Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOShQARUVINING
Qarori
“OʻZKART” BANKLARARO ChAKANA TOʻLOV TIZIMI FAOLIYATI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 30-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2369]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-yanvardagi 2/6-sonli ““Oʻzkart” banklararo chakana toʻlov tizimi faoliyati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2369-3, 05.02.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda), “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 373-modda) qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 19-apreldagi PQ-1325-sonli “Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 16-son, 124-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 24-sentabrdagi 445-sonli “Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 38-39-son, 425-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. “Oʻzkart” banklararo chakana toʻlov tizimi faoliyati toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2012-yil 21-aprel,
12/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 21-apreldagi 12/2-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Oʻzkart” banklararo chakana toʻlov tizimi faoliyati toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda), “Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 373-modda) qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 19-apreldagi “Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–1325-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 16-son, 124-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 24-sentabrdagi “Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 445-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 38-39-son, 425-modda) muvofiq, milliy valyutadagi “Oʻzkart” banklararo chakana toʻlov tizimi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzkart” tizimi deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“Oʻzkart” tizimi – asosiy elementi bank plastik kartochkalari (keyingi oʻrinlarda BPK deb yuritiladi) va toʻlov terminallari boʻlgan, dasturiy-texnik yechimlar va tegishli tashkiliy-texnik infratuzilmaga asoslangan holda faoliyat koʻrsatadigan chakana toʻlov tizimi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasida elektron shakldagi naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun moʻljallangan hamda BPKlarni emissiya qiluvchi va tovarlar (ishlar bajaruvchi, xizmatlar koʻrsatuvchi) sotuvchilariga xizmat koʻrsatuvchi banklarni, Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankni, shuningdek Yagona umumrespublika protsessing markazini (bundan keyingi oʻrinlarda protsessing markazi deb yuritiladi) yagona tizimga birlashtiradi;
BPK – “Oʻzkart” tizimi aʼzosi tomonidan emissiya qilingan, personalizatsiyalangan, toʻlov vositasi sifatida ishlatiladigan va oʻz saqlovchisiga bank hisobvaragʻidagi mablagʻlari doirasida operatsiyalarni, jumladan, hisobvaraq orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarni (toʻlovlarni) amalga oshirish, undan naqd pul mablagʻlarini va bank kreditini olish imkonini beruvchi bank plastik kartasi.
terminal – BPKdan foydalangan holda naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini beruvchi va bajarilgan operatsiyalar boʻyicha cheklarni shakllantiruvchi moslama;
bankomat – BPK saqlovchisiga oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish rejimida naqd pul mablagʻlarini va bajarilgan operatsiyalar boʻyicha cheklarni olish, shuningdek BPK orqali asosiy va qoʻshimcha operatsiyalarni amalga oshirish, jumladan, mablagʻlarni hisobga kiritish va hisobdan chiqarish, BPKning balansi va bankdagi hisobvaraq qoldigʻi holati toʻgʻrisida axborot olish va parollarni oʻzgartirish imkonini beruvchi elektron-mexanik moslama;
emitent – BPKning emissiyasini amalga oshiruvchi, oʻzi emissiya qilgan BPKlarga nisbatan mulk huquqiga ega boʻlgan, oʻz nomidan ularning saqlovchilari va ekvayyerlar oldida naqd pulsiz hisob-kitoblarga oid qonun hujjatlari talablari asosida majburiyatlarni zimmasiga olgan, shuningdek BPK saqlovchilarining toʻlov operatsiyalari boʻyicha avtorizatsiyalash, tranzaksiyalarni yigʻish va ularga ishlov berish funksiyalarini amalga oshiruvchi bank;
Keyingi tahrirga qarang.
