LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
“Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar ro‘yxati 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Vakolatli organlar tomonidan berilgan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar reyestrlarini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qonun hujjatlariga muvofiq ruxsat berish tartib-taomillarining qonunda nazarda tutilmagan yangi turlarini joriy etish taqiqlanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
Vazirliklar va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda, o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
1. Ushbu Nizom “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq vakolatli organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlariga — yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar reyestrlarini yuritish tartibini belgilaydi.
2. Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar reyestri (keyingi o‘rinlarda reyestr deb ataladi) o‘zida ruxsat etish xususiyatiga ega berilgan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan hujjatlar, shuningdek amal qilishi to‘xtatib turilgan, tiklangan yoki to‘xtatilgan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlar mavjud bo‘lgan barchaning tanishishi uchun ochiq bo‘lgan davlat reyestrini ifodalaydi.
3. Vakolatli organlar reyestrni yuritish bilan bog‘liq tartib-taomillarni amalga oshirishda “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarga, boshqa qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Reyestr xatti-harakatni sodir etish va (yoki) muayyan faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar berilgan tadbirkorlik subyektlarining davlat hisobini yuritishni ta’minlash va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish maqsadida yuritiladi.
5. Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar reyestrga tadbirkorlik subyektiga ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kunda kiritiladi. Reyestrdagi barcha qaydlarga sana qo‘yiladi hamda ular imzo va muhr bilan tasdiqlanadi.
tadbirkorlik subyektlari to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlar (tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarning nomi, ularning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni, tadbirkorlik subyektlari — jismoniy shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning pasportiga oid ma’lumotlar, pochta manzili, telefoni);
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilish muddatlari (amal qilishining cheklangan muddatiga beriladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar uchun);
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni qayta rasmiylashtirishning, amal qilish muddatini uzaytirishning asosi va sanasi (amal qilishining cheklangan muddatiga beriladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar uchun), amal qilishini to‘xtatib turish va tiklash;
ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan boshqa ma’lumotlar.
7. Reyestr qog‘ozda va elektron manbalarda yuritiladi. Qog‘ozdagi va elektron manbalardagi yozuvlar o‘rtasida nomuvofiqlik mavjud bo‘lgan taqdirda qog‘oz manbalardagi yozuvlar ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi.
Reyestr jurnali ip o‘tkazib tikiladi, tartib raqami qo‘yiladi va uning orqa tomonida sahifalar soni, jurnalni yuritish boshlangan sana (yil, oy, kun) ko‘rsatiladi, vakolatli organing muhri bosiladi va rahbarining imzosi qo‘yiladi.
Ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan reyestr ma’lumotlari ushbu ma’lumotlarni tasdiqlaydigan hujjatlardagi mavjud ma’lumotlarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan ma’lumotlar ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar ishonchli hisoblanadi.
8. Vakolatli organlar ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini to‘xtatib turish, tiklash, to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar bekor qilingan kunda reyestrga tegishli qaydlarni kiritadi.
9. Reyestrdagi mavjud ma’lumotlardan umumiy ravishda foydalaniladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno. Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar berilgan aniq tadbirkorlik subyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishli reyestrdan ko‘chirma tarzida beriladi.
Reyestrdagi mavjud ma’lumotlarni taqdim etish muddati vakolatli organ tomonidan tegishli so‘rov olingan kundan boshlab bir ish kunidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
10. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.