli tariflarni qoʻllashni nazarda tutsin.
7. “Oʻzstandart” agentligi “Oʻzdavdoninspeksiya”, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi bilan birgalikda 2004-yil 20-maygacha davlat resurslari uchun tayyorlanadigan bugʻdoyga amaldagi OʻzRST 880-98 standarti talablarini xalqaro standartlar talablarini hisobga olgan holda qayta tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 13-sentabrdagi PQ-693-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 9-son, 461-modda)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi xoʻjaliklar tomonidan don sotish toʻgʻrisidagi statistika hisobotlarining ishonchliligini don qabul qilib olish korxonalari boʻyicha muntazam ravishda tekshirib borsin, hisobotni buzib koʻrsatishning aniqlangan holatlari toʻgʻrisida tezkorlik bilan Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 26-aprel,
200-son