ekvayring – BPK orqali amalga oshirilgan operatsiyalar boʻyicha tovarlar (ishlar bajaruvchi, xizmatlar koʻrsatuvchi) sotuvchilari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, shuningdek BPK saqlovchisiga bevosita kassa yoki bankomat orqali naqd pul berish;
ekvayer – ekvayringni amalga oshiruvchi bank;
BPK saqlovchisi – emitent bank bilan shartnoma asosida foydalanuvchi mijoz yoki mijoz tomonidan vakolat berilgan shaxs;
tranzaksiya – BPK saqlovchisi tomonidan amalga oshiriladigan, uning bankdagi hisobvaragʻi debetlanishiga olib keladigan toʻlov orderi;
kliring – BPK orqali amalga oshirilgan har bir moliyaviy operatsiyaning toʻliq maʼlumotini oʻz ichiga olgan hujjatlar toʻplamini tayyorlash, moliyaviy operatsiyalarni yigʻish, ularga ishlov berishni amalga oshirish;
normativ axborot maʼlumotnomasi – elektron fayllar shaklida shakllantiriladigan va yigʻiladigan hamda “Oʻzkart” tizimining toʻgʻri ishlashini taʼminlash uchun moʻljallangan axborot;
stop-list – protsessing markazi tomonidan shakllantiriladigan va doimiy yangilanib turiladigan yoʻqolgan yoki bank tomonidan hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirish vaqtincha toʻxtatib turilgan yoki butunlay toʻxtatilgan BPKlar roʻyxati;
bosh kalit – “Oʻzkart” tizimining yetakchi tarmogʻini hosil qiluvchi kalit boʻlib, BPKning ushbu tizimga tegishliligini belgilaydi va yagona texnologik maydon yaratilishini taʼminlaydi;
protsessing markazi – “Oʻzkart” tizimi aʼzolari oʻrtasida protsessing amaliyotlarini, yaʼni axborotni yigʻish, unga ishlov berish va uni tarqatishni uzluksiz taʼminlash, shuningdek uning aʼzolari uchun amalga oshiriladigan birlamchi emissiyani va ekvayringga texnik xizmat koʻrsatishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank – “Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning infratuzilmalarida tizim aʼzolari oʻrtasida banklararo tranzaksiyalar boʻyicha BPKdan foydalangan holda oʻtkazilgan operatsiyalarga doir oʻzaro moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish yuzasidan “Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarga xizmat koʻrsatuvchi bank.
2. Quyidagilar “Oʻzkart” tizimining aʼzolari hisoblanadi:
BPKlarning emitentlari va ekvayyerlari boʻlgan hamda belgilangan tartibda “Oʻzkart” tizimining aʼzoligiga qabul qilingan banklar;
Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank;
protsessing markazi.
3. Quyidagilar “Oʻzkart” tizimining foydalanuvchilari hisoblanadi:
BPKlarning saqlovchilari;
BPKga xizmat koʻrsatuvchi chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari.
4. “Oʻzkart” tizimi aʼzolari:
“Oʻzkart” tizimi aʼzosi boʻlgan bank BPKni naqd pulsiz hisob-kitob vositasi sifatida tan oladi, shuningdek qonun hujjatlarga muvofiq hisob-kitob operatsiyalari va tranzaksiyalarning BPKlardan foydalangan holda amalga oshirilishini kafolatlaydi;
Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank “Oʻzkart” tizimi aʼzolari bilan tuzilgan xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq, protsessing markazidan olingan axborot asosida banklar oʻrtasida BPK orqali amalga oshirilgan operatsiyalar boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarning amalga oshirilishini kafolatlaydi;
“Oʻzkart” tizimi aʼzosi boʻlgan bank BPK saqlovchisiga BPKni berib, ekvayerga mazkur BPK bilan amalga oshirilgan operatsiyalar boʻyicha taqdim etilgan barcha toʻlov talablarining toʻlanishini kafolatlaydi. Mazkur toʻlov akseptsiz tartibda amalga oshiriladi;
“Oʻzkart” tizimi aʼzosi boʻlgan bank mazkur tizimning aʼzosi boʻlgan boshqa bank tomonidan emissiya qilingan BPKning barcha saqlovchilariga oʻz infratuzilmasida toʻlovlar qabul qilinishini va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda naqd pul mablagʻlari berilishini (yuridik shaxslarga, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan korporativ BPKlar bundan mustasno) kafolatlaydi;
protsessing markazi “Oʻzkart” tizimi aʼzolari oʻrtasida oʻzaro hisob-kitoblar boʻyicha barcha axborotlarni Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankka va “Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarga toʻliq va oʻz vaqtida taqdim etilishini oʻz zimmasiga oladi.
5. “Oʻzkart” tizimining shartli belgisi “Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklar tomonidan qabul qilingan umumiy ramziy belgi hisoblanadi va mazkur belgi terminal oʻrnatilgan barcha obyektlarda aks ettirilgan boʻlishi lozim. “Oʻzkart” tizimi aʼzosi boʻlgan banklar tomonidan chiqarilgan BPKlar terminal oʻrnatilgan barcha xizmat koʻrsatish obyektlarida qabul qilinishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Oʻzkart” tizimi aʼzolari qalbakilashtirish imkoniyatini istisno etuvchi hamda bazaviy texnologiyaning xavfsizlik talablariga javob beruvchi ichki himoya vositalariga ega boʻlgan BPKlardan foydalanilishini, shuningdek tizimning maʼlum texnologik platformasini shifrlash algoritmidan foydalanilishini taʼminlaydi.
7. “Oʻzkart” tizimi aʼzolari maxfiy axborotni ochiq holatida kompyuterning tezkor xotirasiga tushmasligini taʼminlashi lozim. Axborotning maxfiyligini taʼminlash uchun qoʻshimcha muhofaza qilish vositalari qoʻllanilishi mumkin. “Oʻzkart” tizimi aʼzolarining maxfiy kalit tizimini boshqarish axborot tizimlarining xavfsizligiga qoʻyiladigan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
II bob. Banklararo muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini tashkil etish
8. Banklararo muvofiqlashtiruvchi kengashning (keyingi oʻrinlarda BMK deb yuritiladi) asosiy maqsadi pul muomalasi tizimini takomillashtirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar milliy tizimini rivojlantirish va bankdan tashqari naqd pul aylanmasini qisqartirish, aholining BPKlardan foydalangan holda toʻlovlarni amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda ilgʻor bank texnologiyalarini joriy etish asosida xizmat koʻrsatish sifatini oshirish faoliyatini muvofiqlashtirish hisoblanadi.
9. BMK “Oʻzkart” tizimining oliy boshqaruv organi boʻlib, uning tarkibiga “Oʻzkart” tizimi aʼzosi boʻlgan banklarning, shuningdek Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasi va protsessing markazi rahbarlari (ularning oʻrinbosarlari) kiradi.
10. BMK raisi va uning oʻrinbosari BMK aʼzolari orasidan ikki yil muddatga saylanadi. BMK raisi oʻz vakolatlaridan muddatidan ilgari BMKni kamida ikki oy oldin yozma ravishda ogohlantirgan holda voz kechishi mumkin.
11. Protsessing markazi bosh direktori yoki uning oʻrinbosari BMK kotibi hisoblanadi. BMK faoliyatining tashkiliy ishlari kotib tomonidan yuritiladi.
12. BMKning yigʻilishlari zarur boʻlganda, lekin bir yilda kamida uch marta oʻtkaziladi.
13. BMKning yigʻilishlariga uning raisi yoki oʻrinbosari boshchilik qiladi. BMK yigʻilishlari aʼzolari umumiy sonining kamida toʻrtdan uch qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. BMKga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan masalalar boʻyicha qarorlar ochiq ovoz berish yoʻli bilan, aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda, yigʻilish raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
14. Bayonnoma BMKning raisi va masʼul kotibi tomonidan imzolanadi va tasdiqlanadi. Yigʻilish bayonnomasi yigʻilish oʻtkazilganidan keyin besh ish kunidan kechiktirmay “Oʻzkart” tizimi aʼzolariga yuboriladi.
15. Quyidagilar BMKning asosiy vazifalari hisoblanadi:
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning oʻzaro munosabatlari samaradorligini oshirish;
tranzaksiyalarga ishlov berish, kliring sessiyalarini amalga oshirish, xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha banklararo yagona talablar, qoidalar va oʻzaro munosabatlar reglamentini tasdiqlash, namunaviy shartnomalar, kelishuvlar va bitimlarni, BPK, terminallar, bankomatlar, ommaviy oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatuvchi keng tarmoqli elektron toʻlov-maʼlumot terminallari (infokioskalar) va banklar tomonidan qoʻllaniladigan maxsus uskunalarning dasturiy taʼminoti va “Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning texnik va dasturiy jihozlanishi uchun yagona dasturiy-texnik talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
BPKdan hisob-kitob vositasi sifatida foydalanishning joriy etilishi, rivojlanishi va ularning tarqatilishi bilan bogʻliq boʻlgan masalalar yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
BPKdan foydalangan holda zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish boʻyicha dasturlar ishlab chiqish;
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning BPK bilan ishlovchi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini rivojlantirib borish.
16. BMK quyidagi huquqlarga ega:
“Oʻzkart” tizimi aʼzolarining oʻzaro munosabat qoidalarini belgilash, shuningdek banklarni “Oʻzkart” tizimi aʼzoligiga qabul qilish yoki ularni “Oʻzkart” tizimi aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
“Oʻzkart” tizimining ishlash jarayonida vujudga kelgan nizolarni hal etish boʻyicha, shuningdek fors-major holatlar yuzaga kelgan taqdirda tegishli qaror qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishgan holda banklararo tranzaksiyalar boʻyicha tariflarni belgilash, shuningdek “Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning BPK saqlovchilariga xizmat koʻrsatganlik uchun vositachilik haqlarining maksimal miqdorini belgilash;
protsessing markazi tomonidan BPKlarning birlamchi emissiyasini hamda boshqa xizmatlarni amalga oshirishda banklardan undiriladigan xizmat haqlarining maksimal miqdorini belgilash;
ekspertlik guruhini tuzish, uning aʼzolari tarkibini oʻzgartirish va bekor qilish.
17. BMK tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini hamda BMK faoliyatining samarali tashkil etilishini taʼminlash BMKning majburiyatlari hisoblanadi.
III bob. Ekspertlik guruhi faoliyatini tashkil etish
18. Ekspertlik guruhi BMKning ishchi organi boʻlib, uning tarkibiga “Oʻzkart” tizimi aʼzosi boʻlgan banklar, shuningdek Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasi va protsessing markazi vakillari kiritiladi.
19. Ekspertlik guruhining rahbari va masʼul kotibi hamda uning tarkibi BMK qarori bilan tasdiqlanadi. Ekspertlik guruhining rahbari oʻz vakolatlaridan muddatidan ilgari BMKni kamida ikki oy oldin yozma ravishda ogohlantirgan holda voz kechishi mumkin.
20. Ekspertlik guruhi faoliyatini muvofiqlashtirish va tashkiliy taʼminlash ekspertlik guruhining masʼul kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
21. Ekspertlik guruhi yigʻilishlari zarur boʻlgan hollarda oʻtkaziladi. Ekspertlik guruhining yigʻilishi aʼzolari umumiy sonining kamida toʻrtdan uch qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Ekspertlik guruhining xulosalari aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
22. Ekspertlik guruhi aʼzolari ekspertlik guruhining yigʻilishlarida bevosita ishtirok etadi. Ekspertlik guruhi aʼzosi yigʻilishda bevosita ishtirok eta olmagan taqdirda, koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan oʻz fikrini yozma ravishda taqdim etishga haqlidir.
23. Ekspertlik guruhining xulosalari uning aʼzolari tomonidan imzolanadi va guruh rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Ekspertlik guruhining xulosalari BMKga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
24. Milliy chakana toʻlov tizimlarini yaratish va rivojlantirish boʻyicha xorij tajribasini oʻrganish, shuningdek “Oʻzkart” tizimini rivojlantirish sohasidagi dolzarb muammolarni tahlil qilish va ularni takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflarni ishlab chiqish ekspertlik guruhining asosiy vazifasi hisoblanadi.
25. Ekspertlik guruhi BMKga quyidagi masalalar boʻyicha takliflar kiritish huquqiga ega:
“Oʻzkart” tizimini rivojlantirish boʻyicha muayyan dasturiy-apparat platformalarini va texnik yechimlarni tanlash boʻyicha;
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari oʻrtasida oʻzaro munosabatlar, shuningdek banklarning “Oʻzkart” tizimi tarkibiga kirishi yoki banklarni “Oʻzkart” tizimidan chiqarish boʻyicha qoidalarni belgilash boʻyicha;
“Oʻzkart” tizimining ishlash jarayonida vujudga keladigan nizolarni, shuningdek fors-major holatlar yuzaga kelganda ularni hal etish boʻyicha;
banklararo tranzaksiyalar tariflarini belgilash, shuningdek “Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning BPK saqlovchilariga xizmat koʻrsatganlik uchun vositachilik haqlarining maksimal miqdorini belgilash boʻyicha;
“Oʻzkart” tizimi axborot resurslarining maxfiyligini taʼminlash va ularni himoya qilish choralarini koʻrish boʻyicha;
naqd pulsiz hisob-kitoblar sohasida, jumladan BPKdan foydalangan holda koʻrsatiladigan xizmatlarni rivojlantirish, joriy etish va tarqatishda banklarni qoʻllab-quvvatlashga oid qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar boʻyicha;
BMK vazifalarining bajarilishini, shuningdek “Oʻzkart” tizimining samarali ishlashini taʼminlash maqsadida tizim aʼzolaridan zarur axborotlarni talab qilish boʻyicha.
26. Quyidagilar ekspertlik guruhining majburiyatlari hisoblanadi:
BMK qarorlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan tizimli monitoring olib borish;
BMK va ekspertlik guruhi hujjatlarini tayyorlash, hisobga olish va saqlashni tashkil etish.
IV bob. “Oʻzkart” tizimida banklar ishtiroki
27. Banklarning “Oʻzkart” tizimiga aʼzoligi ixtiyoriydir.
28. “Oʻzkart” tizimiga aʼzo boʻlish uchun bank belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan roʻyxatga olingan, bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun litsenziyaga, shuningdek “Oʻzkart” tizimiga kirish imkoniyatiga ega boʻlgan tegishli texnik va dasturiy-apparat majmuasiga ega boʻlishi lozim. Texnik va dasturiy-apparat majmuasiga qoʻyiladigan talablar BMK tomonidan belgilanadi.
29. Bank “Oʻzkart” tizimi aʼzoligiga kirish uchun BMKga ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan berilgan litsenziyaning nusxasi;
BPKni joriy etish va rivojlantirishning yillik biznes-rejasi;
bankning oxirgi ikki yillik faoliyati natijalari yuzasidan auditorlik xulosasi.
Keyingi tahrirga qarang.
30. Ekspertlik guruhi bank tomonidan taqdim qilingan hujjatlarni olgach, mazkur Nizomning 29-bandida nazarda tutilgan hujjatlar bilan tanishib chiqadi va ularni tegishli qaror qabul qilish uchun BMKga kiritadi.
31. BMK “Oʻzkart” tizimiga aʼzo boʻlish uchun bank tomonidan topshirilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va bankni tizimga qabul qilish va unga tizim aʼzosi maqomini berish toʻgʻrisida yoki tizimga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bankni “Oʻzkart” tizimiga qabul qilish va unga tizim aʼzosi maqomini berish toʻgʻrisidagi qaror bank tomonidan mazkur Nizomning 29-bandida nazarda tutilgan hujjatlar topshirilgan kundan boshlab oʻttiz kun ichida qabul qilinadi. Bank qabul qilingan qaror toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor etiladi.
32. BMK Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank va protsessing markazini bankni “Oʻzkart” tizimiga qabul qilish va unga tizim aʼzosi maqomini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
33. BMKdan olingan yozma xabar asosida Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank “Oʻzkart” tizimiga qabul qilingan bank bilan depozit hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani imzolaydi va tegishli hisobvaraq ochadi. Bank tomonidan shartnoma imzolangandan soʻng uch ish kuni mobaynida Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankda ochilgan depozit hisobvaragʻiga zarur mablagʻ oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
34. BMKdan olingan yozma xabar asosida protsessing markazi “Oʻzkart” tizimiga qabul qilingan bank bilan protsessing markazida xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani imzolaydi va protsessing markazi tomonidan bankka protsessing serveriga kirish uchun autentifikatsiya maʼlumotlari taqdim etiladi hamda protsessing markazi maʼmuri (administratori) tomonidan bank, emissiya (bank) mintaqasi va bank filiali tizimga kiritiladi.
35. Bank “Oʻzkart” tizimi aʼzoligiga qabul qilinganda u oʻz filiallariga nisbatan tizimning Bosh ishtirokchisi, filiallari esa, tizimning qoʻshilgan ishtirokchilari hisoblanadi. Bank filiallarining moliyaviy majburiyatlari boʻyicha toʻliq hajmda javobgar boʻladi. Filiallarning “Oʻzkart” tizimi aʼzolari bilan hisob-kitob munosabatlari bank orqali amalga oshiriladi.
36. BMK bankka depozit hisobvaragʻi ochilganligi va unga mablagʻlar kiritilganligi toʻgʻrisida Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankning, bankning “Oʻzkart” tizimida ishlashga tayyorligi toʻgʻrisida protsessing markazining xabarnomalari asosida tizim aʼzolari boʻlgan banklarga yangi bankning tizim aʼzosi sifatida qabul qilinganligi va uni tizimga ulanganligi toʻgʻrisida rasmiy xabar yuboradi. Protsessing markazi tizimning yangi maʼlumotnomasini shakllantiradi va uni tizim aʼzolari boʻlgan banklarga tarqatadi hamda aʼzolikka qabul qilingan bank uchun banklararo tranzaksiyalarni toʻgʻri uzatish uchun sozlashni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Bank BMKga filialini “Oʻzkart” tizimiga qoʻshilgan ishtirokchi sifatida ulashni soʻrab murojaat qiladi.
BMK murojaat asosida bank filialini belgilangan tartibda “Oʻzkart” tizimiga ulaydi va tizimning barcha aʼzolariga bank filialining tizimga ulanganligi toʻgʻrisida rasmiy xabar yuboradi.
38. BPKlardan foydalangan holda oʻtkazilgan operatsiyalar boʻyicha banklararo hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun tegishli fayllar bank tomonidan kliring qilish maqsadida protsessing markaziga uzatiladi.
39. Filialining “Oʻzkart” tizimida toʻgʻri ishlashi uchun bank javobgardir.
40. Bank ixtiyoriy ravishda “Oʻzkart” tizimi aʼzoligidan chiqish uchun toʻqson kun oldin BMKga yozma ravishda maʼlum qiladi.
41. Bank yoki bank filiallari quyidagi hollarda “Oʻzkart” tizimidan chiqariladi:
oʻz arizasiga muvofiq;
mazkur Nizom, shuningdek naqd pulsiz hisob-kitoblarga oid qonun hujjatlari talablarini muntazam ravishda buzganda;
tizim aʼzolari boʻlgan banklar Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank va protsessing markazi oldida oʻz majburiyatlarini bajarmaganda;
bank belgilangan tartibda tugatilganda.
42. Bankni “Oʻzkart” tizimi aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror BMKning yigʻilishida qabul qilinadi. Mazkur qarorning tasdiqlangan nusxasi qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida tizimdan chiqarilgan bankka hamda tizim aʼzolariga yuboriladi.
43. BMKning ushbu qarori olingandan soʻng:
Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank tomonidan “Oʻzkart” tizimidan chiqarilgan bankka u bilan tuzilgan depozit hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaning bekor qilinganligi va hisobvaraqning yopilganligi haqida yozma ravishda xabar yuboriladi. Tizimdan chiqarilgan bankning Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank oldida moliyaviy majburiyatlari boʻlgan taqdirda, hisobvaraq ushbu bank tomonidan barcha moliyaviy majburiyatlar toʻliq bajarilgandan keyin yopiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
protsessing markazi tomonidan tizimdan chiqarilgan bankka protsessing markazida xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaning bekor qilinganligi haqida yozma xabar yuboriladi va bir vaqtning oʻzida bank maʼlumotnomadan chiqariladi. Agar tizimdan chiqarilgan bank tizimning Bosh ishtirokchisi boʻlsa, uning filiallari ham tizimdan chiqariladi.
44. Yoʻqotilgan yoki shikastlangan BPKlar BPK saqlovchisining arizasiga binoan belgilangan tartibda stop-listga kiritiladi.
V bob. Protsessing markazi faoliyati
45. Protsessing markazi vazifalarini “Yagona umumrespublika protsessing markazi” MChJ bajaradi.
46. BPKlar orqali amalga oshiriladigan tranzaksiyalar va ularga tegishli boshqa maʼlumotlar maxsus dasturiy taʼminot vositasida shifrlangan holda amalga oshiriladi.
47. Protsessing markazining “Oʻzkart” tizimining boshqa aʼzolari bilan oʻzaro munosabatlari belgilangan shaklda axborot almashish orqali amalga oshiriladi. “Oʻzkart” tizimi aʼzosiga axborot almashish huquqi protsessing markazida xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilganidan keyin beriladi.
48. Zarur hollarda, axborotlarni elektron tashuvchilar orqali belgilangan muddatlarda yetkazishda kuryerdan foydalanilishi mumkin. Bunda axborotlar personalizatsiyalangan va shifrlangan holda boʻlishi lozim.
49. Protsessing markazining asosiy vazifalari:
tizimni tashkil qiluvchi bosh kalitni boshqarish;
BPKlarning birlamchi emissiyasini amalga oshirish;
“Oʻzkart” tizimining yangi aʼzolari boʻlgan banklarni tizimda roʻyxatdan oʻtkazish;
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari oʻrtasida axborot almashinuvini tashkil etish;
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari uchun umumiy boʻlgan stop-list va normativ axborot maʼlumotnomasiga xizmat koʻrsatish;
BPK uskunalari va mahsulotlaridan foydalanish mumkinligi toʻgʻrisida xulosa berish;
shifrlangan maʼlumotlarning maxfiylik rejimini va “Oʻzkart” tizimining ishlash xavfsizligini taʼminlash;
“Oʻzkart” tizimining texnik vositalaridan foydalanish, ularning ishlashini kuzatish va rivojlantirishni taʼminlash;
BPKlarning loyihalarini rivojlantirish va ularni joriy qilish uchun sharoit yaratish;
“Oʻzkart” tizimining yagona maʼlumotlar bazasini yaratish, kuzatib borish, takomillashtirish va boshqarish;
marketing tadqiqotlarini oʻtkazish;
BPKlar vositasida amalga oshiriladigan hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha oʻquv seminarlarini oʻtkazish.
50. Protsessing markazi quyidagi huquqlarga ega:
BMKning qaroriga yoki Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankning yozma murojaatiga asosan, emitentning BPKlar boʻyicha operatsiyalarini toʻxtatib turish;
Protsessing markazi tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun belgilangan miqdorda haq olish.
51. Quyidagilar protsessing markazining majburiyatlari hisoblanadi:
“Oʻzkart” tizimi aʼzolariga BPKlar orqali operatsiyalarni amalga oshirishga sharoit yaratish;
bosh kalitning saqlanishi va maxfiyligini taʼminlash;
tegishli BPKlarga xizmat koʻrsatish taqiqlanganligi toʻgʻrisida emitentning yozma qarorini olgandan soʻng BPKlarni oʻz vaqtida stop-listga qoʻshish;
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari oʻrtasida axborotlarni (tranzaksiyalar paketlari, normativ axborot maʼlumotnomasi, stop-list) oʻz vaqtida almashinishi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash;
“Oʻzkart” tizimining aʼzosi boʻlgan bankning tugatilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, bu haqda tugatish komissiyasining maxsus qarori olingan kundan keyingi bank kunidan kechiktirmay mazkur emitentning BPKlarini stop-listga qoʻshish;
tizim xizmatlarining uzluksizligini taʼminlash;
Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankdan olingan xabarnoma asosida Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank bilan tuzilgan xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmayotgan emitentning barcha operatsiyalarini vaqtinchalik toʻxtatib turish;
axborotni muhofaza qilish va xavfsizlik choralarini taʼminlash;
BPKlar emitentlarining reyestrini yuritish;
BPKlarga xizmat koʻrsatish tizimining dasturiy taʼminotini hamda tegishli uskunalarni oʻz vaqtida sinovdan oʻtkazishni taʼminlash.
VI bob. Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank faoliyati
52. “Oʻzkart” tizimida Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Banklararo hisob-kitob markazi tomonidan amalga oshiriladi. Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank “Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklar bilan tuzilgan shartnomalar asosida BPK orqali amalga oshirilgan operatsiyalar va tranzaksiyalar boʻyicha oʻzaro moliyaviy hisob-kitoblar yuzasidan xizmatlar koʻrsatadi.
Keyingi tahrirga qarang.
53. Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankning asosiy vazifasi protsessing markazi bilan axborotni tezkor almashish boʻyicha oʻzaro munosabatlar tizimini tashkil etish va “Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklar oʻrtasida oʻzaro moliyaviy hisob-kitoblarni oʻz vaqtida amalga oshirishni taʼminlash hisoblanadi.
54. Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank quyidagi huquqlarga ega:
koʻrsatgan xizmatlar uchun belgilangan vositachilik haqini olish;
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklardan mazkur Nizom talablariga va oʻzaro hisob-kitoblar intizomiga amal qilishni talab qilish.
55. Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini uch bank kuni davomida bajarmayotgan bankning hisob-kitob operatsiyalarini depozit hisobvaragʻini zarur mablagʻ bilan toʻldirmagunga qadar bir taraflama toʻxtatib turadi hamda bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va protsessing markazini xabardor qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
56. Quyidagilar Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankning majburiyatlari hisoblanadi:
protsessing markazidan va banklardan olingan tizimdagi oʻzaro hisob-kitoblar, amalga oshirilgan tranzaksiyalar va toʻlovlar toʻgʻrisidagi axborotni uzatish, normativ axborot maʼlumotnomasini oʻz vaqtida yangilash va almashinishini taʼminlash;
banklar tomonidan banklararo tranzaksiyalar boʻyicha hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirilishi, shuningdek tegishli vositachilik haqini oʻz vaqtida toʻlanishi uchun Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankda ochilgan depozit hisobvaraqlarini yetarli miqdorda toʻldirilishini monitoring qilish;
banklar tomonidan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda protsessing markaziga mazkur banklarning BPKlari orqali amalga oshiriladigan barcha operatsiyalarni toʻxtatish haqida buyurtmanomani oʻz vaqtida taqdim etish.
Keyingi tahrirga qarang.
57. BPK orqali amalga oshirilgan operatsiyalar boʻyicha banklararo hisob-kitoblar quyidagicha yuritiladi:
a) Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankda:
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning BPKlaridan tizimga aʼzo boshqa banklarning bankomat va muassasalaridan berilgan naqd pullar boʻyicha qarzdorlik hisobi “10511 – Jismoniy shaxslarning plastik kartochkalaridan berilgan naqd pul mablagʻlari uchun boshqa banklardan olinadigan mablagʻlar” va “21012 – Jismoniy shaxslarning plastik kartochkalaridan berilgan naqd pul mablagʻlari uchun boshqa banklarga toʻlanadigan mablagʻlar” balans hisobvaraqlarida;
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning BPKlaridan tizimga aʼzo boshqa banklarning xizmat koʻrsatish obyektlarida tovarlar (ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish) uchun emitentning hisob-kitoblar boʻyicha qarzdorligi hisobi “10513 – Plastik kartochkalar orqali amalga oshirilgan toʻlovlar boʻyicha boshqa banklardan olinadigan mablagʻlar” va “21014 – Plastik kartochkalar orqali amalga oshirilgan toʻlovlar boʻyicha boshqa banklarga toʻlanadigan mablagʻlar” balans hisobvaraqlarida;
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklar Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank bilan tuzilgan depozit hisobvaraqqa xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, ularning muddati oʻtgan qarzdorligi hisobi “10597– Boshqa banklardan olinishi lozim boʻlgan – Depozitlar” (tartib raqami 666 tarzida) balans hisobvaraqlarida;
“Oʻzkart” tizimi aʼzolari boʻlgan banklarning Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankda joylashtiriladigan va oʻzaro hisob-kitoblar uchun foydalaniladigan mablagʻlari hisobi “21010 – Boshqa banklarga toʻlanishi lozim boʻlgan – Depozitlar” balans hisobvaraqlarida;
b) “Oʻzkart” tizimining aʼzolari boʻlgan banklarda:
Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankda joylashtiriladigan va oʻzaro hisob-kitoblar uchun foydalaniladigan mablagʻlari hisobi “10597 – Boshqa banklardan olinishi lozim boʻlgan – Depozitlar” balans hisobvaragʻida;
Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank oldidagi muddati oʻtgan qarzdorligi hisobi “21010 – Boshqa banklarga toʻlanishi lozim boʻlgan – Depozitlar” (tartib raqami 666 tarzida) balans hisobvaragʻida yuritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
VII bob. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning himoya qilinishi
58. “Oʻzkart” tizimi aʼzolari ularga oʻz vazifalarini bajarishi yuzasidan ishonib topshirilgan yoki maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni va bank sirini tashkil etuvchi boshqa maʼlumotlarni oshkor qilish yoki ulardan uchinchi shaxslarning manfaatida foydalanishga haqli emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
59. “Oʻzkart” tizimiga aʼzo banklar, Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank va protsessing markazi xodimlariga, shuningdek BMK va ekspertlik guruhi aʼzolariga ularga oʻz xizmat vazifalarini bajarishi yuzasidan ishonib topshirilgan yoki maʼlum boʻlib qolgan bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor qilish, shuningdek ulardan shaxsiy maqsadlarda yoki uchinchi shaxslar manfaatida foydalanish, uchinchi shaxslarga bunday foydalanish imkoniyatini bevosita yoki bilvosita, jumladan ularni saqlash tartibini buzish asosida berish taqiqlanadi.
60. BMK va ekspertlik guruhi aʼzolari ularning ushbu organlardagi faoliyati toʻxtatilganidan keyin, shuningdek Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank va protsessing markazi xodimlari ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingandan keyin ularga ish faoliyati davrida maʼlum boʻlib qolgan, bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas.
61. “Oʻzkart” tizimi orqali amalga oshiriladigan tranzaksiyalar maxsus dasturiy taʼminot asosida shifrlangan holda sir saqlanadi. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, vakolatli organlarning yozma soʻroviga asosan bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni taqdim etish ushbu maʼlumotlarning egasi boʻlgan banklar tomonidan amalga oshiriladi.
VIII bob. Yakuniy qoidalar
62. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
63. Ushbu Nizom Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasi Bosh direktori S.P. ABDULLAYEV
2012-yil 20-aprel,
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 22-son, 255-modda; 2013-y., 36-son, 481-modda; 2017-y., 28-son, 668-modda)